Temiratki — qaytalanuvchi dard (Mutaxassis maslahati)

Temiratki-tashqi ko‘rinishi, kechishi va keltirib chiqaruvchi sabablari turlicha bo‘lgan ko‘pchilik teri kasalliklarini ifodalovchi atama. Qichishib ustki qismi kipiklashib turadigan har xil toshmalar qadimdan temiratki deb atalgan. Qizil yassi temiratki, pushti temiratki, yuzdagi oddiy temiratki, psoriaz-kipikli temiratki, trixofitiya-qirma temiratki, tukli temiratki va shu kabilar uchrab turadi.

temiratki

Photo: malhamuz.blogspot.com

Psoriaz — “tangachali temiratki” keng tarqalgan kasallik bo‘lib yuqmaydi.Ma’lumki, har qanday sog‘lom odamda ham epiteliy (terining yuza qavatini)ning nobud bo‘lgan qismi ko‘chib tushishi ro‘y beradi. Biroq psoriazda bunday holat yallig‘lanish bilan birga kechadi yirik-yirik tangasimon ko‘rinishda bo‘ladi. Shuning uchun ham psoriazning bu ko‘rinishi xalq tilida “tangachali temiratki” deyiladi. Psoriaz-temiratkida zararlanish o‘chog‘idagi hujayralar juda tezlik bilan me’yordan 10 barobar tezlikda ko‘paya boshlaydi. Natijada eski qatlam ko‘chib tushishiga ulgurmaydi va yig‘ilib, kulrang, oqish rangdagi toshmalarga aylanib qoladi. Terining zararlangan qismi po‘st tashlaydi, ba’zan qichishadi, toshmalar asosan tirsak va tizzada uzoq vaqt turib qoladi.

“Tangachali temiratki” hamma yoshdagi odamlarda, jumladan 10 yoshdan boshlab 50 yoshdagi odamlarda uchrashi mumkin. Kasallik dastlab terida mayda pushti yo qizg‘ish tugunchalar hosil bo‘lishi bilan va ularnig usti oqish kumushrang po‘stloq bilan qoplanadi. Tugunchalar asta-sekin kattalashib biri-biri bilan qo‘shilib ketadi. Gohida badanning hamma joyini qoplashi mumkin. Buni qarkalgan temiratki yoki eritrodermiya deyiladi.Bunda bemor uzini juda yomon xis kiladi, istmalaydi, ba’zan limfa tugunlari kattalashadi. Tangachali temiratki ko‘pincha teri burmalarida boshda yuzda uchraydi. Zararlangan joylardan ancha katta parchalar ko‘chib tushadi.

Boshning sochli qismidagi temiratki ko‘p hollarda belgisiz kechib tana bosh qichishmaydi. Kasallik, odatda o‘smir bolalarda uchraydi.

Sababchilar…

Angina, gripp, o‘tkir resperator kasalliklar, gohida gijjalar ham kasallik kelib chiqishiga turtki bo‘lmoqda. Katta yoshli kishilarda esa asabiy-ruhiy iztiroblar, intoksikatsiya (organizmning zaxarlanishi),  qandli diabet singari holatlar psoriazning rivojlanishiga olib kelmoqda. Ekologik omillar ham bunda katta rol o‘ynaydi.

Temiratkining har xil turlari mavjud bo‘lib, boshda, tirnoqda, bo‘g‘inlarda yiringli va suvli bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari temiratkining yozgi va qishkisi ham bo‘ladi. Temiratki boshda paydo bo‘lganda avval moshdek kichik-kichik tugunchalar xosil bo‘ladi. Keyinchalik ular kattalashib bir-biriga qo‘shilib ketadi. Natijada so‘mlik tangadek va undan kattarok tugunchalar teridan ko‘tarilib, ularning usti sargish kepaksimon kipiklar bilan qoplangan bo‘ladi. Tugunchalar ba’zan qichishib bezovta qiladi. Tugunchalar paydo bo‘lgan joyda soch rangi o‘zgarmaydi va to‘kilmaydi. Boshga tushgan kipikli temiratki boshning sochli qismida yoki soch bilan terining chegarasida ham paydo bo‘ladi. Kipikli temiratkining tarqalgan turi yoki eritrodermiya kasallikning og‘irroq turlaridan hisoblanadi. Bunda bemorning butun badanida oldin tugunchalar paydo bo‘ladi. Bir necha kundan keyin ular bir-biriga qo‘shilib terisining hamma joyini qoplab oladi. Bunda teri qizaradi, yallig‘lanadi, qichishadi, tortishadi, gohida tirishadi. Terining ustki qismida oq patga o‘xshash kipiklar juda ko‘p bo‘ladi. Bunda tana harorati ko‘tarilishi,bosh og‘rig‘i, gohida darmonsizlik, a’zoi badani qaqshab og‘rishi, shu paytda birov bilan gaplashgisi kelmaydi, bemorning uyqusi buzilib oshqozon-ichak faoliyati izdan chiqadi. Lekin bu belgilar 5-6 kun ichida o‘tib ketadi.

