3.7
(6)

Surunkali gastrit Respublikamizda keng tarqalgan kasalliklardan biridir. Uning kelib chiqishida juda ko‘p omillar rol o‘ynaydi. O‘tkir gastritlarni yaxshi davolamaslik, ovqatlanish tartibi va sifatining buzilishi, dag‘al va o‘tkir ovqatlar iste’mol qilish, ovqatni yaxshi chaynamaslik, quruq ovqatlar yoki o‘ta issiq ovqatlar yeyish, spirtli ichimliklar iste’mol qilish natijasida surunkali gastrit kelib chiqadi. Keyingn yillarda oziq — ovqatlardan allergik reaksiya oqibatida ham kasalliklar ko‘paydi. Bu o‘z navbatida surunkali gastrit ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, me’daning ayrim oziqa moddalariga sezgirligi — allergik holati katta ahamiyatga ega.
Temir moddasi, oqsillar va vitaminlar yetishmasligi ham kasallikning sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. Vitaminlar, ayniqsa, B1 B2, B6, PP, A, askorbin kislotasi yetishmasa, oshqozon shirasi ajralishi kamayadi, uning shilliq pardasida distrofik jarayon paydo bo‘ladi, organizmning
chidamliligi pasayadi, gastrit paydo bo‘lishini tezlashtiradi. Bunda alkogol va chekishning ham ahamiyatikatta. Temir yetishmasligi kamqonlikni yuzaga keltirib, hazm a’zolari shilliq pardasida distrofik, keyinchalik distrofik yallig‘lanish jarayonlariga olib keladi. Kasallik kelib chiqishida har xil dorilar ta’sirining ham o‘rni bor.
Ushbu keltirilgan kasallik sabablari bemorlarning parhez dasturxonini tuzishda hisobga olinadi.
Oshqozon faoliyatiga qarab surunkali gastritlarning quyidagi turlari tafovut qilinadi: shira ishlab chiqarish faoliyati pasaygan, saqlangan yoki ortiq bo‘lgan surunkali gastrit. Kasallikning bu ikki xili klinik kechishi va asoratlari bilan ajralib turadi va ular uchun har xil parhez belgilanadi. Undan tashqari xastalikning remissiya va zo‘raygan davrlari farq qilinadi.
Bemorlarni tashqi ko‘rinishida aksariyat hollarda o‘zgarishlar aniqlanmaydi. Faqat oshqozon sohasidagi o‘tkir to‘lg‘oqsimon og‘riqlar vaqtida ular majburiy holatni egallaydilar. Tilni ildiz sohasi oq yoki sarg‘imtir oq karash bilan qoplanadi. Ba’zi hollarda yurak urishining tezlashishi, kaftlarning sovuq va ho‘l ter bilan qoplanishi, so‘lak ajralishini kuchayishi kabi belgilar kuzatiladi.
Kasallik o‘rta va katta yoshli kishilarda uchraganda uning ilk davrida gastritning belgilari kuzatilmasligi mumkin. Ammo aksariyat bemorlar qorinni yuqori qismi sohasida og‘riq, dispeptik o‘zgarishlar (oshqozonda
og‘irlik hissi, kekirish, ko‘ngil aynishi, og‘izda “temir” ta’mi, ishtaha pasayishi va boshqalar), ichak dispepsiyasi (qorin dam bo‘lishi, ish ketishi, qorinda g‘uldirash) va tana vazni kamayib ketishiga shikoyat qiladilar. Oshqozon shilliq qavatida atrofik jarayonlarning ustunlik bilan kechishi va uning bezlari sekretor faoliyatining susayishi og‘riq sindromining o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Uning shilliq qavatining barcha sohasi zararlanganda ovqat qabul qilgan vaqtda yoki tezda undan so‘ng kuchli bo‘lmagan uzoq muddat davom etuvchi va simillovchi og‘riqlarning paydo bo‘lishi xarakterli. Aksariyat hollarda asteno — nevrotik sindrom – holsizlikni kuchayishi, tez charchash, ta’sirchanlik, depressiyaga moyillik yuzaga keladi.
