3.4
(5)

Kishi keksaygani sayin hazm a’zolarining taomlarni qayta ishlash (gidrolizlash yoki fermentlar yordamida parchalash) hamda so‘rish qobiliyati pasayib boradi. Organizmning oqsillarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda qiyin hazm bo‘ladigan go‘sht va go‘sht mahsulotlari, no‘xat, loviya, mosh o‘rniga baliq va sut, qatiq, smetana, pishloq kabi bir muncha oson hazm bo‘ladigan mahsulotlarni iste’mol qilgan ma’qul. Boz ustiga baliq va sut mahsulotlaridagi yog‘ ham unchalik xavfli emas.

ovqatlanish

Kichik maslahat

Keksalarning har xil konservalar bilan taomlanishini iloji boricha kamaytirish maqsadga muvofiq. Chunki mahsulotlarni (baliq, go‘sht, poliz va sabzavot, meva-chevalar va boshqalar) konservalangan holiga o‘tkazish ko‘pincha kislotali muhitda (ph ko‘rsatgichi 7 dan past bo‘lganda) amalga oshiriladi. Bunday ovqatlarni surunkali iste’mol qilish esa oxir-oqibat qon reaksiyasini kislotali tomonga buradi. Bu hol keksa kishilarda qator noxush holatlar (qon quyuqlashishi, qon shaklli elementlarining bir –biriga yopishib kapillyar qon tomirlaridan qiyin oqib o‘tishi va boshqalar)ga olib keladi. Bordiyu konservalar bilan taomlanishga to‘g‘ri kelganda ular ko‘katlar (ko‘k piyoz, shivit, kashnich va boshqalar) bilan iste’mol qilinsa aytilgan kislotali muhitning zarari kamaytiriladi.

Kundalik taomlar

Organizmning barcha oziq moddalarga bo‘lgan talabini qondirish uchun kundalik taomlarning xilma-xil bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Masalan doim bir xil non yeyishdan ko‘ra arpa, makkajo‘xori, tariq, so‘li qo‘shib tegirmondan o‘tkazilgan undan tayyorlangan non iste’mol qilish organizm uchun makro- va mikro elementlar bilan ta’minlanishda ancha foydali. Xuddi shuningdek turli-tuman ko‘katlardan, sabzavot va poliz mahsulotlaridan salatlar tayyorlab iste’mol qilishda ularning bargi va poyasidan ham foydalanish (masalan, sabzi, lavlagi va boshqalar) ahamiyatli. Lavlagi barglarida inson uchun kerakli madanli moddalar, vitaminlar uning poyasiga nisbatan ko‘p bo‘ladi.

Har kuni iste’mol qilinadigan meva-cheva, sabzavot va poliz mahsulotlarining umumiy miqdori 800-900 g yetkazilishi keksa va qariyalar ovqatlanishining ratsionallashgan bo‘lishida muhim o‘rin tutadi. Ushbu mahsulotlarga bo‘lgan kunlik talab o‘rtacha 500-600 g qilib belgilangan bo‘lsada organizmning keksaya borishi bilan ko‘p hollarda vitaminlar, mineral va boshqa biologik faol moddalarning oshqozon-ichaklarda kam so‘rilishi meva-cheva, poliz va sabzavotlar miqdorini qayd qilingan miqdorgacha ko‘paytirishni taqoza qiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Jismoniy mashq - davolovchi kuch

Aytish joizki, yoz va kuz fasllarida aytilgan mahsulotlardan kuniga kerakligidan ko‘proq ham iste’mol qilinadi (tarvuz, qovun, uzum, olma va boshqalar). Lekin aytib o‘tilgan ko‘rsatgichga yil davomida erishish kerak. Ayniqsa qish va bahor fasllarida qator obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra ushbu mahsulotlar miqdori keskin kamayib ketadi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun oshqovoq, karam, sabzi, sholg‘om zahira qilish ulardan kundalik ovqatlanishda keng ko‘lamda foydalanish lozim.

Tartib muhim

Pala–partish, shosha-pisha to‘g‘ri kelgan paytda taomlanaverish keksa va qariyalarda hazm a’zolari faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Gap shundaki oshqozonga tushgan ovqat to‘liq ichaklarga o‘tib, yana ovqatlanish ishtiyoqi paydo bo‘lganida taomlanish kerak. Aks holda, oshqozonda ovqat borligida yoki taomlanishga ishtaha bo‘lmasi turib ovqatlanilsa hazm a’zolarining odatdagi faoliyati buziladi (hazm qiluvchi shiralar tegishli tarkib va miqdorda ajralmaydi va boshqalar).

Doimo belgilangan muddatda (nonushta, tushlik, kechki ovqat) ovqatlanish vaqtga nisbatan shartli refleks hosil qiladi va shu paytga kelib ovqat qabul qilinmasada hazm shiralari ajralishi boshlanadi. Ovqatni suzish uchun qilingan harakatlar, tovushlar (qoshiq, tovoq, cho‘mich, shovqini) bu jarayonni kuchaytiradi va yeyilgan ovqat benuqson yaxshi hazm bo‘ladi. Bu borada buyuk Abu Ali ibn Sinoning “Vujud uchun eng zararli narsa me’dada ovqat yetilmasdan va hazm bo‘lmasdan turib yana ovqatlanishdir”, deganlarida katta hikmat bor.

Uzoq umr garovi

Har bir keksa va qariya sihat-salomatligi, uzoq umr ko‘rishini ta’minlashi uchun yoshlik davrida taomlanishga nisbatan bo‘lgan ayrim odat va o‘rganishlaridan (shosha-pisha, vaqti-bevaqt to‘g‘ri kelgan taomlarni oz-ko‘p iste’mol qilish va boshqalar) voz kechib taomlar tarkibida sut, qatiq, pishloq, baliq, go‘sht, kepagi olinmagan qora yoki jaydari non, ko‘katlar, meva-cheva, rezavor mevalar, poliz va sabzavot mahsulotlari, o‘simlik yog‘larining yetarli bo‘lishiga erishishi va bir vaqtning o‘zida tuxum, baliq ikrasi, shirinliklar, oq un qo‘shib tayyorlangan pishiriqlar, tort, achchiq choy, quyuq kofe kabi oziq moddalarni esa cheklangan miqdorda iste’mol qilishga o‘tishi kerak.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ma’lumotlarni saqlab qolishning eng foydali usullari

Qo‘y, mol charvisi, miyasi, yog‘li go‘sht, dudlangan va tuzlangan baliq, konservalarni nihoyatda kam miqdorda iste’mol qilish yoki butunlay yemaslik, yuqori quvvatli spirtli ichimliklardan tamoman voz kechish lozim. Taomlanish tartibiga (ovqatlanish vaqti, miqdori, suyuqliklar iste’mol qilish qoidalari va boshqalarga) rioya qilish ham keksalar va qariyalar taomlanishining ratsional bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.

© Shoniyoz QURBONOV,
biologiya fanlari doktori, professor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.