Ikkala tizzam nega qaqshab og‘riydi?

“Ikkala tizzam qaqshab og‘riydi, nima qilsam bu azobdan qutulaman” deb shikoyat qilguvchilar ko‘p. Bu holat ko‘pincha yoshi kattalar va ayollarda uchraydi. Bu og‘riqlarning sabablari ikkala tizzada moddalar almashinuvi buzilishi, kalsiy tuzlari to‘planishi, zax joylarda uzoq ishlash, lat yeyishi kabi holatlardir.

Qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

Bunday bemorlar qiynalib o‘tirib-turishadi, uzoq yura olishmaydi yoki oqsoqlab yurishadi, yurganda ikkala oyoq tosh osgandek og‘irlashib boradi, chordana qurib o‘tirganda uvishib qoladi, ba’zan muskullar tortishib qotib qoladi. Bunday bemorlarda, ayniqsa ayollarda oyoq tomirlarining varikoz tipda kengayishi ham kuzatiladi, oyoqlarda shishlar kuzatiladi. Ular ikkala oyoqning sovuq tortib yurishiga shikoyat qilishadi, yozda ham issiq paypoq kiyib yurishadi. Ikkala oyoqqa issiq juda yoqadi va og‘riqlarni ham kamaytiradi. Biroq oyoq tomirlarida varikoz kengayish va shishlar bo‘lsa, issiqlik muolajalari mumkin emas.

Tizzam qaqshab og‘riyversa, nima qilish lozim?

Bemor vrach tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilishi va bu kasallikning sababi aniqlanishi kerak. Ikkala tizza raqamli rentgen yordamida tekshiriladi, qonda laborator tekshiruvlar qilinadi. Ko‘p hollarda kompyuter tomografiya shart bo‘lmaydi. Ba’zida hamma tekshiruvlar toza chiqadi, biroq ikkala tizza qaqshab og‘riyveradi. Bunday bemorlar vrach tekshiruvidan o‘tgach radon yoki oltingugurt vannali sanatoriyalarga borishsa, issiq qumga ko‘milishsa, tuzalib ketishadi. Katta yoshga yetganda tizza og‘riqlariga uchramaslik uchun, yoshlik davrida sport bilan shug‘ullanish lozim.

Prof. Ibodullayev Z.R.
«Asab va ruhiyat» kitobi.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*