El sog‘ligi — yurt boyligi

TORCH haqida nimalar bilishimiz kerak?

Ko‘pincha ayrim homilador ayollarning homilasi infeksiya sababli chala tushibdi yoki uning ichida rivojlanmay nobud bo‘libdi, deb eshitib qolamiz. Bunga TORCH infeksiyasi sabab bo‘ladi, deyishadi. Ular qanday viruslar bo‘ldi?

Toksoplazmoz

Toksoplazmoz – asab tizimini zararlaydigan, jigar va taloqning kattalashishi va limfa bezlarining o‘zgarishlari bilan kechadigan parazitli kasallikdir. Ayrim kishilarda bu kasallik belgilarsiz o‘tadi.

Organizmda immun javobning rivojlanishi natijasida qonda parazitlar kamayadi. Ammo parazit sistalari to‘qimalarda saqlanib qoladi. Bu sistalar organizmning immun tizimi sustlashganda qayta faollashishi mumkin (masalan, OIVni yuqtirgan homilador ayollarda). Kasallik qo‘zg‘atuvchisi tashqi muhitda 200 S haroratda 3 kungacha saqlanadi. Quritish, tik tushadigan quyosh nuri va yuqori haroratga ular chidamsiz bo‘ladi.

Birlamchi kasallik manbai mushuklar hisoblanadi. Odam, mushuk va itlardan tashqari barcha sut emizuvchi hayvonlar va qushlar toksoplazmoz bilan kasallanishi mumkin. Mushuklar ichagidan ajralib chiqadigan toksoplazma sistalari tuproqqa tushadi va suv, shamol, transport g‘ildiraklari orqali atrofga tarqaladi. Tuproq bilan ifloslangan yemish bilan bu sistalar boshqa qishloq xo‘jalik hayvonlari organizmiga va ularning go‘shtlari orqali odam organizmiga tushadi.

Insonning toksoplazmoz bilan zararlanishi odatda alimentar yo‘l bilan yuzaga keladi: xom yoki yetarli termik ishlov berilmagan go‘sht, ayniqsa, quyon va qo‘y go‘shtlarini iste’mol qilganda (masalan, go‘sht qiymasini ta’mini tatib ko‘rganda), odam qo‘li qum, tuproq bilan ifloslanganda va mushuklarni parvarish qilganda yuqadi.

Toksoplazmalar bilan homiladorlik vaqtida yo‘ldosh orqali homila ham zararlanishi mumkin. Infeksiyaning onadan bolaga o‘tish xavfi homiladorlikning oxirgi bosqichlarida yuqori bo‘ladi. Hazm qilish a’zolari parazitning kirish darvozasi hisoblanadi. Qo‘zg‘atuvchi qonga ingichka ichakdan so‘riladi va butun organizm bo‘ylab tarqaladi. Parazitlar asosan jigar, taloq, limfatik tugunlar, asab tizimi, yurak, skelet mushaklarini zararlantiradi. So‘ngra immunitet shakllana borishi bilan sista hosil bo‘ladi va ular organizmda o‘nlab yillar hatto, umr bo‘yi saqlanib qolishi mumkin.

Tug‘ma va orttirilgan toksoplazmoz farq qilinadi. Tug‘ma toksoplazmozning o‘tkir shakli og‘ir o‘tadi: jigar va taloqning kattalashishi, toshmalar paydo bo‘lishi bilan kechadi. Ko‘pchilik bolalarda ensefalit va ko‘zning zararlanishi kuzatiladi. Bunday toksoplazmoz surunkali shaklga o‘tganda ensefalit asoratlaridan gidrotsefaliya (bosh hajmining kattalashishi) ko‘proq kuzatiladi. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, toksoplazma yuqtirgan kishilarning yurish-turishi birmuncha o‘zgaradi. Ko‘proq ularda reaksiyalarning sustligi va o‘ziga ishonchsizlik hissining namoyon bo‘lishi xarakterlidir. Orttirilgan toksoplazmozda isitma, bosh og‘rig‘i, mushaklarda og‘riq va limfatik tugunlarning kattalashishi kuzatiladi.

Kasallikka tashxis qo‘yishda xastalik belgilari va laboratoriya usullari qo‘llaniladi. Toksoplazmoz bilan kasallangan bemorlarni davolash kompleks tarzda amalga oshirilishi lozim.

