1.8
(4)

Sil – asrlar davomida insoniyatga ma’lum bo‘lgan yuqumli xastalik. Qadimda sil nasldan — naslga o‘tuvchi irsiy kasallik deb hisoblangan. U odamdan-odamga havo-tomchi yo‘li orqali yuqishini hech kim bilmagan. Sharqning mashhur allomasi, tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sino o‘zining «Tib qonunlari» ilmiy asarida silning tashqi omillar ta’sirida yuqishi mumkinligi haqida fikr bildirgan.
Sil mikobakteriyalari mavjud bo‘lgan havodan nafas olgan kishining immuniteti past bo‘lsa xastalikni yuqtiradi. Xastalikka chalingan odam organizmida sil mikobakteriyalari uzoq vaqt mobaynida «mudroq» holda bo‘lishi mumkin. Bunda kishining o‘zi sog‘lom bo‘lib, atrofidagilarni bu infeksiya bilan zararlamaydi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi uzoq yillar davomida inson organizmida, «karaxt» holatda yashashi mumkin. Agarda organizmda sil qo‘zg‘atuvchisi faol bo‘lib qolsa, u ko‘payishni boshlaydi va kasallik rivojlanadi. Bu jarayon sil mikobakteriyalari zararlangan kishi sog‘lom bo‘lmasa, unda organizmning himoyalovchi tizimi sust bo‘lsagina ro‘y beradi.
Sil qo‘zg‘atuvchisi qon yoki limfa suyuqligi bilan barcha organizm to‘qimalari bo‘ylab tarqaladi. Ushbu qo‘zg‘atuvchi o‘rnashib olib, ko‘payishni boshlagan joyda esa sil kasalligi rivojlanadi. Odatda butun umri davomida, sil bilan zararlangan kishilarning faqatgina o‘n nafaridan ziyodi kasallanadi. O‘pka sili bilan xastalangan bemorning oila a’zolari va u bilan yaqin muloqotda bo‘ladigan odamlarda mikobakteriyani yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘ladi. Bu ayniqsa, kasal kishi davolanmaganida va shaxsiy gigiyenaga rioya qilmaganida juda ham tez yuqadi. Ayniqsa, OIV, qandli diabet va boshqa og‘ir xastaliklar tufayli organizmning immuniteti past bo‘lsa sil kasalligiga moyilligi yanada kuchayadi. Sil qo‘zg‘atuvchisini yuqtirgan kishilarda xastalikning rivojlanishiga noqulay moddiy va maishiy sharoitlar, og‘ir ruhiy zo‘riqishlar (stress), zararli odatlar (spirtli ichimliklarni ichish, kashandalik, giyohvand moddalarni iste’mol qilish) natijasida organizmning surunkali zaharlanishi sabab bo‘ladi.
Kasallik belgilari shikastlangan a’zoga va kasallikning tarqalganligi, hamda og‘irligiga bog‘liqdir.
O‘pka silida xastalikning asosiy belgisi yo‘tal bo‘lib, u uzoq vaqt davom etadi (2-3 haftadan ortiqroq) hamda bunda balg‘am ajralishi, ayrim hollarda esa qon tupurish, ko‘krak qafasidagi og‘riq, harsillash kuzatilishi mumkin.
Suyak va mushak silida esa og‘riq, harakatlarning cheklanganligi, shishlarning paydo bo‘lishi va mushaklar deformatsiyasi ko‘zga tashlanadi.
Buyrak silida og‘riq belda va siydik chiqarishda kuzatiladi.
Bosh miya pardalari silida kuchli bosh og‘rig‘i kuzatilib, bunda hech qanday dori — darmon yordam bermaydi. Keyinchalik esa taom iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan ko‘ngil aynishi, qusish vujudga keladi.
Yuqoridagi belgilardan tashqari sil qo‘zg‘atuvchisining organizmda ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lgan belgilar kasallik jarayonining og‘irligiga ham bog‘liq bo‘ladi. Ya’ni, tana haroratining ko‘tarilishi, tunda, hattoki sovuq havoda ham ko‘p terlash, ishtaha pasayib, vazn yo‘qotish, doimiy charchoq va ta’sirchanlik sil xastaligiga chalingan bemorlarda kuzatiladigan kasallikning asosiy belgilari hisoblanadi.
Har birimizning sog‘ligimiz o‘z qo‘limizda ekan, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilib, o‘z vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tib turishimiz lozim.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Gidrotsefaliya qanday kasallik?