Grija

0 +1 -1
Nuriddin 4 месяца oldin so‘radi

Men grija kasalligiga chalindim, iltimos yaxshilar yordam beringlar. Qanday davosi bor buni?

 

1 ta javob
0 +1 -1
Urazbaev Mansur Muallif 4 месяца oldin javob berdi

Shifokorlarning og‘ir ko‘tarmaslik, organizmni haddan ziyod zo‘riqtirmaslik yoki keskin va qaltis jismoniy harakatlar qilmaslik kabi maslahatlariga hammamiz ham amal qilavermaymiz. Sog‘lig‘imizga bee’tiborligimiz oqibatida esa jiddiy muammolarga duch kelishimiz ehtimoli oshadi. Umurtqa pog‘onasi churrasining vujudga kelishi ham ana shunday muammolardan biri.
Churra kimlarga xavf soladi?
Churraning kimda, qachon va qanday paydo bo‘lishi mumkinligini oldindan aytish qiyin. Chunki bu kasallik muayyan kasb egalari yoki ma’lum bir hududda yashaydiganlarga emas, barchamizga xavf solishi ehtimoli bor. Ba’zan bir yoshgacha bo‘lgan go‘daklarda tug‘ma churralarni kuzatish mumkin.
Qaysi a’zolarda yuzaga kelishi mumkin?
Issiq jon bo‘lganimizdan keyin xastalanishimizni tabiiy qabul qilishga o‘rganib qolganmiz. Ayniqsa, «bel og‘rig‘i» yoki «qorin og‘rig‘i» ko‘pchilik uchun oddiy holga aylanib ulgurgan. Og‘riq qoldiradigan dori va mazlardan bearmon foydalanganimiz uchun ham ularning nomini uyqudaligimizda ham bemalol ayta olamiz. Lekin biz ahamiyat bermagan, aniqrog‘i, e’tiborli bo‘lishni istamagan bu og‘riqlar jiddiy kasalliklardan dalolat berishi mumkin. Yashash tarzi, taomnoma va ovqatlanish tartibi, yosh, jins, tana tuzilishi hamda vazni, boshdan kechirilgan kasalliklar, jarrohlik aralashuvi, irsiy omillarning barchasi churra rivojlanishiga ta’sir qiladi. Tanamizdagi anatomik zaif nuqtalar va patologik teshiklarda churra hosil bo‘lish ehtimoli ortadi. Chov, son, kindik atrofi, qorin bo‘shlig‘i, umurtqa pog‘onasi va jarrohlik amaliyotidan qolgan choklar aynan shunday nozik sohalar sanaladi.
Sabab nima?

  • Qorin ichki bosimining oshishi;
  • og‘ir jismoniy mehnat;
  • tana vazniga nisbatan og‘ir yuk ko‘tarish;
  • peshob ajralishining qiyinlashuvi;
  • qabziyat;
  • uzoq vaqt bezovta qilgan yo‘tal;
  • ayollarda tug‘ruq vaqtidagi zo‘riqishlar churra hosil bo‘lishiga ta’sir etuvchi omillar hisoblanadi. Bundan tashqari, mazkur omillarning barchasi churra bo‘lganda uning qisilishiga sabab bo‘lishi ham mumkin.

Qanday davolanadi?
Churra inson tanasidagi o‘simta hisoblangani, shuningdek, vaqtida davolanmasa, salbiy oqibatlarga olib kelgani uchun uni rejali jarrohlik yo‘li bilan olib tashlashadi. Bunda bemor to‘liq tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Organizmidagi barcha tizimlar faoliyati o‘rganilib, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra operatsiya qilinadi. Masalan, yurak yetishmovchiligi bor bemorlarni avval kardiolog tavsiyasiga ko‘ra davolanishi maslahat beriladi, chunki anesteziya yurak faoliyatiga ta’sir qiladi. Churra xurujida esa bu bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkin.
Umurtqa churrasi bundan mustasno. Ya’ni churraning bu turini konservativ, ya’ni dori-darmonlarsiz davolash mumkin. Ayni kunda suv muolajalari yordamida bu xastalikni davolash keng yo‘lga qo‘yilgan.
Churraning paydo bo‘lgan muddati juda katta ahamiyat kasb etadi. Uch oygacha bo‘lgani yengil, uch oydan olti oygacha bo‘lgan churra esa surunkali hisoblanadi. Bundan tashqari, churraning hajmiga ham e’tibor qaratiladi. Agar u 9 millimetrdan kichik bo‘lsa, jarrohlik aralashuvisiz davolash mumkin.
Churra xuruj qilganda…
Ko‘p holatlarda bemorning ko‘ngli ayniydi, qayt qiladi, churra joylashgan soha atrofiga tekkanda va qorinda to‘lg‘oqsimon og‘riq kuzatiladi. Churra katta va tarang bo‘lib qoladi. Bu holatlarda og‘riq qoldiruvchi dorilar qabul qilish qat’iyan ta’qiqlanadi.
Homilador ayolda churra bo‘lsa…
Homiladorlikning birinchi va so‘nggi uch oyligida churra rejali operatsiya qilinmaydi, chunki homila xavf ostida qolish ehtimoli bor. Ikkinchi uch oylikda esa jarrohlik amaliyotini o‘tkazsa bo‘ladi. Homilador ayol farzandini kesarcha kesish usuli bilan dunyoga keltirsa, bu amaliyot oxirida churrani olib tashlash mumkin.
Xalq tabobati churra oldida ojiz
Churra tashxisi qo‘yilgach, o‘zbilarmonlik bilan davolashga vaqt va mablag‘ni sarflamay, shifokor maslahatiga amal qilish bilan bemor eng to‘g‘ri yo‘lni tanlagan bo‘ladi. Ba’zan umurtqa pog‘onasini bosish, uqalash va shunga o‘xshash amaliyotlar bilan davolashni taklif etadigan tabiblar haqida eshitish mumkin. O‘zbilarmonlik bilan davolash, shikastlanib turgan umurtqaning yana bosim bilan jarohatlanmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Eng to‘g‘ri yo‘l bel og‘rig‘i, og‘riqning oyoqqa berishi, yurolmaslik holatlarida shifokorga murojaat qilishdir.
Jarrohlik amaliyotidan qo‘rqmang!
Bu xastalik aslo qo‘rqinchli va bedavo emas, umurtqalararo diks churrasi hali «yangi» bo‘lsa, osongina davolanadi. Agar jarrohlik aralashuvi tayinlansa ham qo‘rqmaslik kerak. Churradan aziyat chekayotganlar orasida «Ahyon-ahyonda og‘riqlar bezovta qiladi, yotsam yoki og‘rigan joyni silasam, o‘tib ketadi, vahima qilib shifokorga borib yuramanmi?» deydiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ba’zilar esa «Operatsiyadan keyin churra qayta paydo bo‘ladi» degan Mish-mishga ishonib, jarrohlik amaliyotiga rozilik berishmaydi. Vaqtida o‘tkazilmagan 15 daqiqalik jarrohlik amaliyoti 2 soatlik og‘ir amaliyotga aylanishi mumkin. Chunki churra teshigida qisilib qolgan a’zolarning qon bilan ta’minlanishi buzilib, asab tolalari ezilishi tufayli a’zolar hayotiyligi so‘nib, yiringlay boshlaydi, bemor bunda kuchli og‘riq his etadi. Churra xurujida og‘riq davomiy bo‘lib, bemor shok holatiga tushib qoladi. Shoshilinch jarrohlik amaliyotigina bemor hayotini saqlab qoladi. Anesteziya bemorning individual holatiga ko‘ra belgilanadi.
Eng ko‘p tarqalgan turi
Bugungi kunda umurtqalararo disk churrasi ko‘p uchraydigan kasalliklar sirasiga kiritilmoqda. Boshqa turdagi churralardan farqli o‘laroq, uni bemorning o‘zi aniqlash imkoniga ega emas. Shifokor ko‘rigida ham aniq tashxis qo‘yilmaydi. Bu kasallikni kompyuter va magnit rezonans tomografiyasi o‘tkazibgina aniqlash mumkin.
Umurtqa churrasi nega ko‘payib ketdi?
Umurtqalararo disk churrasi bugunga kelib ko‘paygan deyilishiga sabab shuki, ilgari bugungiday uni aniqlaydigan zamonaviy uskunalar bo‘lmagan. Ilgari bod kasali, bukrilik, bel og‘rig‘i sabab shol bo‘lish kabi xastaliklar aynan umurtqalararo disk churrasining oqibatlari bo‘lgan.
Belgilari
Umurtqa churrasida mushak va paylar tortilib, qattiq og‘riqlar paydo bo‘ladi. Kislorod va ozuqalar yetishmasligidan qo‘l-oyoqlar muzlaydi, uyushadi, holsizlanadi. Harakatlanganda va yurganda qattiq og‘riq paydo bo‘ladi. Ba’zi hollarda nogironlik darajasigacha olib kelishi mumkin. Mana shularni hisobga olib, bunday kasalliklarga chalingan bemorlarga «oddiy tuz yig‘ilgan» yoki «asab tolalari shamollagan» deb qaramasdan, ularni har tomonlama, chuqur, individual tibbiy tekshiruvdan o‘tkazibgina to‘g‘ri va aniq tashxis qo‘yish mumkin.
Umurtqalararo disk churrasini keltirib chiqaradigan asosiy sabablar:

  • Umurtqa ostreoxondrozi;
  • og‘ir jismoniy zo‘riqish;
  • shikastlanish;
  • kamharakatlilik;
  • ortiqcha vazn;
  • naslda bu xastalikning borligi.

Umurtqa churrasi ayollarda…
Butun Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, umurtqalararo disk churrasi erkaklarga nisbatan ayollarda ko‘p uchrar ekan. Ayollardagi umurtqa churrasi davolanganidan keyin farzandli bo‘lishga qarshiliklar yo‘q. Homilador ayolga rentgen, kompyuter tomografiyasi va MRT qo‘llab bo‘lmagani sababli uning umumiy shikoyatlariga qarab tashxis qo‘yiladi. Bolaga ham, onaga ham zarar yetkazmagan holda davo choralari qo‘llaniladi.
Kasallik bosqichlari

  • Xastalikning birinchi bosqichida churra o‘lchami 2-3 mm. bo‘ladi. Umurtqa bo‘ylab qattiq og‘riq beradi.
  • Ikkinchi bosqichida bu xastalik doimiy og‘riq bilan xarakterlanadi. O‘lchami 8-15 mm. bo‘ladi.
  • Uchinchi bosqichda og‘riq o‘ta kuchli bo‘lib, asab tizimiga ham ta’sir etadi. Bemorni yura olmaslik darajasiga keltiradi.

Mumkin emas!

  • Vibromassaj mumkin emas, chunki uning kuchi juda yuqori.
  • Churra bor joyni qattiq ishqalamaslik lozim. Asab tolalarini siqib qo‘yish xavfi bor.
  • Vertikal holatda turib, turli mashqlar bajarish ham zararli. Mushaklarni zo‘riqtirish mumkin.
  • O‘z bilganingizcha massaj qilmang!
  • Har doim og‘riq qoldiruvchi maz surtib ishqalash ham mumkin emas!

Churraning oldini oling!

  • Sog‘lom turmush tarziga amal qiling;
  • zax va yelvizakli joylarda turmaslikka harakat qiling;
  • tana vazningizni nazorat qiling, semirmang;
  • bel va qorin mushaklarini mustahkamlaydigan gimnastika (masalan, suzish) bilan shug‘ullaning;
  • o‘tirgan holda ishlasangiz, har soatda 10 daqiqa turib yuring;
  • yurganda, o‘tirganda ham qaddingizni to‘g‘ri tuting;
  • qattiq matras ustida uxlashga odatlaning;yotgan holda kitob o‘qimaslik va televizor ko‘rmaslikka harakat qiling;
  • og‘ir ko‘tarmang, keskin harakatlardan tiyiling.

«Sug‘diyona» gazetasi.

Your Answer