Kichkintoy parvarishi (2-qism)

Emlashdan keyin kelib chiqadigan holatlar

Emlashdan keyingi holatlar organizmning javobli reaktsiyasi hisoblanadi. Ko‘pincha bolada injiqlik, haroratning ko‘tarilishi, emlangan joyda qizarish, og‘riq kuzatiladi. Ko‘pincha AKDS reaktsiyasi vaktsinani olganda kuzatiladi. bolani emlash

Bu holat 2-5 kunda o‘tib ketadi. Agar muolaja qilingan joyda tugun hosil bo‘lsa, 20-30 kundan keyin o‘tib ketadi. Harorat ko‘tarilganda paratsetamol tabletkasi beriladi. Dori miqdorini shifokor belgilaydi. ( Aloqador maqola: Emlash — farzandingiz sog‘ligining garovi )

Bir yoshgacha bo‘lgan bolaning o‘sishi va rivojlanishi

Odatda bolalar har xil rivojlanadi. Vaqti kelib ular kulish, o‘tirish, yurishni o‘rganadilar. Har oy shifokor huzuriga borib, bolaning bo‘yi, og‘irligi, jismonan o‘sishini kuzatib boring.
Bola o‘sishining eng tez muddati
1 yilning birinchi choragiga to‘g‘ri keladi. Bo‘yining umumiy o‘sishi 12 oyligida 25 sm. atrofida. Bola tana vaznining ko‘payishi notekis bo‘lib, 5 oyligida 2 marta ko‘paysa, yil oxiriga borib 3 baravar ko‘payadi.
1 oylik bola turli xil ishoralarga kuladi. 2 oyligida qornida yotib boshini tuta biladi, qo‘l-oyoqlarini o‘ynatadi. 3-4 oyligida o‘yinchoqlarni o‘zi olib, qo‘lida ushlab turadi. 3-5 oylikda bola orqasidan qorin sohasiga aylanadi. 5-7 oyligida mustaqil o‘tira oladi. 6-8 oyligida birovning yordami bilan tik tura oladi. 6-9 oyligida emaklaydi, suyuqlikni piyoladan icha oladi. 8-10 oyligida birovning yordami bilan yura oladi. 9-11 oyligida mustaqil tik tura oladi, qiyin bo‘lmagan so‘zlar «av-av», «ada» deya oladi. 10-12 oyligida mustaqil yura boshlaydi. Oddiy so‘zlar zaxirasi 10 taga yaqin bo‘ladi.

Sizning bolangiz duch keladigan ba’zi muammolar

Nima uchun bolalar ko‘p yig‘laydi?

Yig‘i – bu bola kattalarni o‘ziga qaratish holatidir. Qachonki bola och qolsa, tagi ho‘l bo‘lsa, bir joyi og‘risa yoki kim bilandir gaplashishni istasa yig‘lashi mumkin. Ko‘pincha yig‘lashning asosiy sababi ichaklarda gaz almashinuvining buzilishidir. Buning uchun bola qornini soat yo‘nalishi bo‘yicha bolalar malhami bilan uqalash tavsiya qilinadi.

yig'lash

Gazni haydash uchun bolani qorni bilan yotqizish kerak. Agar bola hech qanday sababsiz yig‘lasa, uni chalg‘itish uchun ashula aytishga, she’r o‘qishga, har xil qiliqlar qilishga kirishing. Bolaga qarashga opa-akalarini jalb qiling. Bu sizga nafaqat osoyishtalik yaratadi, balki kelajakda ularning bir-biriga mehribonchiligiga asos bo‘ladi.

Qusish

Erta davrda bolada qusishga moyillik bo‘ladi. Qusish vaqtida sut burun xalqumidan o‘rta quloqqa o‘tib, yallig‘lanishni keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa quloq og‘rishiga sabab bo‘ladi. Buning oldini olish uchun bolani beshikda emas, balki qo‘lga olib emizish, emizganda ham bolaning boshini bir oz ko‘tarish kerak.
Bola emayotgan paytda yutgan havoni kekirib chiqarib yuborishi uchun, uni qisqa muddat tikroq qilib ko‘tarib yurish tavsiya qilinadi; bunda uning elkasidan pastrog‘iga astagina urib qo‘yish ham mumkin.

