4.3
(23)

Bo‘gimlarda tuzlarning to‘planishi barcha odamlarda uchraydi.Ayniqsa, keksalarimizda bu holat juda ko‘p hollarda uchrab turadi. Chunki, kamharakatlik tufayli bo‘g‘imlarda tuzlar to‘planadi. Bunda og‘riq goh elkada, goh umurtqa pog‘onasida paydo bo‘lib, alomatlar, asosan, tanadagi tuz almashinuvining buzilishi tufayli yuzaga keladi. Shu bilan birga, bo‘yin umurtqalari harakati vaqtida «shiqillagan» ovozning chiqishi, quloqlardagi shang‘illagan tovushlar yoki boshda qandaydir shovqin borligi ham aynan tuz almashinuvining buzilishi asoratidir.

Bunday paytda, avvalo, shifokorga ko‘rinish va uning tavsiyasiga binoan, davo choralarini qo‘llash lozim. Siz dori-darmonlar yordamida yoki parhez tutib davolanish bilan bir qatorda, albatta, davolovchi jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishni kanda qilmang. Chunki aynan harakat bo‘g‘imlardagi tuzlarning tez haydalishiga yordam beradi.

Bu turdagi mashqlarning har birini ikki xil usul — sekin va tarang egiluvchanlik holatida 5 8 marta va tez hamda yengil harakat bilan 12 15 marta takrorlang. Egiluvchan harakatlarni o‘rganishda gantel yoki 1 kg qum solingan xaltadan foydalaning. Ularni qo‘lingizga olib, mashqlarni bajarishga kirishing va doim egiluvchanlikni saqlashga harakat qiling.

Agar harakat qilgan paytda bo‘g‘imlarda og‘riq paydo bo‘lsa, mashqlarni og‘ritmaydigan harakatlardan boshlang. Bu turdagi mashqlarni faqat o‘tirgan holda bajarish kerak. Chunki o‘tirgan paytda chanoq suyagi mustahkam o‘rnashadi va umurtqalararo birikmalar hisobiga tananing holatini yanada to‘laroq o‘zgartirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

1. Ikkala qo‘l barmoqlarini bir-biriga qo‘-shib, kaftlarni yuqoriga qaratib, bosh ustiga ko‘taring. Qo‘llarni oldinga va yuqoriga, tobora balandlatib prujinasimon harakat bilan kerishing. Qo‘llarni yon tomonga pastga tushiring.

2. Qo‘llarni ko‘krak oldida birlashtiring, tirsaklarni elkagacha ko‘taring. Tanani burgan holda tirsaklarni navbati bilan goh chap, goh o‘ng tarafga buring. Bosh va cha-noq qimirlamay tursin. Erkin nafas oling.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Oyoqlarning kaltaligi turlari, aniqlash va davolash

3. Stol suyanchig‘iga suyaning, qo‘llaringizni iyakka tegizing, tirsak yuqo-riroq tursin. Stol suyanchig‘iga tomon orqangiz bilan egiling, kerishing. Umurtqani qancha burab harakatlantirsangiz, shuncha foydali. Qo‘llarni pastga oyoq uchiga tegizib egiling, kerishing va badanni bo‘shashtiring.

4. Stulga yaxshilab suyanib o‘tirib oling. Qo‘l va oyoqlaringizni oldinga cho‘-zib, orasini oching. Oyoq va qo‘l panjalarini avval ichkari tomonga, so‘ngra tashqi tomonga aylantiring.

5. Stul chetiga o‘tiring, elkangizni to‘g‘ri tuting va qo‘lni bosh orqasiga qo‘ying, oyoqlar orasini keng ochib, erga tirang. Butun gavdangiz bilan chapdan o‘ng tomonga va aksincha, chap tomonga doiraviy harakat qiling. So‘ngra qo‘llarni tepaga ko‘tarib, barmoqlarni chalishtirib, mashqni takrorlang. So‘ngra tanani bo‘shashtirib, erkin nafas oling.

6. Stol chetiga o‘tirib, suyanchiq tomonga egiling. Oyoqlarni tepaga ko‘tarib, uning panjasini galma-gal o‘z tomoningizga va tashqi tomonga eging. Ikki oyoqda ham shu mashqni bajaring.

7. Stulda o‘tirgan holatda bukilgan oyoqlarni ko‘tarib, xuddi velosiped haydayotgandek harakat qiling.

8. Stulning o‘rtasiga o‘tirib, orqangizni to‘g‘ri tuting. Oyog‘ingizni kering, tizzalaringizda go‘yo qum solingan chelak turibdi. Chapga burilib, chelakni stulning chap tomoniga ikki qo‘llab qo‘ying. Chelakning joyini o‘zgartirib, stul suyanchig‘iga suyang. Shu tariqa bu mashqni ham takroran bajaring.

Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: