Talabalar taomnomasi

Talabalar organizmi yoshi, ta’lim jarayoni va yashash sharoitiga qarab o‘ziga xos xususiyatga ega. Ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlarda berilgan o‘quv yuklamalarini o‘zlashtirish, turli xil masalalarni yechish va hal qiluvchi bosqich – imtihon jarayoni asabiylik holatini sezilarli darajada oshiradi. Imtihon oldidan kuchli hayajonlanish va imtihon vaqtida nafas olish, qon bosimi ko‘tarilishi hamda tomir urishini tezlashishi kuzatiladi.
Ayniqsa, boshlang‘ich kurs talabalari organizmiga birlamchi turmush tarzidagi o‘zgarishlar katta ta’sir ko‘rsatadi. Berilayotgan ma’lumotlar hajmining ko‘payishi, quyi ta’lim muassasalari yuklamalariga qaraganda ko‘proq talab qo‘yilishi, o‘z vaqtini mustaqil taqsimlay olmaslik va turmush tarzini to‘g‘ri tashkillashtira bilmaslik ruhiy yuklamaning oshishiga olib keladi.
Yoshlar organizmida hali shakllanib ulgurmagan fiziologik jarayonlar mavjud, bu birinchi navbatda neyrogumoral tizimi bo‘lib, ular ovqat ratsioni muvozanati buzilishiga sezgir bo‘lishadi. Qishloq joylaridan katta shaharlarga kelib ta’lim oluvchilar ovqat tarkibining o‘zgarishi ular organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunga sabab qishloqda ovqat ratsioni tarkibida ko‘proq o‘simlik mahsulotlari mavjud. Unda kolbasa, oliy navli un mahsulotlarining ko‘payishi ichak harakati susayishiga va qabziyatga olib keladi. Ko‘p talabalar o‘qish davrida ovqatlanish tartibini buzishi oqibatida ularda «yoshlar xastaligi» nomini olgan ovqat hazm qilish tizimi kasalligi rivojlanadi.
Darsni o‘zlashtirish va ovqatlanish tartibi orasida bog‘liqlik aniqlangan: agar talaba och qorin bilan darsga kelsa, ularda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘zlashtirish sustlashadi. Qator ilmiy kuzatuvlarga ko‘ra, qoniqarli bahoga o‘qiydigan talabalarning 60 % ikki, yaxshi bahoga o‘qiydiganlarning 80 % uch martalik ovqatlanish tartibiga rioya qilishgan.
Texnika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarda yuklamalar asosan hisob — kitob, chizma jadvallarni bajarish jarayonida zo‘riqish ko‘proq ko‘rish tizimiga tushadi.
Talabaning ovqatlanish madaniyatiga rioya etishining eng oddiy usuli, bu o‘z vaznini nazorat qilib turishidir. Vaznning ortiqchaligi yoki yetishmovchiligi asosiy salomatlik ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Talabalar ovqatlanishni muvofiqlashtirishda quyidagi tavsiyalarga amal qilishlari lozim:

  • Ovqat ratsionida sifatli tabiiy mahsulotlar, ya’ni yangi sabzavot va mevalar, sut va baliq bo‘lishi kerak;
  • Ovqat ratsionini tuzishda talabalar organizmining o‘ziga xos xususiyatlari va yashash sharoiti hisobga olinishi zarur. Kunda to‘rt marta ovqatlanish maqsadga muvofiq va kunlik iste’molning 25 % nonushta, 35 – 40 % tushlik, 10 – 15 % tolma choy va 25 % – kechki ovqat bo‘lishi kerak. Ovqatlar xilma — xil bo‘lishi va kunning ma’lum bir vaqtida ovqatlanish zarur. Kechki ovqatlanish uyqudan 2 — 3 soat oldin bo‘lishi kerak. Sharbat, konfet, olma – bular alohida (qo‘shimcha) ovqatlanish turi hisoblanadi;
  • Ovqat ratsionini ozuqaviy va biologik qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar (vitaminlar, mineral moddalar, kalsiy, temir, yod, rux, yarim to‘yinmagan yog‘ kislotalari va ovqat tolalari bilan boyitish) bilan tashkil qilish. Oqsilli ovqatlar (qoramol, tovuq, baliq go‘shtlari, tuxum, pishloq) ratsionda bir marotabadan kam bo‘lmasligi kerak;
  • Haftada 1 — 2 kun ko‘p miqdorda ko‘katlar, sabzavotlar va mevalar iste’mol qilib vegetarian kuni deb e’lon qilish maqsadga muvofiq. Kunlik ovqat tarkibida kamida bir marotaba ho‘l meva va sabzavotlar (karam, lavlagi va sabzi), sabzavotli ovqatlar (salatlar, bo‘tqalar, sharbatlar va boshqalar) olma, yong‘oqlar bo‘lishi talab etiladi;
  • Yog‘li go‘sht tanovvul qilganda, albatta hazm qilishni yaxshilaydigan salatlar, ayniqsa ko‘katlar iste’mol qilish kerak. Shakar va tuzni iste’moli meyor darajasidan oshmasligi lozim. Shakarni asal, quritilgan hurmo yoki magizga almashtirish mumkin;
  • Ichak tizimi yaxshi ishlashi uchun ratsionga ko‘p miqdorda ovqat tolalarini (kepakli non, pechenyelarning maxsus turlari, bug‘doy kepagi qo‘shilgan sho‘rvalar, salatlar, qatiq va boshqalar) tutuvchi mahsulotlar qo‘shiladi;
  • Asab tizimini barqarorlashtiruvchi va aql — idrokni teranlashtiruvchi quyidagi mahsulotlar — sabzi, qalampir, karam, limon, gilos, yong‘oq, zira, piyoz va baliq yog‘i kabilar tavsiya qilinadi.

«Sog‘lom ovqatlanish — salomatlik mezoni» kitobidan

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*