Issiqlik va bichilish

Issiqlik toshishi – ko‘pincha gigiena qoidalariga rioya qilmaslik va haddan tashqari isib ketish natijasida kelib chiqadi. Issiqlikning badandagi ko‘rinishi mayda qizil nuqtachalardan iborat. Bolani iliq suvda cho‘miltirish issiqlikni davolashda yordam beradi. Qizarish ko‘pincha dumba, chov va tabiiy teri bo‘g‘malarida paydo bo‘ladi. Bu holat – terining ifloslanishi, siyish, ich ketishi, terini yaxshi parvarish qilmaslik natijasida yuzaga keladi. Dastlabki bichilish va teridagi qizarish, keyinchalik yiringchali teri kasalliklariga aylanishi mumkin. Buning oldini olish uchun bolani vaqti-vaqti bilan cho‘miltirib turish va artish kerak.

Boshning sochli qismida qazg‘oq

Qazg‘oq – ter va yog‘ bezlaridan chiquvchi qalin sarg‘imtir po‘stloqdan iborat. Ko‘pincha bu holat ko‘p terlash, noto‘g‘ri ovqatlanishdan kelib chiqadi. Qazg‘oq hosil bo‘lishining oldini olish uchun cho‘milishdan 30 daqiqa oldin boshning sochli qismiga tozalangan o‘simlik yog‘i surtiladi. Cho‘miltirish vaqtida bu po‘stloqchalar tez ko‘chadi. Agar soch ko‘p bo‘lsa, ajralgan po‘stloqchalarni yuvishdan oldin sekinlik bilan artish kerak. Bu muolajani har safar ehtiyotkorlik bilan bajarish lozim.

Tishlarning yorib chiqishi

Bolaning birinchi sut tishlari 6-8 oylikda yorib chiqadi. Tishlarning yorib chiqish belgilari – yorib chiqayotgan tishlarning milkida shish va qizarishlar ko‘rinishidir. Bolada so‘lak ajralishi kuchayadi. U bezovta, injiq, qo‘liga tushgan buyumlarni og‘ziga solib, milklarini qichiydi. Ko‘pincha tana harorati ko‘tarilishi kuzatiladi, lekin harorat 37,7o C dan oshmaydi.

tish yorib chiqishi

Odatda, bu yoshdagi bolalarda haroratning ko‘tarilishi va axlatning suyuqlanishi tish chiqishi bilan bog‘liq bo‘ladi, deb noto‘g‘ri fikrga boriladi. Bunday holatda albatta shifokor bilan maslahatlashish shart!
Bu parvarish turlariga qaramasdan, bola kasal bo‘lishi mumkin. Shifokor qachon chaqirishi va qaysi vaqtda bu holatdan chiqa olishingizni bilishingiz kerak.

Agar farzandingizda quyida ko‘rsatilgan belgilarning birortasi yoki ulardan bir nechtasi kuzatilganda, tezda shifokorga murojaat qilish kerak!

  • Bolaning bezovtaligi yoki to‘xtovsiz yig‘lashi;
  • Bola xirillashli, tezlashgan, qi¬yinlashgan, shovqinli nafas olishi;
  • Tutqanoq xurujlari bo‘lishi;
  • Haroratning ko‘tarilishi (38,5 C dan baland);
  • Haroratning pasayishi (35,5 C dan past);
  • Emishdan bosh tortishi;
  • Qusish holatining paydo bo‘lishi;
  • Ich ketishi (diareya);
  • Go‘dak terisining rangi o‘zgarishi va toshma paydo bo‘lishi;
  • Ko‘zdan suyuq yoki yiringli ajralma kelishi;
  • Kindik atrofining qizarishi, undan suyuq yoki yiringli ajralma chiqishi;
  • Axlatda qon va shilimshiqning paydo bo‘lishi;
  • Bolaning tashqi ta’sirlarga befarq¬ligi.
    Har qanday kasalliklar va ularning asoratlarini vaqtida oldini olsangiz, farzandlaringizning sog‘lom o‘sishiga ko‘maklashgan bo‘lasiz!

