Shamollashni davolash uchun tabiiy retseptlar

Kishi shamollab qolganida, dastlab burni bitadi, tomog‘i og‘riydi, darmoni quriydi. Yo‘tal esa keyinroq boshlanadi. Xo‘sh, yo‘talning oldini olish mumkinmi? Albatta, mumkin. Buning uchun burningizni har kuni 3-4 mahal sho‘r suv (bir stakan qaynatilgan iliq suvga bir choy qoshiq tuz solinadi) bilan chaying, keyin yallig‘lanishga qarshi dori tomizing. Boshingizni orqaga egib turib tomizsangiz, dori burun halqumining orqa devoridan oqib tushadi, shunda ta’siri yaxshiroq bo‘ladi. Bundan tashqari, har soatda eritilgan suv yoki yod tomizilgan iliq suv bilan chaying. Moychechak va mavrak damlamalari bilan g‘arg‘ara qilinganda tomoq yo‘llari ravonlashib, yo‘talning oldi olinadi.

shamollashni davolash

Yo‘tal boshlansa…

Shamollagandan keyin bir hafta o‘tib, yo‘tal boshlansa, iliq sutga sariyog‘ va ichimlik soda solib ichish yordam beradi. Asalli issiq choy, ishqorli mineral suvni ilitib ichish ham foydali. Yo‘tal qoldirishning sinalgan usullaridan biri quyidagicha: bir choy qoshiq shakarni past olovda qizdiring, shakar eriganda qizg‘ish tusga kiradi. Shunda qoshiqni sovuq suvga botiring. Erigan issiq shakar darhol qotadi. Agar shuni shimib yursangiz, yo‘taldan qutulasiz.

Balg‘am ko‘chishi qiyinlashsa…

Yo‘tal kuchayib, balg‘am ko‘chishi qiyin bo‘lsa, balg‘amni suyultiradigan dorilar (bromgeksin, mukaltin) ichish zarur. Bundan tashqari, iste’mol sodasi solib, 5-6 tomchi arpabodiyon yog‘i tomizilgan qaynoq suvga boshingizni burkagan holda pardan nafas olsangiz, balg‘am ko‘chishi osonlashadi. Yo‘tal uzoq cho‘zilganda shifokor maslahatiga ko‘ra antibiotiklar ichishingiz mumkin. Bundan tashqari, ultratovush muolajasi bronx yo‘llaridagi balg‘amni suyultiradi va yo‘tal bilan chiqishiga ko‘maklashadi. Shamollagan odamni uqalash ham yo‘talni kamaytirishga yordam beradi. Buning uchun kaftning qirrasi bilan orqa umurtqani pastdan yuqoriga yoki yuqoridan pastga qarab uqalash kerak.

Ko‘pchilik havo zax va sovuq bo‘lganda kalta-kalta yo‘tala boshlaydi. Shuningdek, issiq xonadan ko‘chaga chiqqanda yoki sovuq o‘ringa yotganda ham yo‘tal tutadi. Ba’zan tamaki yoki spirt hidi yo‘talga sabab bo‘ladi. Odatda quv-quv yo‘talganda bemorning yuzi qizarib ketadi, ba’zan mayda tomirlar yoriladi. Bunday vaqtda, albatta, pulmonolog shifokor nazoratida jiddiy davolanish kerak.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qishda bolakay xastalanmasligi uchun...

Mashqlar yordam beradi

Mutaxassislarning kuzatishlaricha, ko‘p hollarda mashqlar ham yo‘talni qoldirish va balg‘am ko‘chishini yaxshilashda ijobiy samara beradi. Buning uchun qo‘llarni yelkaga qo‘yib, chuqur-chuqur nafas oling, nafasingizni tutib turib, asta-sekin oldinga egiling, so‘ng lablaringizni cho‘chchaytirib, kuch bilan ichingizdagi havoni chiqaring. Shuningdek, nafas olib, qo‘llar ko‘tarilgach va nafas chiqarib, qo‘llar tushirilganda, keyin esa tez-tez, chuqur-chuqur nafas olib, kuch bilan chiqarilganda ham yo‘talning tuzalishi osonlashadi.

Limonli sharbat tayyorlash

Shamollashning dastlabki alomatlari paydo bo‘lganda limonli sharbat tayyorlash mumkin. Buning uchun bir dona limonni mayda kesib, 2 stakan qaynoq suv quying va 20 daqiqa tindiring. Unchalik shirin bo‘lmasin, bir soat mobaynida shu suyuqlikdan ichib turasiz.

O‘qing: Limonning mo‘jizaviy shifobaxshligi

Tumovni davolash

Tumovni davolashda o‘rtacha kattalikdagi piyozni qirg‘ichdan o‘tkazib, og‘izni ochgan holda 10 daqiqa hidlab turish foyda beradi. So‘ng shu piyoz suviga toza paxtani shimdirib, burunga ikki tomchidan tomizish kerak. Muolaja xastalikning ilk kunida 3 mahal bajarilsa, nafas olish yengillashib, burun oqishi to‘xtaydi.

Kuniga 4-5 mahal aloe gulining suvini burun teshigiga paxta yordamida bir necha tomchi tomizib turilsa, shamollashdan tuzalish tezlashadi.

Bir necha dona maydalangan sarimsoq bo‘lagini bir stakan qaynagan suvga solib, bir soatcha damlang. Shu damlama bilan tomoqni chayib turish kerak.

Kechqurun oyoqlarga vanna qilish lozim. Buning uchun 5-8 litr suvga bir osh qoshiq quruq xantal (gorchitsa) solinadi. Unutmangki, bu muolaja yurak-qon tomir va buyrak kasalligi bor bemorlarga tavsiya etilmaydi.

Shamollash va grippning oldini olish uchun toza havo, jismoniy harakat, shaxsiy gigiyena va sog‘lom turmush tarziga amal qilish lozim. Virusli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlardan uzoqroq yurgan ma’qul. Har qanday holatda ham muolajalarni shifokor nazoratida maslahati asosida bajarsangiz, shamollash qaytalamaydi va ko‘p vaqt sizni bezovta qilmaydi.

Ushbu maqolani o‘qing: Anginani davolashda qo‘shimcha muolajalar

© Durdona SULTONOVA,
1-respublika tibbiyot kolleji o‘qituvchisi.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.

Close