Bo‘gimlarda uchraydigan psoriaz, kasallikning atopik turi hisoblanadi. Temiratkining bu turida asosan bo‘g‘inlar shikastlanadi.Oldin bo‘g‘inda mayda tugunchalar paydo bo‘lib, bular qo‘shilib kattalashadi. Bo‘g‘inda og‘riq boshlanadi. Bo‘g‘in biroz shishadi. Gohida og‘riydi uni qimirlatish ham qiyinlashadi.

Bitta yoki bir necha bo‘g‘in shikastlanishi mumkin. Ko‘pincha tizza va qo‘l bo‘g‘inlarida uchraydi. Bemor yurganda va o‘tirib turganida shikastlangan bo‘g‘inda og‘riq kuchayadi, o‘tirib turish qiyinlashadi. Masalan, qo‘l panjasi bo‘g‘inlari shishadi, qizaradi, kattalashadi va og‘riydi.

Pushti temiratki

Pushti temiratki esa terining infeksion kasalligi: turli yoshdagi kishilarda kuzatiladi. Qo‘zg‘atuvchisi noma’lum. Dastlab terida oq, och pushti rang mayda dog‘lar paydo bo‘ladi, ular yumaloq, oval shaklda ham bo‘lishi mumkin. Oradan 4-18 kun o‘tib dog‘lar badanning xiylagina qismini egallaydi. O‘rtasi qazg‘oqlanib turadi. Bunda bemorning umumiy ahvoli o‘zgarmasligi ham mumkin. Keyinchalik dog‘lar qo‘ng‘ir tus olib oradan 4-7 hafta o‘tgach o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi.

Tukli temiratki esa asosan qo‘l-oyoqlarda, dumba sohasida uchraydi. Bu joylarda ichida tuk bo‘lgan ustki kipikli, ushlab ko‘rilganda qo‘lga qattiq unnaydigan mayda kulrang tugunchalar paydo bo‘ladi. Ko‘proq bolalarda kuzatiladi. Kasallangan teri quruq, g‘adir-budur bo‘ladi. Soch fallikulalarida muguzlanish jarayonining buzilishi oqibatida vujudga keladi. Kasallikka xos alomatlar bola 2-5 yoshligida yuzaga kelib, balog‘atga yetgan paytda kuzga tashlanadi. Kasallik aksariyat hollarda qishda qo‘ziydi.

Psoriaz nasl suradi…

Psoriaz nasl ham suradi. Ota-ona, bobo-buvilarning birortasi psoriaz bilan og‘rigan bulsa, farzand, nabiralarda ham shunga moyillik kuzatiladi. Bemorlar asosan organizmlarini chiniqtirib, yog‘lar, uglevodlar va xom konsentratlar yemasliklari kerak. Alkogol va tamaki chekmasliklari, dori preparatlarini kam iste’mol qilib, iloji bo‘lsa tabiat ne’matlarini va dorivor giyohlarni iste’mol qilganlari ma’quldir.

Profilaktika uchun…

Kasallikning oldini olish uchun yoz oylarida ochiq suv havzalarida cho‘milish, oftobda toblanish, soya-salqin joylarda hordiq chiqarish kerak, shuningdek, sovuq tushgan pallada sovuq suvdan ehiyot bo‘lib anginasi bor bemorlar anginasini davolatishi shart. Chunki ko‘p hollarda anginasi bor bemorlar kasallikka chalinish hollari uchrab turibdi. Kasallik rivojlangan pallada vrach dermotologga zudlik bilan murojaat qiling.