Uy hayvonlaridan ayniqsa, mushuklar bilan muloqotda bo‘lmaslik, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, xom va yetarli darajada termik ishlov berilmagan go‘shtni iste’mol qilmaslik ushbu dardning yuqishining oldini oladi. Bu qoidalarga ayniqsa homiladorlik vaqtida qa’tiy rioya qilish muhim.

Toksoplazmoz haqida ushbu maqola orqali ham o‘qishingiz mumkin: Toksoplazma – xavfli yo‘lovchi

Qizilcha

O‘tkir virusli infeksiya bo‘lib, mayda dog‘li toshma, isitma va homilador ayollarda homilaning zararlanishi bilan kechadi. Kasallik manbai odam hisoblanadi. Qizilchaning klinik ko‘rinishlari namoyon bo‘lgan bemor yoki kasallik toshmalarsiz kechayotgan kishilar hamda tug‘ma qizilcha bilan xastalangan bolalar organizmida virus ko‘p (1,5 yil va undan ham ziyod) vaqt davomida saqlanishi mumkin.

Bu kasallik aslida kichik yoshdagi bolalarga xos. Biroq, hozirda bemorlarning yarmidan ko‘pini 9 yoshdan yuqori bo‘lgan xastalar tashkil qiladi. Tug‘ruq yoshigacha 75-85 foiz ayollar qizilcha bilan og‘riydi va odatda bu dardga qarshi bir umrlik immunitet hosil bo‘ladi. Qizilchaga qarshi vaksinatsiya 1969 yildan emlash kalendariga kiritildi. Shundan keyin uning uchrash ko‘rsatkichi aholining jon boshiga 1: 100 000 gacha kamaydi. Virus organizmga nafas yo‘llari orqali tushadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi toshma toshishidan 7-10 kun oldin burun-halqumdan ajralib chiqa boshlaydi. Unga qarshi immunitet paydo bo‘lishi bilan (toshmaning 1-2 kunlari) infeksiyaning organizmdan ajralib chiqishi to‘xtaydi.

Kasallikning yashirin davri 15-24 kun. Boshlang‘ich davri esa bir necha soatdan bir kecha-kunduzgacha davom etadi.

Tana haroratining ko‘tarilishi, quruq yo‘tal va ko‘zning qizarishi xastalikning o‘ziga xos belgilaridandir. Bu dard avj olgan davrda bo‘yinning orqa, ensa, quloq orti limfa bezlarining kattalashishi kuzatiladi. Kattalashgan bezlar esa qattiqlashadi va ular paypaslab ko‘rilganda og‘riq seziladi. Kasallikka xos bo‘lgan belgilardan yana biri yasmiq (chechevitsa doni) kattaligida hosil bo‘ladigan och qizil rangdagi toshmalardir. Toshmalar qichishish bilan kechadi. Ko‘pincha ular oyoq va qo‘llarning yoziluvchi yuzalari hamda qorin va ko‘krakda paydo bo‘ladi. Ayrim hollarda taloq kattalashadi, og‘iz bo‘shlig‘ida qizil dog‘lar shaklida toshmalar paydo bo‘ladi. Ayrim hollarda qizilcha hech qanday belgilarsiz ham kechishi mumkin.

Qizilchaga tashxis qo‘yishda ma’lum qiyinchiliklar mavjud. Bu qiyinchiliklar ushbu dardning klinik ko‘rinishlarining ko‘pligi va ularning ko‘p kasalliklarga o‘xshashligidir. Xastalikka tashxis qo‘yishda laboratoriya usullari muhim ahamiyatga ega. Agar inson o‘z vaqtida emlansa, bu kasallik bilan umuman og‘rimasligi mumkin.

Virus ona organizmida homilaning benuqson o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Uning markaziy asab tizimining zararlanishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, homilaning katarakta, glaukoma, karlik, yurak yetishmovchiligi va boshqa tug‘ma nuqsonlar bilan rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Bugungi kunda kattalarda uchraydigan Alsgeymer (aqli zaiflik) kasalligiga bolalikda boshdan o‘tkazilgan qizilcha sabab, degan faraz mavjud

Sitomegalovirus infeksiyasi (SMVI)

Hozirgi vaqtda dunyoning barcha mamlakatlarida keng tarqalgandir. Ayniqsa, oxirgi o‘n yillikda sitomegalovirus qo‘zg‘atadigan kasalliklar ko‘p uchray boshladi.

