Tug‘ma yurak nuqsonlari

Tug‘ma yurak nuqsonlari bilan dunyoga kelgan bolalarda o‘ziga xos belgilar kuzatiladi. Ya’ni ularning yuragida shovqinlar paydo bo‘lishi mumkin, terida ko‘karishlar, rangparlik, kamqonlik, harakatdagi sustkashliklar bezovta qiladi. Bemor bolalar tengdoshlariga nisbatan jisman rivojlanishdan orqada qolishi, shuningdek organizm himoya kuchlari susayib, yuqumli va boshqa kasalliklarga ko‘proq chalinishlari mumkin.

Bugungi kunda tug‘ma yurak nuqsonlarini davolash, oldini olishga qaratilgan tadbirlar mavjud bo‘lib, bu sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va kasallikni belgilariga qarab davolashdan iborat. Jarrohlik yo‘li bilan davolash zaruriyati tug‘ilganda, ko‘pincha tug‘ma yurak nuqsonlari bilan kasallangan bolalar 3-10 yoshligida operatsiya qilinadilar.

To‘laqonli parvarish qilish orqali kasallik asoratsiz kechishiga erishish mumkin. Ularni tez-tez shamollaydigan kishilardan uzoqda tutish, har qanday nafas yo‘llari infeksiyalariga chalinsa, zudlik bilan davolash kerak.

Bola ovqatlanishiga alohida e’tibor berish va jismoniy faoliyatini boshqarish muhim o‘rin tutadi. Bemor bolaning tana harorati ko‘tarilganda to‘shakka yotqizish bilan birga vrach tavsiyasiga binoan antibiotikli muolaja qilish, shuningdek issiq oylarda va tana harorati ko‘tarilganda bola organizmi suvsizlanmasligi uchun ko‘krak yoshidagilar 800-1000 ml, undan kattalar 1500-2000 ml suyuqlik ichishlarini nazorat qilish lozim.

Tug‘ma yurak nuqsonlari bilan dunyoga kelgan bolalarga jismoniy faollikni birmuncha kamaytirgan ma’qul. Shuningdek, har bir bemorni qon aylanishini buzilishiga olib keladigan jismoniy va aqliy toliqishdan asrash, qon tomirlarini chiniqtirishga ko‘maklashadigan yengil jismoniy ishlar bajarishga imkon yaratish kerak.

Yurak nuqsonlari bilan kasallangan ayollarga farzand ko‘rish hamma vaqt ham tavsiya etilavermaydi, chunki homiladorlik davrida qorinda rivojlanayotgan bolaning kislorodga bo‘lgan talabchanligi oshadi, bu esa yurak faoliyatini yanada qiyinlashtiradi. Har qanday yurak qopqoqlari nuqsonlarida homiladorlikni sakkizinchi haftagacha albatta to‘xtatish talab etiladi.

Sog‘lom farzand ko‘rish uchun avvalo ayollarning o‘zlari sog‘lom bo‘lishlari, spirtli ichimlik ichish va tamaki chekishdan voz kechib, qandli diabet kabi og‘ir xastaliklardan saqlanishlari, yaqin qarindoshlik nikohlariga yo‘l qo‘ymaslik, xomiladorlikning dastlabki uch oyida esa virusli infeksiyalarga chalinmasliklari lozim.

Yurak nuqsonlari rivojlanishining oldini olishda revmatizm, ateroskleroz, zahm kabi kasalliklarga qarshi kurashish, shuningdek burun-og‘iz bo‘shliqlarini sog‘lomlashtirish, surunkali tonzillit va kasallangan tishlarni davolash ham muhim ahamiyatga ega.

Yurak qopqoqlari (klapanlari) va ularning yo‘llaridagi to‘qimalarda salbiy o‘zgarishlar paydo bo‘lganda, yurakda qon aylanishi buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim. Bemorni infeksiyalardan, ayniqsa revmatizm qaytalanishidan asrash, burun-tomoq yo‘llaridagi, og‘iz bo‘shlig‘idagi infeksiya o‘choqlarini aniqlab, o‘z vaqtida davolash tadbirlarini o‘tkazish muhim hisoblanadi.

Sag‘dulla IBODOV, tibbiyot fanlari nomzodi.

«Sihat-salomatlik» jurnali.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*