Tug‘ruqxonadan chiqqach…

Aksar yosh onalarga tanish holat – sizni go‘dagingiz bilan tug‘ruqxonadan uyga olib kelishdi, mana u uyg‘ondi, yig‘lashni boshladi, endi nima qilish kerak? Hamshiralarning va palatadagi tajribali hamxonalarning hushyor rahbarligi ostida chaqaloqni parvarishlash bo‘yicha qimmatli tajriba to‘plashga ulgurmagan ayollarni ayniqsa vahima bosadi.

Ona va bola

Ayrim ota-onalar bolaga ozor berish yoki qo‘ldan tushirib yuborishdan xavfsirab hatto uni ko‘tarishga ham qo‘rqishadi. Shunga o‘xshash xavotirlarni boshdan kechirmaslik uchun yangi tug‘ilgan chaqaloqni to‘g‘ri parvarishlashni bilish lozim.

Ovqatlantirish va uyqu

Ovqatlanish va uyqu go‘dak uchun ikki eng muhim narsadir. Bolani ko‘krak suti bilan emizish eng yaxshi hisoblanadi, bu onaga qulay va bola uchun foydalidir. Kichkintoyni “talab bo‘yicha”, ya’ni uning o‘zi so‘raganda ovqatlantirish lozim. “Rejim bo‘yicha” – har 3 soatda ovqatlantirish – o‘tmish sarqiti hisoblanadi. Odatda, birmuncha vaqtdan so‘ng chaqaloqlar o‘zlari uchun qulay (biroq qat’iy emas!) ovqatlanish rejimini o‘rnatib olishadi. Masalan, har 2 soatda emishni boshlashadi. Mana shu rejimga ota-onalar rioya qilishlari kerak.

Tunda ham kichkintoy talab bo‘yicha ovqatlanadi, shuning uchun ko‘p ota-onalar bolalar krovatini o‘zlarinikiga jipslashtirib qo‘yishadi yoki bolani o‘zlari bilan birga olib yotishadi.

Emizishlar orasidagi vaqtda chaqaloq ko‘pincha uxlaydi. Birinchi oyda bolalar sutkasiga 14–19 soat uxlashadi. Oy sayin bedorlik davrlari ortib boradi va yarim yoshga yetganda kichkintoy sutkasiga 13–14 soat uxlaydi. Bunda, agar dastlabki oylarda bolakay tun yo kunligiga qaramay har 1,5–4 soatda uyg‘onishi mumkin bo‘lsa, taxminan sakkiz oydan boshlab ko‘pgina bolalar sutka vaqtini aniqlay olishadi va kechki soat 10 dan ertalabki soat 6 gacha uxlashadi. Kunduzi esa ular 2 marta 2 soatdan orom oladilar. 1–1,5 yoshga to‘lganda kichkintoy “kattalardek” – tuni bo‘yi va kunduzi tushdan so‘ng bir marta uxlashni boshlaydi.

Uyqu paytida bolani yo‘rgaklash yoki yo‘rgaklamaslik masalasini ota-onaning o‘zi hal qiladi. Ko‘pchilik kichkintoy harakatlari bilan o‘zini uyg‘otib yubormasligi uchun bolani yo‘rgaklaydi, ayrim bolalarga shunday uxlash qulayroq. Hozir shifokorlarning aksariyati bolakayning qo‘lchalari va oyoqchalari erkin bo‘lishi kerak, chunki bu me’yordagi psixomotor rivojlanish uchun zarur deb hisoblaydi. Shuning uchun ikkinchi oydan boshlab bolaga ishtoncha kiydirgan ma’qul.

Tagliklar va gigiyena

Tagliklar bola parvarishida eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ularning zararli yoki zararsizligi yuzasidan bahslar haligacha to‘xtamagan. Tagliklarga qarshi bo‘lganlarning asosiy dalili – bolaligida taglikda yurgan o‘g‘il farzandlarda bepushtlik rivojlanishi mumkinligidan iborat. Biroq olimlar bunday emas deb hisoblashadi. Zamonaviy “nafas oladigan” tagliklar ham qiz bolalar, ham o‘g‘il bolalar uchun yetarlicha xavfsizdir.

Tabiiyki, ho‘l tagliklarni muntazam almashtirish kerak. Taglikda yurishning eng ko‘p vaqti 4–6 soatni tashkil etadi. Taglikni almashtirganda albatta kichkintoyning dumbasini yuvib, “bichilishga qarshi” krem surtish kerak. Vaqti-vaqti bilan taglikni yechib kichkintoyingizni yalang‘och dumbasi bilan yotqizib yoki bir oz emaklatib (bunisi shart emas) qo‘ysangiz bo‘ladi.

Cho‘milish

Har kuni uyqudan oldin chaqaloqni bolalar vannasida (tog‘orasida) cho‘miltirish kerak. Suvga maxsus bolalar cho‘milish vositasi (ko‘pik)ni, yorqin o‘yinchoqlarni qo‘shish mumkin. Suv iliq bo‘lishi, lekin issiq bo‘lmasligi kerak – 36–37 daraja. Agar xohish bo‘lsa, uni suzishga o‘rgatsangiz ham bo‘ladi – o‘rgatish metodikasini pediatr (bolalar shifokori) aytib beradi. Odatda kichkintoylar cho‘milishga tezda ko‘nikadilar hamda uni yoqtiradilar, axir suvli muhit ularga qorin ichidagi davrdan boshlab tanish-da. Cho‘milib bo‘lgach, charchagan bolalar juda yaxshi ovqatlanishadi va tezda uxlab qolishadi.

Sayr qilish

Bola bilan ko‘p sayr qilish kerak. Sayr qilishni jimitingiz 10 kunlik bo‘lgandan boshlash mumkin, bunda ko‘chadagi havo harorati –10 darajadan past bo‘lmasligi lozim. Birinchi sayr odatda 10 daqiqa davom etadi, keyingi har bir sayr esa 5 daqiqaga uzaytiriladi. Idealda o‘ta issiq va haddan ortiq sovuqdan tashqari har qanday ob-havoda kuniga 2-3 marta 1,5–2 soatdan sayr qilish lozim. Sovuq ob-havo bolani chiniqtiradi, iliq va quyoshli ob-havoda esa kichkintoy organizmida raxitning oldini oladigan D vitamini hosil bo‘ladi. Bolani aravachada to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida qoldirish tavsiya etilmaydi.

Boshida kichkintoyingizning sayr paytida uxlashi tabiiy holdir. Ko‘pgina onalar talay uy ishlari turganda kuni bo‘yi aravacha bilan aylanib yurishni xohlashmaydi. Shuning uchun dastlabki oylarda bolakayning ayvon yoki hovlida uxlashi masalaga zo‘r yechim bo‘lishi mumkin (lekin hamma bolalar ham harakatsiz turgan aravachada uxlashga rozi bo‘lishmaydi). Keyinroq bolakay atrof-muhit bilan faolroq tarzda qiziqa boshlaydi, o‘tirishga o‘rganadi va “rostakamiga” sayr qilishingizga to‘g‘ri keladi.

© J. Xo’jaxon.

Homiladorlik.uz nashri.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*