Zararlangan organizmdan virus peshob, so‘lak va ko‘z yoshi orqali ajraladi. Onadan bolaga virus so‘lak orqali ham yuqishi mumkin. Kattalar uchun ham, bolalar uchun ham kasallik manbai bemor yoki virus tashuvchi bo‘lishi mumkin.

Mazkur infeksiyada homila rivojlanish bosqichining dastlabki davrida uning zararlanishi uchun katta xavf tug‘iladi. Ushbu virusni yuqtirgan bemorda o‘tkinchi sariqlik, jigar va taloqning kattalashishi kuzatiladi. 10-30 foiz holatda virus yuqtirgan bolalarda eshitish asab tolasining atrofiyasi va aqliy zaiflik kuzatiladi.

Jinsiy yo‘l orqali kasallik ko‘p tarqaladi. Shuningdek, uning havo-tomchi yo‘li orqali yuqish xavfi ham ma’lum. Qon yoki qon mahsulotlarini quyish, to‘qima va a’zolarni ko‘chirib o‘tqazish ham bu dardning yuqishida asosiy omildir.

Tug‘ma tarqalgan SMVI teri va shilliq qavatlarda turli toshmalar, ichki a’zolar va bosh miyaga qon quyilishi, kamqonlik, jigar, taloq va buyraklarda kasallik o‘choqlarining hosil bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Shu bilan birga ko‘zning zararlanishi ham kuzatiladi.

Kasallikka tashxis qo‘yish jarayoni ancha qiyin kechishi mumkin. Homilador ayollarda qayta homila tushishi hollari kuzatilganda va chaqaloq o‘lik tug‘ilganda organizmda virusning yashirin holatda mavjudligi haqida gumon qilish mumkin. Tashxis qo‘yish laboratoriya tekshiruvlari asosida amalga oshiriladi.

Yuqorida keltirilgan jarayonlarning yig‘indisi jigar ichida rivojlanadigan xolestazga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shuni ta’kidlash zarurki, surunkali kechadigan SMVli gepatitda o‘t suyuqligining dimlanishi (xolestaz) belgilari (sariqlik, qichishish) asosiy rol o‘ynaydi.

Xastalikni davolashda hozircha virusga qarshi yuqori samarali dori yo‘q. Bugungi kunda unga qarshi istiqbolli kimyoviy dori vositalarni ishlab chiqarish va klinik sinovdan o‘tkazish bo‘yicha ilmiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Gerpetik infeksiya

Bu qator kasalliklar guruhini o‘z ichiga oladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra oddiy gerpes virusi qo‘zg‘atadigan kasallik virusli infeksiyalar sabab bo‘ladigan o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi yoki uning antigenlari 80-90 foiz antitelolar esa deyarli 100 foiz katta yoshdagi kishilarda aniqlanadi. Ulardan 10-20 foizigina kasallikning klinik belgilari bilan kechadi.

Hozirgi vaqtda fanda 90 ga yaqin gerpes viruslariga ta’rif berilgan: ulardan beshtasi odamdan ajratib olingan. Oddiy gerpes virusi 1 (HSV-1), oddiy gerpes virusi 2 (HSV-2), sitomegalovirus (CMV), suvchechak virusi / suvli temiratki virusi (VZV) va Epshteyn-Barr virusi (EBV)dir.

Kasallikning yashirin davri 2 kundan 12 kungacha (ko‘pincha 4 kun) davom etadi. Gerpetik toshma odatda og‘iz bo‘shlig‘i atrofida, lablarda, burun qanotlarida uchraydi. Bemorlar zararlangan teri sohasining achishishi va terining qichishishidan shikoyat qiladi. Gerpes virusining herpes gladiatorum shakli terining katta sohasini zararlaydi. Toshma joyida qichishish, achishish va og‘riq paydo bo‘ladi. Keng tarqalgan toshmalar kuzatilganda tana haroratining ko‘tarilishi (38-39°S gacha) hamda holsizlik va mushaklarda og‘riq kuzatiladi. Toshmalar asosan yuz terisida, qo‘llarda va tanada uchraydi. Limfa tugunlari kattalashadi va ular paypaslaganda og‘riq seziladi.