Raxit nima?

Raxit – vitamin Dning etishmasligi natijasida kelib chiqadigan kasallikdir. Raxit bilan kasallangan bolalarda qo‘rqoqlik, ta’sirlanuvchanlik, injiqlik, holsizlik kuzatiladi. Ko‘p terlash, ayniqsa, emizgan vaqtda ter tomchilarining yuzda paydo bo‘lishi yoki uyqu paytida ensa sohasining terlashi kuzatiladi. Bolani bosh qichishi bezovta qiladi, u boshini yostiqqa ishqalaydi, buning natijasida ensa sohasidagi sochlar to‘kiladi.
Bu holatning oldini olish uchun toza havoda sayr, ona suti bilan boqish, parvarishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim. Shifokor maslahati bilan vitamin Dni qish va kuz oylarida berish kerak. ( Aloqador maqola: Bolangizni raxitdan asrang )

Diatez nima?

Diatez – bola organizmining muhim holati bo‘lib, moddalar almashinuvining buzilishi natijasida kelib chiqadi. Ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini (ko‘pincha sut, tuxum, asal, tsitrus mevalar, shokolad, qulupnay) ko‘tara olmaslik holatlari kuzatiladi.

diatez

Teridagi o‘zgarishlar bola hayotining birinchi haftalarida, ayniqsa, ikkinchi yarim yillikda, ovqatning har xil bo‘lishida kuchli namoyon bo‘ladi. Bu o‘zgarishlar 3-5 yildan so‘ng yo‘qoladi. Belgilari yonoqda, qosh tagida sariq rangli dog‘lar yuzaga keladi, teri qizarib ko‘chishi, boshning sochli qismida po‘stloqchalarning yuzaga kelishi kuzatiladi. ( Aloqador maqola: Diatez kasallikmi? )

Diareya nima?

Diareya (ich ketish) – bu ko‘pgina holatlarda ovqat mahsulotlarining tarkibi va ovqatlanish tartibi o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lgan hazm faoliyatining buzilishidir. Diareya asosan kasalliklarga qarshi kurash faoliyati susaygan bolalarda kelib chiqadi. Belgilari: sutkasiga 5-6 mahal suyuq ich o‘tishi, ich o‘tishining tez-tez bo‘lishi, bolaning bezovtaligi, qo‘zg‘aluvchan yoki uyquchan bo‘lishi, ko‘zlarining ichga botishi, chanqash. Agar bola suyuqlikni tutoqib ichsa yoki yaxshi ichmasa, axlatida qon bo‘lsa tezda yordam ko‘rsatish va ovqatlanishni tartibga solish maqsadida vrachga murojaat qilish zarur. ( Aloqador maqola: Bolalarda diareya kasalligi )

Gipotrofiya nima?

Gipotrofiya surunkali oziqlanishning buzilishi, tana og‘irligining yo‘qolishi bilan kechadi. Asosiy sabablari: onada sut miqdorining etishmovchiligi, noto‘g‘ri emizish, sun’iy sutli bo‘tqalarni uzoq vaqt davomida berish, chala tug‘ilish, to‘yimsiz va bir xil ovqat, yomon parvarish, tartibning buzilishi, toza havoda kam yurish, oshqozon-ichak kasalliklaridir. Belgilari: bolada vaznning yo‘qolishi, bo‘y va rivojlanish keskin orqada qolishi kuzatiladi. Teri oqimtir, osiluvchan, quruq, burmali bo‘lib qoladi.

Displaziya nima?

