Teri leyshmaniozining oldini olish

Teri leyshmaniozi – endemik, parazitar, yuqumli transmissiv kasallik bo‘lib, uning vujudga kelishi uchun albatta, infeksiya rezervuaridan (bemor odam yoki hayvon) moskit (infeksiya tashuvchi) qon bilan birga kasallik qo‘zg‘atuvchisini (Leishmania tropica) yutib olishi kerak va keyinchalik bu infeksiya tashuvchi sog‘ odamni chaqib, unga yuqtirishi mumkin.

Etiologiyasi. 1898 yilda Toshkent harbiy gospital shifokori P. F. Borovskiy tomonidan kasallik qo‘zg‘atuvchisi aniqlangan. Keyinchalik Hindistonning turli shaharlarida ishlayotgan ingliz olimlari Leyshman va Donovan bir-biridan va P. F. Borovskiyning ishlaridan bexabar holda visseral leyshmaniozi qo‘zg‘atuvchisini aniqlagani uchun kasallik ular nomi bilan Leishmania donovani deb nomlandi. Ingliz olimlari P. F. Borovskiyning ilmiy natijalari bilan tanishganidan keyin teri leyshmaniozi qo‘zg‘atuvchisi uchun Borovskiy tanachalari degan sinonim atamani kiritganlar.

Epidemiologiyasi. Leyshmaniozga qarshi kurashdagi yutuqlarning asosiy qismi mamlakatimiz olimlari va mutaxassislari nomlari bilan bog‘liq. Visseral va teri leyshmaniozining shahar turlari to‘liq yo‘qotilgan bo‘lsada, teri leyshmaniozining qishloq turi bugungi kunda kemiruvchilar yashaydigan cho‘l, qumlik vohalarida uchraydi. Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim cho‘l vohalarida, asosiy infeksiya saqlovchilari ichidan ko‘proq qizil dumli qumsichqon va nozik oyoqli yumronqoziqni ko‘rsatish mumkin. Ulardan odamga o‘tuvchi, qon so‘rib olish vaqtida infeksiyani yuqtiradigan, kasallikni tashuvchi sifatida chivin (moskit) Phlebo-to-mus papatachi tan olindi. Avval ko‘p tarqalgan teri leyshmaniozining bugun kam uchrashiga asosiy sabab, kasallikning epidemiologik zanjirini aniqlab, uni uzishga qaratilgan keng qamrovli harakatlar bo‘ldi.

Klassifikatsiyasi. Teri leyshmaniozining shahar turi (sinonimlari birinchi tip, kech yaralanadigan, ashxabadka, kokandka, yil yarasi), qishloq turi (ikkinchi tip, o‘tkir nekrozlanadigan, pendinka, murg‘ab yarasi) va uchinchi tip yoki tuberkuloid xillari farqlanadi.

Klinikasi. Moskitning qon so‘rib, terini jarohatlagan joyida keyinchalik inkubatsion davr o‘tib kasallikka mos toshmalar, ya’ni leyshmaniomalar paydo bo‘ladi. Odatda, moskit bir chaqqanda, sakrab-sakrab terining bir necha joyidan qon so‘radi va har chaqqan joyida leyshmanioma yuzaga kelib, bemor terisida bittadan bir necha yuztagacha leyshmanioma ko‘zga tashlanadi. Leyshmaniomalar soniga qarab epidemiologik holatga u yoki bu darajada baho berish mumkin.

Leyshmaniozning qishloq turi qisqa 2-3 haftalik inkubatsion davrdan keyin, terida birinchi kuni o‘tkir yallig‘lanish belgilari bilan kechadigan furunkulsimon tugun yoki shahar leyshmaniozidagidek do‘mboqchalar bilan boshlanishi mumkin. Bu leyshmaniomaning markazidan 1-2 hafta o‘tgach nekroz hosil bo‘lib, bu yerda notekis, chuqur chegarali yara vujudga keladi. Yaraning shakli noto‘g‘ri oval bo‘lib, notekis tubi sar¬g‘ish-kulrang nekrotik parda bilan qoplangan bo‘ladi. Paypaslaganda yara tagida va yaqin atrofida xamirsimon bo‘sh infiltrat aniqlanadi. Ayrim holatlarda, qo‘shimcha jarohat oqibatida bemor og‘riqning zo‘rayganidan shikoyat qilishi mumkin. Leyshmaniomadan bir necha santimetr uzoqlikda, mayda tugunchalar (“bugorki obsemeneniya”) paydo bo‘lib, yara kattayadi va keyinchalik bir-biriga qo‘shilib ketishi mumkin. Leysh¬maniozning ikki turiga ham og‘riqsiz regionar limfa tomirlarning yallig‘lanishi xarakterlidir va ularning ustki qismi notekisligi bilan tasbehni eslatib turadi (“tasbeh simptomi”).

