Surunkali prostatit — erkaklar kasalligi

Surunkali prostatit erkaklar orasida ko‘p uchraydigan kasallik hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu kasallik 25 yoshdan keyin erkaklarning 25-80 foizida uchraydi. Pala-partish jinsiy hayot kechirish, kam harakat turmush tarzi, spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, sovqotish kabilar prostatit rivojlanishining asosiy sababchilaridir. Odatda surunkali prostatit sekinlik bilan, klinik belgilarsiz rivojlanadi, prostata bezi sekretining va kichik chanoq doirasida qon aylanishining dimlanishi asosida yallig‘lanish jaryoni yuzaga keladi. Avval prostata bezining qon tomirlari kengayadi, keyinchalik chandiqli-sklerotik o‘zgarishlar yuzaga keladi, buning natijasida peshob ajralishi buziladi, jinsiy qobiliyat pasayadi, charchoqlik, asabiylashish kuzatiladi.

Tasniflanishga ko‘ra, prostatit infeksion (yuqumli) va noinfeksion (yuqumli bo‘lmagan, prostata bezini oziqlantiruvchi qon tomirlarini dimlanishi natijasida yuzaga keladi) turlariga bo‘linadi. Infeksion prostatit vaqtida prostata beziga mikroblar, viruslar, bakteriyalar, zamburug‘lar tushadi. Noinfeksion prostatit infeksiya qo‘zg‘atuvchilarisiz yuzaga keladi. Bu kasallikning boshlanishiga prostata bezida qon dimlanishi, kam harakat turmush tarzi, sovqotish sabab bo‘ladi.

Prostatit kasalligi yuzaga kelishiga sabablar nima?

  • prostata bezi anatomik tuzilishining o‘ziga xosligi;
  • gormonlar almashinuvining buzilishi;
  • yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlar;
  • siydik yo‘llari yallig‘lanish kasalliklari¹;
  • buyrak va siydik qopining yallig‘lanish kasalliklari;
  • pala-partish jinsiy hayot tarzi²;
  • butun tananing sovqotishi;
  • siydik yo‘llarida peshobning yig‘ilib turishi;
  • kam harakat turmush tarzi;
  • immun tizimini susayishi³.

Yuqorida keltirilgan omillarning har qanday kombinatsiyasi prostata bezining yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin.

Prostatitni davolash uchun antibakterial terapiya, prostata bezini massaj qilish, fizioterapiya, immun tizimini mustahkamlash va hayot tarzini o‘zgartirish kerak.

Bemorlar uchun kerakli eslatma

  • Prostatitni keltirib chiqaruvchi sabablar turlicha bo‘lib, yagona sababni qidirish va uni davolash uchun qaratilgan davo muolajalari kutilgan natijaga olib kelmaydi. Kasallikning klinik belgilari sezilarli bo‘lmasligi mumkin, agar sizda chanoq oralig‘ida og‘riq kuzatilsa, peshob qilish vaqtida yoqimsiz sezgilar bo‘lsa, siydik yo‘lidan ajralishlar kelsa, albatta, urolog bilan maslahatlashing;
  • prostatit tashxisi kompleks tarzda qo‘yiladi, chunki kasallik turini, kechish bosqichini, asoratlarini va davolash usulini belgilovchi boshqa omillarni e’tiborga olish kerak. Prostatit klinikasi turli bemorlarda turlicha bo‘lishi mumkin. Shuning uchun to‘g‘ri tashxisni faqat mutaxassis-shifokor qo‘ya oladi;
  • kasallik kechishi o‘ziga xos bo‘lganligi uchun davolash muolajalari ham o‘ziga xos bo‘ladi. Prostatitning klinik kechishi bir xil emas, ba’zida kasallik qo‘zg‘aladi, ba’zida asoratlar yuzaga keladi, ba’zida yashirin kechishi mumkin. Shu sababdan doimiy shifokor kuzatuvi kerak bo‘ladi;
  • prostatitni davolash uchun antibiotikni to‘g‘ri tanlash kerak, ularning dozasi va davolash sxemasini har bir bemor uchun individual holda tanlanadi va bu urogenital mikroflorani aniqlagandan keyin amalga oshiriladi;
  • infeksiyadan qutulish bilangina prostatitni davolab bo‘lmaydi. Prostata bezida qon dimlanishini ham to‘g‘rilash kerak;
  • prostata bezining patologik o‘zgarishlari o‘ziga xos va turlicha bo‘lganligi uchun ham uni davolovchi universal dori vositasi yo‘q. Shifokor sizga turli dori vositalarini va har xil davo muolajalarini tavsiya qilishi mumkin;
  • davolash natijasida uzoq vaqtli remissiyaga (surunkali kasallikning bosilishi) erishilgan taqdirda ham, profilaktik tarzda shifokor ko‘rigidan o‘tib turing, chunki kasallik qo‘zgaganda buni siz sezmasligingiz mumkin;
  • bir necha shifokorlar maslahatini bir vaqtda bajarish to‘g‘ri degan bemorlar yanglishadilar, chunki to‘g‘ri maslahatlar ham ba’zida bir-biriga zid bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kasallikni bir shifokor maslahati asosida davolang;
  • jinsiy hayot tarzingizni normallashtiring;
  • davolanish davomida spirtli ichimliklarni iste’mol qilmang, ular prostatitning provokatori hisoblanadi;
  • tananing sovqotishi qisqa vaqt davomida bo‘lsa ham, kasallikning kuchayishiga olib keladi;
  • jismoniy mehnat va sport prostatitni davolashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
  • surunkali ich qotish prostata bezida qon aylanishini buzadi, prostatitning kechishiga va davosiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
  • o‘z vaqtida aniqlangan residiv (kasallik qaytalanishi) yengil davolanadi, shifokoringiz tavsiyasiga remissiya vaqtida ham rioya qiling;
  • qanday kasallik bo‘lishidan qat’i nazar, to‘g‘ri olib borilgan sog‘lom turmush tarzi va odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va optimizm ruhi kasallikdan tez va samarali qutilish garovidir.

Tib.uz nashri.

Mavzuga aloqador maqolalar:

2 комментария

  1. Mening moyaklarim muzlaydigan bulib qolgan. Varikosel oldirganimdan keyin shunaqa buldi shekilli iltimos yordam bersangiz

    • Аноним

      Moyaklar norm urug’ ishlab chiqarishi uchun tanadan uzoqda joylashadi.Aynan shu past haroratda yetiladi bu 30 gradus selsiydan past boladi.Varikosel bo’lgach aynan shu narsaga ko’p e’tibor qaratgansiz…

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*