Genital (jinsiy a’zolar atrofidagi) gerpes homilador ayollar uchun katta xavf tug‘diradi. Ko‘zning gerpetik infeksiya ta’sirida zararlanishi ko‘pincha 20-40 yoshlardagi bemorlarda ko‘proq uchraydi. Bu holat insonning ko‘r bo‘lib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Gerpetik infeksiya AQSHda virusli ensefalitlarning eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biridir (20 foiz ensefalitlarning sababi gerpetik infeksiyadir).

Gerpetik infeksiyaning visseral (ichki a’zolarga tegishli) shakllari ko‘pincha o‘tkir pnevmoniya va gepatit ko‘rinishlarida namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga qizilo‘ngachning shilliq qavatlari zararlanadi. Gerpetik pnevmoniya (zotiljam) virusning traxeya va bronxlardan o‘pka to‘qimasiga tarqalishi tufayli vujudga keladi. Gerpetik gepatit immun tizimining faoliyati pasaygan kishilarda ko‘p uchraydi. Bunda tana harorati ko‘tariladi, teri va shilliq qavatlarda sariqlik paydo bo‘ladi. Tarqalgan gerpetik infeksiya teri va shilliq qavatlarning zararlanishi, gerpetik ensefalit yoki meningoensefalit, gepatit, ayrim hollarda esa pnevmoniya rivojlanishi bilan kechadi. Bugungi kunda gerpesga qarshi maxsus dorilar qo‘llanilmoqda.

Boshqa infeksiyalar

TORCH tushunchasiga kiradigan infeksiyalarga har xil kasalliklar kiradi. Ular asosan homilaga juda jiddiy zarar yetkazish xususiyatlarini e’tiborga olgan holda mazkur guruhga kiritilgan. Hozirgi paytda other tushunchasiga quyidagi infeksiyalar kiritilgan: xlamidioz, mikoplazmoz va boshqalar.

Xlamidiozlar xlamidiy guruhiga mansub mikroblar qo‘zg‘atadigan yuqumli kasalliklardir. Inson uchun uch turdagi xlamidiylar xavfli hisoblanadi: Chlamydia trachomatis, Chlamydia pneumoniae va Chlamydia psittaci. Xlamidiozlar jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar, pnevmoniya, faringit va boshqa kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Xlamidiya traxomatis jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklardan biridir. Peshob yo‘llari a’zolarining xlamidiyali infeksiyalari urogenital xlamidioz deb nomlanadi. Erkaklarda Chlamydia trachomatis prostatit, uretrit, ayollarda esa kichik tos a’zolarining yallig‘lanish kasalliklarini chaqiradi. Bundan tashqari ikki jins vakillarida ham bu turdagi xlamidiyalar artritlar (bo‘g‘imlar yallig‘lanishi)ni keltirib chiqarishi mumkin.

Mikoplazmoz – bu mikoplazmalar – bakteriyalar, zamburug‘lar yoki viruslar oralig‘ida joylashgan mikroblar qo‘zg‘atadigan o‘tkir yoki surunkali yuqumli kasallikdir. Inson organizmida 14 turdagi mikoplazmalar bo‘lishi mumkin. Jami uch turdagi – Mycoplasma hominis va Mycoplasma genitalium (jinsiy va peshob yo‘llari kasalliklari qo‘zg‘atuvchilari) va mycoplasma pneumoniae – nafas yo‘llari infeksiyalari qo‘zg‘atuvchilari inson organizmida kasallikni keltirib chiqarishi mumkin. Homiladorlarda uchraydigan mikoplazmoz – og‘ir kasallik bo‘lib, homilaning chala tushishi yoki homiladorlikning cho‘zilishi, hamda tug‘ruqdan keyin bachadon yallig‘lanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, TORCH guruhiga kiritilgan kasalliklarni erta aniqlash, davolash va profilaktika o‘tkazish – xastaliklarning turli asoratlarini oldini olishda samarali va muhim tadbirlardandir.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Skrining markazlar vazifalari nimalardan iborat?

© Allabergan BAYJANOV,
Samarqand viloyati klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori.

Nargiza YARMUXAMЕDOVA,
tibbiyot fanlari nomzodi.

«Sog‘lom avlod» gazetasi.
Soglom.uz

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.