Yomon yara

Yomon yara

Leyshmaniozning qishloq turida yaralar tezda (2-3 oy) 4-6 sm. va undan kattaroq bo‘lib, atrofida ko‘tarilib turgan valiksimon infiltrat (halqa) bilan ajralib turadi. Keyinchalik yara nekrozlardan tozalanib, ustida baliqning qizil tuxumlarini eslatadigan granulyatsiyalar rivojlanadi va yuqoriga o‘sib ketadi. Bemorda “baliqning qizil ikrasi” simptomiga xos ko‘rinish rivojlangani – yaralar tezda yaxshi bo‘lib ketishining belgisi sifatida baholanadi.

Yara o‘rnida paydo bo‘lgan chandiq, ko‘p yillardan keyin ham bemorning leyshmanioz bilan kasallanganini ko‘rsatib turadi. Terining bu qismi chandiq shtamp qo‘yilgandek aniq chegarali, usti tekis va yaltiroq, chegara qirrasi notekis festonsimon, atrofida vaqtinchalik giperpigmentatsiya ham bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, o‘tkir nekrozlanadigan qishloq leyshmaniozida birinchi toshmalar vujudga kelgandan boshlab, to yaralar bitgunicha 2-3 oydan 5-6 oy o‘tishi mumkin. Shahar leysh¬maniozida bu davr o‘rtacha bir yilga teng bo‘lib, oldindan ko‘p xalqlar bu kasallikni “yil yarasi” deb atab kelishgan.

Immunitet paydo bo‘lishi. Shahar xili bilan kasallangan bemor ikkinchi turiga yo‘liqishi ehtimoldan holi emas. Qishloq xili bilan kasallangan bemor odatda, boshqa turiga chalinmaydi.

Profilaktikasi. Kasallanish faqat yilning issiq, chivinlar ko‘p uchadigan oylari, ya’ni may, noyabrda ko‘proq qayd qilinadi. Kasallikning oldini olishga qaratilgan turli tadbirlarda asosiy e’tibor, faqat aniqlangan epidemiologik zanjirlarni buzishga qaratilishi lozim. Ya’ni, qishloq leyshmaniozida infeksiya rezervuari bo‘lmish kemiruvchilarni yo‘q qilmoq zarur yoki infeksiya tashuvchisi moskitlarni qirib tashlash kerak va sog‘ odamlarni bu chivindan himoya qilish lozim. Mutaxassis bor imkoniyatlarini va hududdagi epidemiologik holatni ko‘zda tutib harakat qilishi zarur.

Epidemiologik zanjirni tugatishda quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish lozim:

  1. Kemiruvchi hayvonlar tarqalgan joylarni ko‘zdan kechirib, kovaklarni xlorpikrin, sianidlar bilan zaharlash usuli bilan yo‘qotish;
  2. Chivinlar yashaydigan tur¬g‘un suv hovuzlariga insektitsidlar (DDT, tiofos, geksoxloran) bilan ishlov berish;
  3. Sog‘ odamlarni pashshaxona bilan himoya qilish, repellentlar (“Tayga” malhami, chinnigul yog‘i, dimetilftalat, kerosin, ayrim efir yog‘lar)ini ishlatish;
  4. Kasallangan insonda umrbod saqlanadigan immunitet mavjudligini ko‘zda tutib, endemik hududlarga chiqib ketishni mo‘ljallagan (ekspeditsiya) odamlarga turli emlash usullari taklif qilinyapti.

© Ilhom RAHIMOV, tibbiyot fanlari nomzodi.

© «O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash» gazetasi.

Avitsenna.uz saytida mavuzga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*