El sog‘ligi — yurt boyligi

Saraton — ruhiyat iztirobi natijasi

Nega inson kasal bo‘ladi deb o‘ylaysiz? O‘zi kasallik nima? Kasal bu kuchsizlangan, ichki dushmanni yengish yo‘lida quvvati yetmayotgan, o‘ziga ishonchi kamaygan bir insondir. Ayniqsa, “tuzalmaydigan” dard saraton kasalligiga chalingan insonlar uchun bu yanada og‘irroq. Ilm saraton tuzalmaydi deganida, shifokor ilmni ro‘kach qilganida, yaqinlaringiz rahm ko‘zi bilan qaray boshlaganida, kasallik bilan kurashishda yolg‘iz qolib ketgan inson ichki dunyosini, yengilgan ruhiyatini, tanasidagi og‘riqlarni sog‘ odamga tushunish qiyin.

Aslida saraton kasalligi hamma kasalliklar kabidir. Siz ”saraton tuzalmaydigan kasal” degan ongingizdagi «suvarak” fikrlarni olib tashlang. Davosi yo‘q kasallik bu faqat o‘limdir. Boshqalarning gapiga bo‘ysunmang, saraton kasalligini tuzalishi qanday bo‘lishini siz va yana siz ilmga, shifokorlarga va yaqinlaringizga ko‘rsatib bera olasiz. Sizning organizmingizda dori ishlab chiqarilishi uchun barcha imkoniyat bor, ya’ni Mendeleyev davriy sistemasidagi barcha elementlar mavjud. Organizm va ruhiyat sizniki, unga rak kasalligiga qarshi o‘zing dori ishlab chiqarasan degan qaror berish kerak xolos. Bu yo‘lda, shifokorlarning barcha ko‘rsatma va buyruqlarini bajargan holda ruhiyatingiz va tanangiz bilan ishlashingiz lozim. Siz tanangizni eksperiment uchun yo‘naltirmang. Ya’ni har-xil tabib va o‘tlar bilan davolash uchun shifokorlar ko‘rsatmasidan voz kechmang. Butun dunyo sog‘liqni saqlash tashkiloti shu jumladan O‘zbekiston onkologlari ham onkologiyadagi eng oldingi bilimlarni o‘z tajribalarida ishlatishadi.

Avvalo, saraton kasalligidan forig‘ bo‘lishni ruhiyatingizning ichidagi yig‘ilib qolgan kechirmaslik, qalb og‘rig‘i, nola, ayblov, g‘azab, nafrat, o‘zidan qoniqmaslik, shubha-gumon kabi ruhiyat kasalliklaridan qutulishdan boshlashingiz kerak.

  1.  Sizning kasalligingiz bilan kurashishga o‘zingiz va faqat o‘zingiz mas’ulsiz. Bu yo‘lda men ojizman, menga yordam beringlar degan mavqedan, nima bo‘lganidayam men kuchliman, menga berilayotgan yordamdan to‘liq foydalana olaman degan qarorga keling.
  2. Sizning hayot yo‘lingizdagi mushkulotlar, og‘riqli kunlar, ozor bergan insonlarni bir marta kechirib yuboring. Yo‘q, bunaqasi ketmaydi, yuz foiz kechiring, yuz foiz rozi bo‘ling va unuting, axir bu taqdir edi-ku. Ko‘zingizni yuming va ichingizdagi o‘zingizni his qiling. Shu o‘zligingizdagi qalb og‘riqlaringizdan forig‘ bo‘ling, ularni tashqariga chiqarib yuboring.
  3. Endi o‘zingizni boshqacha nomlang. Kasal, ojiz, o‘lim yo‘lida yashayotgan inson degan fikr o‘rniga, sog‘lom ruhiyati sog‘ tanani boshqarishga otlangan, kuchli, har kun zavqini har nafasida tuygan insonni ichingizda kashf qiling.
  4. Tana og‘rig‘iga chiday olmaslik degan qo‘rquvni, dorilar foyda bermasligi mumkin degan qo‘rquvni ichingizdan chiqarib tashlang. Miyasida quyon kabi qo‘rqoq fikrli insonning harakati ham quyondek qo‘rqoq bo‘lib, kasallik bilan kurashda yon bosib qolasiz. Shuning uchun avvalo, bu quyon kabi titroq beruvchi fikrlaringizning o‘rniga «o‘zim hal qilaman” rahmimni o‘zim yeyman degan qo‘rqmas fikrlar paydo qiling.
  5. Endi organizmingizni boshqarish uchun hamma huquqlarin hujjatini tayyorladingiz deylik. Nimadan boshlaymiz?
  6. Tanangizda yurgan siz uchun dushmanlik qilayotgan xujayralarni o‘z tasavvuringizda toping, ularni ichingizdagi kuchli hujayralar yengayotganligini his qiling. Bu yo‘lda dorilar, yaqinlaringizning duolari, shifokorlarning sa’i harakatlari yordam berayotganligini tushuning.
  7. Har kun bir qadam tashlang. Har kun bir qadam odimlang sog‘lik tomonga. Men sizga ishonaman, siz eplolasiz, kuchlisiz!

Saraton bilan kasallangan bemorlarning yaqinlariga psixolog maslahati

Albatta, har bir inson o‘z yaqini, qalbining ichidagi mehrdoshining boshiga og‘ir dard tushgan payti esankirab qoladi. Hozir sizning yordamingiz kerak. Yordamingiz esankirash, rahm ko‘zi bilan qarash, xafa bo‘lish va yig‘lash tarzida bo‘lishi kerak emas. Davosi yo‘q dard bu o‘lim. O‘zingizni qo‘lga oling. Endi nima bo‘ladi deb kelajak uchun qo‘rquv, vahima va xavotirlardan tuzilgan kelajakni to‘qimang. Hammasi yaxshi bo‘lishiga avvalo o‘zingiz ishoning. Dardman inson bilan gaplashganda quyidagilarga amal qiling.

  1. Bemorga tashxis haqida aytayotganligingizda «kuchliligimizni ko‘rsatadigan vaqt keldi, yengib chiqadigan vaqt keldi, deb davolanish uchun buyurilgan shifoxonani ayting. Bemorda g‘azab, ayblov, jazava, tushkunlik, psixologik shok paydo bo‘lishi mumkin.
  2. «Sabr – bu Yaratganni yara tagida ko‘rmoqdir.” Mavlono Rumiyning bu fikri siz uchun yo‘riqnoma bo‘lsin.
  3. Mehr so‘zlarini, sukunatni, ishonch nigohiga almashtiring.
  4. Siz o‘z yaqiningizga eng kerak bo‘lgan bir paytingizda, o‘z irodangizni so‘zlar bilan ifodalang.
  5. Shifokorlarga o‘z tazyiqingizni o‘tkazmang, ularning malakasiga ishoning.
  6. O‘zingizning va bemor bo‘lgan yaqiningizning hayot tarzini zavqli bo‘lishi uchun harakat qiling.

© Zebiniso Ahmedova, psixoterapevt.

Sabo.uz nashri.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.