El sog‘ligi — yurt boyligi

Tibbiyot oliygohlariga maqsadli qabul qay tartibda amalga oshirilmoqda?

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvda bundan buyon tibbiy ta’lim tizimida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi, xususan ushbu yildan boshlab hududlar bo‘yicha maqsadli qabul boshlanishi haqida ma’lum qilgan edi.

Keyinchalik 2017 yil 5 may kuni “2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasining tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga davlat grantlari asosida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlandi.

2017 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda maqsadli qabul bo‘yicha tartib belgilandi.

Bugungi kunda tibbiyot oliygohlari birinchi bor yangi tartibda abituriyentlardan hujjat qabul qilishmoqda. Qabul komissiyasi hujjat topshirish chog‘ida abituriyentlardan arizasida maqsadli qabul bo‘yicha topshirmoqchimi yoki kontrakt asosidami, shunga aniqlik kiritishni so‘rashmoqda.

Davlat test markazi saytida maqsadli qabul joylariga topshirilgan hujjatlar alohida, hududlar kesimida ko‘rsatib borilmoqda.

maqsadli qabul

O‘z-o‘zidan birinchi marta bo‘layotgan tartib bo‘yicha aholida ko‘plab savollar, tushunmovchiliklar paydo bo‘lmoqda. Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev o‘z saytida bu borada eng ko‘p berilayotgan savollarga javob berishga harakat qilgan.

Maqsadli qabul uchun hudud bo‘yicha doimiy propiska asosida qabul qilinadimi?

Nizomning 10-bandiga asosan, maqsadli qabulda qatnashmoqchi bo‘lgan abituriyentlar tegishli hududda yashayotgan bo‘lishi lozim. Agar doimiy propiskasi o‘sha hududda bo‘lsayu, lekin maqsadli qabulga tushmaydigan hududda yashayotgan bo‘lsa, unda o‘sha abituriyent maqsadli qabulda qatnasha olmaydi.

Maqsadli qabulga o‘sha hududdagi litsey yoki kollejni tugatgan bo‘lishi shartmi?

Eng ko‘p berilayotgan savol aynan mana shu bo‘lmoqda. Sababi ko‘plab viloyatlik yoshlar o‘rta maxsus ta’limni Toshkent shahrida olishgan. Ayniqsa tibbiyot yo‘nalishida. Ammo Toshkent shahri uchun maqsadli qabul ajratilmagan. Ya’ni Toshkent shahridagi tibbiyot kollejlari va akademik litseylarni tugatgan abituriyentlar, garchi asli doimiy yashash manzili viloyatlarda bo‘lsa ham, davlat granti asosida qabul qilinmaydi, ular uchun faqat to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoni mavjud.

Nizomning 10-bandiga muvofiq tegishli hududlarga ajratilgan maqsadli qabul kvotalariga faqat tegishli hududda yashayotgan va hududning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari tomonidan berilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar hujjat topshira oladi.

Demak, xulosa shundayki, surxondaryolik o‘smir Toshkent shahri yoki boshqa hududda o‘qigan bo‘lsa, Surxondaryo viloyati uchun ajratilgan joyga hujjat topshira olmaydi.

Agar maqsadli qabulga topshirgan abituriyentning to‘plagan balli davlat grantiga yetmasayu, lekin kontraktga kirish uchun yetsa, unda kontrakt asosida qabul qilinadimi?

Ha, qabul qilinadi. Nizomning 3-bandiga asosan, maqsadli qabul tanlovida qatnashib davlat granti asosida qabul qilinmagan abituriyentlar mazkur ta’lim yo‘nalishida to‘plagan test ballari bilan umumiy to‘lov-kontrakt doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.

© Xushnudbek Xudayberdiyev.
Xushnudbek.uz

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.