Surunkali toliqish sindromi

O‘tgan asrning saksoninchi yillarida AQSH ning Nevada shtatida yashovchi doktor Pol Cheyni ikki yuzdan ziyod bemorga «surunkali toliqish sindromi» (STS) tashxisini qo‘ydi. Bu sindrom (ya’ni, muntazam charchoq hissini tuyish) turli ko‘rinishlarda kechishi, ba’zida dard o‘tkir respirator kasalliklar (isitma, tomoq, mushaklar, bo‘g‘im va bosh og‘rishi) ga o‘xshab ketishini aniqlagan olim so‘nggi tadqiqot natijalarini kuzatarkan, «shamollashdan farqli o‘laroq, surunkali toliqishda kishining dardi hadeganda o‘tib ketavermaydi, balki bir necha haftadan so‘ng yanada zo‘rayadi, toliqish kuchayib, bemorning a’zoyi badani qaqshab og‘riydi, u kundalik ishlarni ham zo‘rg‘a bajaradigan bo‘lib qoladi» deb yozadi.

Tushkunlik holati qiynasa

kayfiyat yo'q

Surunkali toliqishlarda bora-bor yurak-qon tomir tizimida o‘zgarishlar ro‘y beradi, yurak ritmi buzilishidan tashqari, ko‘krak sohasida og‘riqlar kuzatiladi.

Bemorning asabi ko‘p buzilib, yuragi gupillab uradi, ko‘pincha me’da-ichak faoliyati izdan chiqadi va gastritga xos belgilar (ko‘ngil aynishi, jig‘ildon qaynashi, og‘iz qurishi, ich ketishi) holsizlik paydo bo‘ladi. Ichak va o‘t (safro) ishlab chiqaruv yo‘llarining diskineziyasi kelib chiqadi. Bemor peshobga ham qiynalib qolishi mumkin. Erkaklar bu dardga uchraganida impotensiya (jinsiy zaiflik), ayollarda esa vaginizm (jinsiy aloqaga monelik) rivojlanadi.

Bemor tanho qolishdan cho‘chiydi, ruhi tushkun, g‘am-tashvishga beriluvchan bo‘lib qoladi, ko‘pincha o‘z-o‘zidan siqilib yig‘laydi, tuzalishdan umidini uzadi. Ishxonadagi yoki oilasidagi arzimas ko‘ngilsizliklar ham uni iztirobga solib, ko‘pincha tushkunlik holatida yuradi.

Odatda, kishi biror kasallik bilan og‘risa, ma’lum vaqtdan so‘ng sog‘ayib, kuch-quvvati o‘z holiga keladi, charchog‘i yo‘qoladi. Surunkali toliqish dardiga uchraganda esa oylar, yillar o‘tsa-da, o‘ziga kelavermaydi, charchoq kechayu kunduz tark etmaydi, hatto o‘zi bajarib yurgan kundalik yumushlarga ham xohish-istagi yo‘qoladi, charchab qolishdan cho‘chib, ishga qo‘li bormaydi. Bunday xastalikni boshdan kechirayotganlarning organizmida ko‘pgina jiddiy o‘zgarishlar kelib chiqadi. Ya’ni me’da-ichak, buyraklar, jigar hamda yurak faoliyati buzilib, har xil hidlarga, dori-darmonlarga, alkogolga sezgirligi kuchayadi. Bemor yaxshi ovqatlansa ham ozib ketadi, kechalari terlash, yorug‘likdan qo‘rqish, qattiq tovushlar uni bezovta qilaveradi. Sochlari to‘kiladi, ba’zan lablariga uchuq toshishi, dermatit, eshakemi toshishidan shikoyat qiladi.

Yoshlikdagi charchoqlar

o'smir

O‘smirlarda surunkali toliqish birdaniga paydo bo‘ladi. Ularda bu hol ko‘pincha o‘tkir infeksion xastaliklardan so‘ng kuzatiladi. Ba’zan olti-o‘n ikki yoshli bolalarda ham hech qanday sababsiz toliqish asta-sekin rivojlanadi va bir necha oydan yillargacha davom etadi. Bu paytda tomoq, mushaklar, bo‘g‘imlar og‘riydi, uyqu buzilib, xotira sustlashadi, limfa tugunlari bezillab turadi.

Garchi bola sirtdan soppa-sog‘ga o‘xshasada, nuqul tez charchab qolayotganidan shikoyat qiladi. Bunday paytda ota-onalar “bolam dangasalik qilyapti”, deb o‘ylab farzandining dardini mug‘ombirlikka yo‘yishadi. Oqibatda bola ahvoli haqida boshqa og‘iz ochmaydi, o‘zicha ruhan siqilib yuraveradi. Bu esa dardning ko‘p yillarga cho‘zilishiga imkon tug‘diradi.

Surunkali toliqish sindromini aniqlash oson: yosh bo‘la turib kuch-quvvatdan qolayotganini his etib tursa, undagi charchoq bir necha oylarga cho‘zilsa, tomog‘i og‘rishi, limfa tugunlarining qo‘lga unnashi va bezillab turishi, uyqu buzilishi, bo‘g‘imlar va bosh og‘rig‘i o‘z-o‘zidan ro‘y bersa, jismoniy ishdan so‘ng sillasi qurisa, surunkali toliqishga xos alomatlar bo‘lishi mumkin.

Surunkali toliqishda fitoterapiya yordam beradi. Masalan, qizilmiya (solodka) tomiri viruslarga qarshi kurashish xususiyatiga ega bo‘lib, qonda kortizol (stressga qarshi kurashishda yordam beruvchi tabiiy gormon)ni ko‘paytiradi. Ammo qo‘llashdan oldin shifokor bilan maslahatlashib, qizilmiya tomirini qancha miqdorda olishni aniqlash darkor.

Immunitetni ko‘taring

immunitet

Valeriana behalovatlik va uyqusizlikka qarshi foydali. Buning uchun 2 choy qoshiq maydalangan ildizni 1 stakan suvga solib, 5 daqiqa qaynatish, so‘ng suzgichdan o‘tkazib, kuniga 3 mahal 1-2 oshqoshiqdan ichiladi.

Qattiq charchasangiz, kechqurun uyqudan oldin 5 daqiqa lavr bargli vanna qabul qiling: 6-8 ta bargni 1 litr sovuq suvga solib, olovga qo‘ying. Qaynagach, 20 daqiqa tursin, Qaynatmani vannadagi suvga qo‘shing, suv harorati o‘rtacha 37-38 daraja bo‘lsin.

Limonli vanna ham foydali: 5 dona limonni to‘g‘rab, 2 litr sovuq suvga 2 soat solib qo‘ying. Keyin suzib, vannadagi suvga quying. Limonli vannani haftada 2 marta qabul qilsangiz, kifoya.

Xurshidaxon RASULOVA, nevropatolog shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi.

© «Sihat-salomatlik» jurnali.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*