Trixofitiya — yuqumli zamburug‘ kasalligi

 Trixofitiya — yuqumli zamburug‘ kasalligi bo‘lib, uni Trichophyton turkumiga mansub zamburug‘lar qo‘zg‘atadi. Trixofitiya asosan teri va teri ortiqlarini (tirnoq va sochlarni) zararlaydi. Mahalliy tilda bu kasallik “temratki” ham deyiladi. Barcha zamburug‘ kasalliklari singari bu kasallik ham mavsumiylikka xos. Zamburug‘larning nam, yog‘ingarchilik oylarda ko‘payishi va o‘sishi uchun qulay sharoit bo‘lganligi uchun  yilning namgarchilik oylarida kasallikning ko‘payishi kuzatiladi. Kasallik manbai bemor yoki kasallangan uy hayvonlari (mol, qo‘y, it, mushuk va boshqalar) hisoblanadi. Shuning uchun ham chorvachilik bilan shug‘ullanuvchida kuzatiladi.

Trixofitiya

Trixofitiya

Trixofitiya kasalligining quyidagi turlari farqlanadi:

  • yuza  trixofitiya
  • surunkali trixofitiya
  • yiringli-infiltrativ trixofitiya

Yuza trixofitiya — aksariyat hollarda 5-12 yoshli bolalarda uchraydi. Asosan surunkali trixofitiya bilan og‘rigan katta yoshli bemorlardan yuqadi. Zamburug‘ bosh sochlariga tushgach, 2-3 hafta yashirin davridan keyin tangacha kattaligidagi oqimtir, yumaloq yoki ovalsimon ko‘rinishdagi dog‘lar paydo bo‘ladi. Dog‘larning yuzasi kepaksimon po‘stloqlar bilan qoplanib, shu sohadagi sochlar 2-3 mm yuqoridan sinadi. Yuza trixofitiyada zamburug‘lar zararlangan soch ichida joylashadi. Yuza trixofitiyada soch bilan birga terining o‘zi ham shikastlanadi, bunda terida  avvaliga pushti-qizil yumaloq yoki oval shakldagi kepaklanuvchi dog‘lar paydo bo‘ladi. Chegarasi aniq bo‘lib, chekkalari biroz ko‘tarilib turadigan to‘g‘nog‘ich boshidek keladigan tuguncha va pufakchalar paydo bo‘ladi. Ular birikib har xil shakllarni hosil qiladi. Bu kasallikda tirnoqlar ham zararlanib, xira tortib mo‘rtlashib, notekis va g‘adir-budur bo‘lib qoladi.

Surunkali trixofitiya — asosan kattalarda uchrab, klinik ko‘rinishi batamom o‘zgacha tus oladi. Boshda chegarasi noaniq kepaksimon po‘st tashlab turuvchi oqimtir dog‘lar hamda singan sochlarning o‘rni qora dog‘ bo‘lib ko‘rinadi. Ular davolanmasa kasallik manbai bo‘lib yuraveradi. Yoshi kattalarda markaziy nerv sistemasi  va ichki sekresiya bezlari faoliyatining o‘zgarishi zamburug‘larga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli kattalarda bu kasallik o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishi ham mumkin. Lekin ichki sekresiya bezlari faoliyatida, xususan tuxumdonlarda biror illati bo‘lgan ayollarda bu kasallik surunkali tus olib, yillar davomida bezovta qiladi. Kasallik ayollarda ko‘proq uchrab, boshning sochli qismi, silliq teri va tirnoqlarning birga zararlanishi bilan kechadi. Boldir, tizza, tirsak, dumba sohalarida bir-biriga qo‘shilishga moyil bo‘lgan, po‘st tashlab turadigan, binafsha rangli dog‘lar paydo bo‘ladi. Oyoq-qo‘l kaftlarining terisida yallig‘lanish belgilarisiz, po‘st tashlab turadigan kasallik o‘choqlari vujudga keladi. Boshning chakka va ensa sohalarida sochlar tagidan sinib, qora nuqtalar hosil qiladi. Shu sohalarda po‘st tashlagan zararlanish o‘choqlari, sochsiz atrofiyaga uchragan joylar ham kuzatiladi.Kasallik uzoq kechadi, bu paytda bemorlar yosh bolalar uchun kasallik manbai bo‘lib qolishlari mumkin.

Yiringli-infiltrativ trixofitiyalar  — bularni zoonoz  Trichophytonlar (hayvon zamburug‘lari) qo‘zg‘atadi. Kasallik buzoq, sigir, ot, qo‘y va itlardan yuqadi. Hayvonlarda kasallik ancha yengil o‘tadi, lekin odamlarda og‘ir kechadi. Kasallik yuqqanidan keyin 2-3 hafta o‘tib bemorning bosh terisida yiringli tugunchalar paydo bo‘ladi, ular bosib ko‘rilsa yiring chiqadi. Yiringlagan sohadan “ari uyasi” ni eslatuvchi yiringli ajralma ajraladi. Bemorlar boshidan mog‘or hidi kelib turadi. Yiringli sohadan sochlar osongina to‘kilib ketadi. Bemorlar sog‘aygandan keyin o‘sha sohalarda soch siyrak, kam chiqib, joyi bilinib turadi. Zamburug‘lar terini ham shikastlab, bunda terida dumaloq halqlar hosil bo‘ladi. Zararlanish ochiq joylarda, asosan bo‘yin, bilak va yuzda uchraydi.

Yuqorida keltirilgan holatlar kuzatilsa darhol teri-tanosil shifokoriga (dermatovenerologga) murojaat qilish lozim. Trixofitiyaning yuqorida keltirilgan barcha shakllari  teri-tanosil kasalliklar dispanserida statsionar sharoitda davolanishga muhtoj hisoblanadi.

Afsuski, aksariyat bemorlar uylarida o‘zboshimchalik bilan turli davo-muolajalar o‘tkazishi oqibatida kasallikning yiringli-infiltrativ shaklida, ya’ni mutaxassis shifokorga kasallikni o‘tkazib yuborgandan keyin murojaat qilish hollari hanuzgacha uchrab turibdi. O‘tkazib yuborilgan vaqt esa albatta o‘z so‘zini aytmay qolmaydi. Shunday ekan,  teri sohasida o‘zgarishlar kuzatilganda fursatni qo‘ldan boy bermay shifokorga murojaat qilish lozimligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz.

© M. XUDOYNAZAROV, Dermatovenerolog.

© «Salomatlik sandig‘i» gazetasi.

Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*