TORCH kasalligi

Savol — javobMavzu: GinekologiyaTORCH kasalligi
0 +1 -1
Xurshida 6 месяцев oldin so‘radi

TORCH infeksiyasi haqida ma’lumot bersangiz, uning homila tushishiga yoki umuman homilaga qanday ta’siri mavjud.

1 ta javob
0 +1 -1
Urazbaev Mansur Muallif 6 месяцев oldin javob berdi

TORCH so‘zi bir qator infeksiyalar nomining qisqartirilgan ko‘rinishi bo‘lib u o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
T – Toxoplasma (toksoplazmalar – bir hujayrali tekinxo‘r organizm. Ular odam va turli sut emizuvchi hayvolarda parazitlik qilib, juda og‘ir kasalliklarni keltirib chiqaradi. Bu parazit bemorning boshi va orqa mushaklarida, shuningdek, qonida ham uchraydi);
O – Others (boshqalar: enterovirus, gepatit B, C, OIV, zaxm)
R – Rubella (qizilcha )
C – Cytomegalovirus (sitomegaliya)
H – Herpes simplex virus (gerpes I/II)
Endi kasalliklar haqida qisqach ma’lumot berib o‘tsak:
Qizilcha — asosan 2–10 yoshli bolalarni zararlovchi, yengil isitma va mayda qizil toshma bilan namoyon bo‘ladigan, katta yoshlilarda va homiladorlikda og‘ir kechuvchi virusli kasallik. Uning manbai kasallikning turli shakillari bilan og‘rigan bemor. Sog‘lom odamga havo-tomchi yo‘li orqali, bolaga onasidan o‘tadi. Qizilcha viruslarining homilaga tasiri homiladorlik bosqichlariga qarab, turli darajada bo‘ladi.Qizilcha kasalligining kechishi inson katta bo’lgan sari qiyinroq bo’ladi. Homiladorlik davrida ayolning qizilcha bilan kasal bo’lishi homilada karlikni vujudga kelishiga olib kelishi mumkin.

Sitomegalovirusli infeksiya (SMVI) — asosan klinik belgilarsiz o‘tuvchi, ba’zan markaziy nerv tizimi va ichki a’zolarni og‘ir zararlaydigan, homiladorlik kechishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan virusli kasallik. Sitomegalovirus butun umri davomida bemor vujudida saqlanib turishi bilan xavfli. Virus jinsiy yo‘l bilan, homilaga esa qon orqali yuqadi. Sitomegalovirus organizmga kirib, immun tizimini kuchsizlantirib bo‘lgach, asoratlarini ko‘rsata boshlaydi.
Homilaning dastlabki oylardanoq SMVI bilan zararlanish homilaning nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Homiladorlikning so‘nggi davrlarida zararlanish a’zolar tuzilishida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmasa-da, bola tug‘ilgach, sariqlik, qon ketishi, o‘pka yallig‘lanishi va markaziy asab tizimining zararlanishi kabi asoratlar kuzatiladi. SMVI bilan kasallangandan so‘ng turg‘un immunitet hosil bo‘lmagani bois, qayta kasallanish ehtimoli bor.
Gerpes
Gerpes virusi homilador ayolga homiladorlik davrida birinchi bor yuqsa, ya’ni ayolning unga nisbatan umuman immuniteti bo‘lmasa, uning homilaga bo‘lgan salbiy ta’siri juda katta bo‘ladi. Agar homilaga gerpes virusi uning 10 haftasigacha yuqsa, homilaning uning o‘limi yoki tushishi ro‘y berishi mumkin. Homiladorlikning 2 chi va 3 trimestrida homilaning zaharlanishi uning asab tizimi faoliyatini buzulishiga, teri va jigari shikastlanishiga olib kelishi mumkin.
Agar homilador ayol homiladorlik davrida gerpes virusini qayta qo‘zg‘alishiga duch kelsa, u holda virusni homilaga ta’siri bo‘lmasligi mumkin, lekin homiladorlik kechishi juda og‘irlashadi va homilani saqlab qolish uchun maxsus muolajalar talab etilishi mumkin.
Toksoplazma
Homiladorlik davrida toksoplazma bilan kasallanish homilada og‘ir kasalliklar vujudga kelishiga yoki uning o‘limiga olib kelishi mumkin. Ko‘pincha toksoplazmoz virusini mushuklar tarqatadi. Shuning uchun homilador ayol mushuklardan yiroqroq bo‘lishi kerak. Undan tashqari xom go‘sht, yuvilmagan meva va sabzavotlarda ham ushbu inveksiya viruslari mavjud bo‘lishi mumkin. Ko‘chada kabob, go‘shtli taomlarni yeyishda ehtiyot bo‘lish kerak bo‘ladi.
Xatarli tomoni shundaki, bu infeksiyalarning alomatlari ayolning umumiy holatida namoyon bo‘lmay, homila rivojlanishiga va homiladorlik kechishiga juda katta zarar keltirishi mumkin.
TORCH infeksiyasi analizlari iloji bo‘lsa homiladorlikdan oldin yoki homiladorlikning dastlabki davrida o‘tkazilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Agar analiz natijalari ayolda ushbu infeksiyalarga nisbatan immuniteti mavjudligini ko‘rsatsa, u holda homiladorlik davomida faqat profilaktik choralar amalga oshiriladi. Agar immunitet mavjud emasligi aniqlansa, u holda shifokor emlash (qizilcha infeksiyasiga qarshi) yoki ma’lum bir qoidalarga rioya qilishni tavsiya qilishi mumkin. Undan tashqari butun homiladorlik davrida ushbu infeksiyalar yuqmasligini nazorat qilish ko‘zda tutiladi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun Avitsenna.uz saytidagi quyidagi maqolani o‘qib chiqishingizni tavsiya etamiz:
TORCH – homila zavoli

Your Answer