Shifobaxsh vannalar

Quritilgan somon, moychechak guli, dala qirqbo‘g‘imi, bo‘yimodaron, ittikanak, jambil, mavrak (marmarak)ning har biridan 50 g dan olinib, ara­lashtiriladi. Mazkur damlamalardan tayyorlangan vannada 15 da­qiqa yotiladi. Bu vanna asab xastaliklariga, shuningdek, sog‘lom odamlarga ham tavsiya etiladi, qon aylanishini yaxshilaydi, bronxit, uyqusizlikka qarshi yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Qish kunlari yosh bolalarni chiniqtirishda ham qo‘llaniladi.

Suli poxoli damlamasi solingan vanna

Mazkur vanna quyidagicha tayyorlanadi: 1 chelak qaynoq suvga 250-300 g suli poxoli solinib, idish qopqog‘ini yopib, 1 soat tindiriladi. 36 darajali suv to‘ldirilgan vannaga damlama aralashtiriladi (poxol cho‘kindisi chelakda qoladi). Vannaga yana iliq suv quyilib, harorati 37 darajaga yetkaziladi. Muolaja vaqti 20 daqiqa. Bu vannaayniqsa buyrak va siydik pufagi kasalliklari, revmatizmni davolashda juda foydali.

Qarag‘ay yoki archa shoxlari qaynatmasi bilan tayyorlangan vanna

Qarag‘ay nina barglari teriladi (qancha yangi bo‘lsa, shuncha yaxshi), shoxlari mayda qilib kesiladi va 3-4 hovuch zirk daraxti bujuri chopiladi. Hammasini chelakka solib suv quyib, 2 soat qaynatiladi. qaynatmaning ustini yopib, 30 daqiqa tindiriladi. Tindirilgan qaynatmani vannaga quyib, bemor bo‘ynigacha suvga tushib yotadi, suv harorati 37 daraja bo‘­lishi shart. Vanna 15-20 daqiqa davomida qabul qilinadi. Jarayon tugagach, sochiq bilan yaxshilab artinib, 1 soat o‘rinda yotishi kerak. Bu vanna buyrak va siydik pufagi shamollaganda yaxshi ta’sir ko‘rsatadi, terini yangilaydi va mustahkamlaydi. Ayniqsa, nimjon yosh bolalar va qariyalarga foydali. Suvning rangi va hidi markaziy asab tizimini tinchlantiradi.

Valerian o‘simligi ildizi qaynatmasidan tayyorlangan vanna

4-8 litr hajmdagi idishga qaynoq suv quyiladi va unga qurigan valerian o‘simligi ildizi solingan qopga solinadi: katta yoshdagilar uchun 100 g, yosh bolalar uchun 50 g miqdorida. 30 daqiqa qaynatiladi va idishni olovdan olib, 1 soat tindiriladi, qaynatmani suv to‘ldirilgan vannaga quyib, suv haroratini 36,6-37 darajaga yetkaziladi. Vanna 15-30 daqiqa qabul qilinadi. Yosh bolalar hamda kattalarga foydali. Teri qichishini tinchlantiradi, terini yana ham mayin qiladi, terining mayda teshiklaridagi yog‘lar chiqib ketadi.

Eman po‘stlog‘i qaynatmasidan tayyorlangan vanna

1 kg eman po‘st­log‘i tozalab yuviladi va 6 litr suvga solinadi. Suvning yarmi qolguniga qadar qaynatiladi va ke­yin suzib olinadi. So‘ng vannadagi suvga aralashtiriladi. Suv harorati 36-37 daraja bo‘lishi kerak. Muolaja muddati 10-20 daqiqa davom etadi. Teri kasalliklarini davolashda yordam beradi.

Xantal (gorchitsa)li vanna

100-150 g yangi tuyilgan xantal unini surp xaltachaga solib, iliq (38 darajali) suv to‘ldirilgan vannaga solinadi. Suvda butunlay erib, aralashib ketishi kerak. Muolaja 10-15 daqiqa davom etadi. O‘RVI (o‘tkir respiratorli virus infeksiyasi), bronxit, bronxopnevmoniya kasalliklarida tavsiya etiladi.

Bosh miya qon tomirlari atero­sklerozi natijasida ish qobiliyatining pasayishi, xotiraning susayishida katta yoshdagilarga quyidagi vanna tavsiya etiladi: oddiy tog‘ rayhoni, dorivor mavrak barglari, oq qayin barglari (har biri 100 g dan) 3 litr qaynoq suvga solib, issiq joyda 2 soat damlanadi keyin suzib, 35-37 darajali suv to‘ldirilgan vannaga quyiladi. 1 haftada 2 marta 15-20 daqiqadan qabul qilinadi. 1 kurs davolanish 10 ta vannadan iborat.

© «Xalq tabobati» kitobi.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*