Bundan tashqari bemorlarga sanatoriy va kurortlarda dam olishlarini tavsiya qilamiz. Chimyon, Qiziltepa, Chortoq, Toshkent, Sochi, Pyatigorsk, Sernovodsk kabi sanatoriy-kurortlar mavjud bo‘lib, bemorlar borib davolanishlari mumkin. Biroq sanatoriyga o‘z bilganlaricha bormasdan, shifokor ko‘rigidan o‘tib borsalar (yo‘llanma bilan) maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Foydali tavsiyalar…

  • Sitron-limonning siqib olingan suvini temiratkiga surkash foydalidir, yoki olxo‘ri yelimi yaralarni bitiradi, sirka qo‘shib ishlatilsa temiratkini to‘kadi va yo‘qotadi.
  • Odam siydigi yaralangan qo‘tirni va qichimani tuzatadi. Albatta bemor o‘z siydigidan foydalanishi kerak. Bundan tashqari shu siydik temiratkini tarqalishiga to‘sqinlik qiladi.
  • Inson o‘z so‘lagini yangi chikkan temiratkiga kuysa foydasi tezda bilinadi.
  • Jolinusning ta’kidlashicha, kaptar va tuvdo tezaklari temiratkilarni davolashda ishlatiladi, guruch bilan oziqlantirgan mayna tezagi esa butkul temiratkini yo‘qotadi.
  • Agar yovvoyi zaytunni yelimi bo‘lsa, uni olib yangi temiratkiga surkalsa, tag-tugi bilan to‘kib yuboradi.
  • Uy sharoitida no‘xat yog‘ini olib temiratkiga surtilsa, 2 haftada temiratkini quritadi. Tog‘-u toshlar va bog‘larda o‘sadigan Xummoz ya’ni qo‘ziquloqni (shovul) olib ildizi bilan ozgina quritib tanaga bog‘lansa, tanadagi temiratkini to‘kadi. Oddiy oltingugurtni olib uni ehtiyotkorlik bilan sirkaga yoki salidorga aralashtirib badanni yangi chiqqan temiratki joylariga surtilsa foydasi tezda yuzaga chiqadi.
  • Uyda o‘sadigan selderey (petrushka)ni olib uni yaxshilab yanchib, surtma tayyorlab, temiratkiga qo‘yilsa, 15-20 kunda nafi bilinadi.
  • Bozordan 100 g bodom yog‘i sotib olib, unga 50 g sharob va 50 g asal qo‘shib malham dori tayyorlab, 6-8 kun salqin joyda saqlab, badandagi temiratkiga surtilsa nafi tez bilinadi.
  • Gazako‘tni sariyog‘ va asalga qo‘shib temiratkiga qo‘yilsa, foydasi yaxshi bo‘ladi.
  • Asalni achchiqtosh bilan qo‘shib, temiratkiga surtilsa foydasi bilinadi.
  • Agar turpni asal bilan qo‘shib sirka bilan aralashtirib, temiratkiga qo‘yilsa, uni to‘kadi.
  • Rovoch ildizini sirkaga qo‘shib surtilsa, temiratkini to‘kadi.

Qaytalanishiga sabab…

Psoriazning xavfli tomoni shundaki, u davolangandan so‘ng maa’lum vaqt o‘tib qaytalanishi mumkin. Bemor kasalxonadan tuzalib chiqadi, lekin ancha-muncha vaqtdan keyin yana shu dard bilan og‘rishi kuzatiladi. 40 foiz kasallikning qaytalanishiga sabab kuchli asabiy-ruhiy zo‘riqishdir. Asab qattiq buzilganda miyada psoriazga turtki beruvchi qo‘zg‘alish o‘chog‘i yuzaga keladi va kasallik organizmga «yoppa» yopishadi. Bemor albatta biz aytgan tadbirlarga amal qilishi kerak. Jumladan, davolanish jarayonida qovurilgan yog‘li ovqatlar, kabob, qazi, tuxum, sut iste’mol qilishi mumkin emas. Yana do‘kon masulotlari, qahva, kakao, tvorog, sariyog‘, hamma ho‘l mevalar va sabzavotlar, poliz masulotlari, faqat suvi qochgan va qattiq non ham zararsizdir. Qo‘y go‘shti, yog‘i, mol yog‘i mumkin emas. Bemor chanqaganda qatiq zardobini yoki ko‘k choy ichishi mumkin. Qora choy umuman mumkin emas.

Maqola muallifi “Malham” tabobati markazi rahbari, professor Abduqodir Sattorov. Tavsiyalarni qo‘llashdan oldin dermatolog bilan yoki “Malham” tabobati markazi mutaxassislari bilan maslahatlashing! Tavsiyalarni mustaqil, mutaxassis nazoratisiz va maslahatisiz qo‘llash mumkin emas.

  • “Malham” tabobati markazi telefon raqami +998-90-987-9-987; +998-91-611-0-611.
  • Elektron pochta: malham53@gmail.com
  • Rasmiy web-sahifa: http://malhamuz.blogspot.com

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*