Bemorlarni bir qismini havo bilan yoki aynigan tuxum xidi bilan kekirish, ko‘ngil aynishi, oshqozon sohasida og‘irlik hissi kabi dispeptik o‘zgarishlar bezovta qiladi. Og‘riq ushbu turdagi gastritga xos bo‘lgan belgi hisoblanmaydi. Ba’zi bemorlarda ovqat iste’mol qilgandan keyin 0,5 – 1,0 soat o‘tgach (ko‘proq o‘tkir, ziravorli, konservalangan) uncha kuchli bo‘lmagan ezuvchi og‘riqlar kuzatilishi mumkin. Jarayon oshqozonni antral qismida yoki u bilan birga o‘n ikki barmoqli ichak zararlanganda og‘riq belgisi kuchliroq namoyon bo‘ladi. Aksariyat bemorlar ishtaxa yo‘qligiga, og‘izda yoqimsiz ta’m ba’zan esa ertalablari ko‘ngil aynishi va qayt qilishga shikoyat qiladilar. Oshqozonning shira ishlab chiqarish faoliyati buzilganligi sababli ichaklardagi normal mikroflora o‘zgarishi sababli bemorlarda ich ketishi ya’ni diareya kuzatiladi. Ba’zan ich ketish qabziyat bilan almashinib turadi.
Kasallik dispeptik belgilar ustunligi bilan kechganda bemorlarda zarda qaynashi, nordon kekirish, oshqozon usti sohasida og‘irlik va tiqilish hissi hamda qabziyat kuzatiladi. Ushbu belgilar ko‘proq yog‘li taomlar iste’mol qilgandan yoki spirtli ichiliklar ichgandan so‘ng yuzaga keladi. Aksariyat hollarda ishtaxa saqlangan yoki yuqori bo‘ladi. Oshqozon shirasi ishlab chiqarilishining meyorida bo‘lishi yoki uning oshib ketishi bilan
kechuvchi surunkali gastritning ushbu turida og‘riq aksariyat hollarda ovqat iste’mol qilgandan keyin paydo bo‘ladi.
Surunkali gastritlarda (shira ishlab chiqarish saqlangan yoki yuqori) yallig‘lanishni yo‘qotish, shilliq qavatlarda tiklanish jarayonini kechishi va yarani bitishini tezlatuvchi shifobaxsh ovqatlanishning termik, kimyoviy va mexanik ta’sirlari cheklangan holda kun davomida 5 marotaba iliq holda iste’mol qilinadi. Asosan qaynatib yoki bug‘da pishgan taomlar tavsiya etiladi.
Tavsiya etiladigan ozuqa mahsulotlari va taomlar: bir kun oldingi yoki quritilgan non, quruq pechenye, qaynatilgan mol go‘shti, tuxum, ezib yaxshi pishgan makka yormasi, guruch, suli, qora bug‘doy bo‘tqalari (shirguruch, shovla, shirqovoq, makka bo‘tqasi), yovg‘on xo‘rda, shirali sho‘rvalar, bug‘da pishgan go‘shtli taomlar, qaynatilgan til, jigar, duxovkada pishirilgan go‘sht, kefir, yog‘siz qatiq, qaymoq, chuchuk pishloq, chala pishgan tuxum, ezilgan kartoshka, pishirilgan qovoq, sabzi, lavlagi va chuchuk pomidorlar. O‘simlik yog‘ida dimlangan taomlar, pishgan sabzavotlardan turli salatlar, shirin mevalarni pishirib yoki dimlab tayyorlangan desertlar, asal, murabbolar, shakar, shuningdek suyuq choy, kisel, shirin sharbatlar, namatak suvi va mineral suvlar tavsiya etiladi.

Shifokor konsultatsiyasi

Analiz va muolajalar

Ushbu maqolani ham o‘qing:  D vitamini haqida

«Sog’lom ovqatlanish — salomatlik mezoni» kitobidan

Gastroenterologik kasalliklarda eng kop qo’llaniladigan dori vositalardan biri REBAGITdir:

https://apteka.uz/uz/product/rebagit

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.