Displaziya – bola ona qornidaligida chanoq son suyagi to‘qimalarining to‘liq rivojlanmaganidan kelib chiqadigan holatdir.
Siz bunday bolalarni qanday qilib aniqlashingiz mumkin?displaziya

  • Oyoq uzunligining har xilligi;
  • Orqa tomondan qaraganda bolaning dumba va son sohasidagi teri burmalari assimetrik yoki bir tomonda burmalarning yo‘qligi;
  • Oyoqlarini qimirlatganda bolaning injiqlik qilishi;
  • Tovonning tashqi tomonga qarashi.

Fimoz nima?

Ba’zan o‘g‘il bola tug‘ilganda oxirgi teri olat boshchasini yopib qo‘yadi. Fimoz – bu teri olatni siqib qo‘yishi natijasida olat boshchasining chiqishi qiyinlashuvidir. Siydik chiqishi buzilmagan, shikastlar bo‘lmagan bo‘lsa – fiziologik fimoz deyiladi. Bu holat o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi.
Tavsiyalar – bolani chiniqtiring!

  • Bolaning jinsiy a’zosi doimo toza bo‘lishi lozim;
  • Fimoz bo‘lsa bolalar jarrohidan maslahat olish kerak;
  • Ko‘p hollarda tashqi terining yallig‘lanishi, olatning qizarishi, tashqi terining ichki qismida yiring ajralishi, siygan vaqtda og‘riq kuzatiladi. Bunday hollarda ham shifokorga murojaat qilish kerak.

Bolangizning xavfsizligi haqida o‘ylang

Bolangiz o‘sishi bilan, atrof-muhitdagi har bir narsa unga qiziq tuyuladi, chunki u o‘zini o‘rab turgan muhit haqida hech narsa bilmaydi. Siz bolangizga biror narsani man qilishingiz, lekin bola man qilingan narsani kechroq anglab etishi mumkin. O‘z oldingizga savol qo‘ying: «Uyda bolangizni qanday qilib xavfdan asrashingiz mumkin?» Birinchi navbatda uyingizdagi xavf¬li joylarni qidirib toping.
Bolalik yoshidagi shikastlanishlarning asosiy sabablari:

  • tepalikdan sakrash;
  • buyumlarning bola ustiga tushishi;
  • kuyishlar;
  • har xil turdagi zaharlanishlar;
  • nafas yo‘liga yot jismning tushishi.

Doimo esda tuting!

Bolangizning qo‘lidan hamma narsa keladi. Bola emaklashni boshladimi, uni yolg‘izlatib qo‘ymang. Katta bolalar zimmasiga ham yuklamang. Ko‘pincha bolaning barmoqlari eshik tirqishiga kirib qolishi mumkin, elektr rozetkalarni maxsus yopqich bilan yopish kerak. Bolalar o‘tkir buyumlarni ushlab olishi mumkin. Og‘ir jismni ustiga tushirib yuborishi, issiq choy yoki qaynoq suvni ustiga to‘kishi mumkin.
Bolaning yutish refleksi tug‘ilgandan boshlab yuzaga kelib, bola hamma narsani og‘ziga olishi mumkin. Og‘ziga jismlarni solishi 5 oylikdan boshlanadi, nimani topsa ta’mini bilgisi keladi. Bu bola hayotiga yoki sog‘ligiga xavf solishi mumkin. Bolangizni bu xavflardan asrang!
Bola hayotining birinchi yili ajoyib yildir. Ko‘zimizning oldida, qisqa muddat ichida sizning kichik, yordamga muhtoj bolangiz yangi qiliqlarni chiqaradi – yurishni, gapirishni, o‘z-o‘zini boshqarishni o‘rganadi. O‘z bolangizdan quvoning, u bilan ko‘proq muloqotda bo‘ling, o‘ynang, iloji boricha u bilan suhbatlashing.
Biz sizga va bolangizga baxt hamda sog‘lik tilaymiz! Salomat bo‘ling!

Ushbu maqolaning boshini o‘qish→

«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*