El sog‘ligi — yurt boyligi

Revmatizm kasalligidan saqlaning!

Revmatizm — umumiy infeksion-allergik kasallik bo‘lib, asosan yurak va qon tomirlarning zararlanishi, ko‘pincha boshqa organ va sistemalarning kasallik jarayoniga tortilishi bilan kechadi. Kasallikni gemolitik A gruppaga mansub streptokokklar qo‘zg‘atadi, u birlamchi o‘choqdan organizmga o‘tib, kasallikning rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

revmatizm kasalligi

Revmatizm tarqalishiga ko‘ra yurak-tomir sistemasi kasalliklari o‘rtasida 4-o‘rinda turadi. Bolalar orasida 1,3-2,8% tarqalgan bo‘lsa, o‘smirlar orasida bundan 4 marta ko‘p. Har qanday kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olish oson.

Revmatizm kasalligining rivojlanish sabablari

Ko‘pincha bolalar, aksari o‘quvchilar angina yoki tez-tez zo‘rayib turadigan surunkali tonzillit bilan og‘rishlari, biroq revmatizm kasalligiga chalinmasliklari mumkin. Ammo shunday bolalar borki, angina bilan bir-ikki marta og‘riganlaridan keyin darrov revmatizm rivojlana boshlaydi.

Xo‘sh, nega shunday bo‘ladi?

Hozirgi kunda katta yoshli odam ham bolalar atrofida ham streptokokk doimo bo‘ladi. Ko‘pchilik odamlarda uzoq vaqt davomida o‘zlari sezmagan holda streptokokka nisbatan immunitet ishlab chiqadi, odam angina bilan og‘rib qolganda immunitet ishlanib chiqishi vaqtincha to‘xtaydi, keyin esa yana asli holiga keladi. Ko‘pchilik odamlarda immunitet ancha barqaror bo‘ladi. Masalan, sil, zahm va boshqa yuqumli kasalliklarda infeksiya sog‘lom odamlar kasal odam bilan bevosita yaqin muloqotda bo‘lganda yuqadi, revmatizmda esa boshqacha bo‘ladi.

Anginadan keyin revmatizm paydo bo‘lishi qator hollarda tabiiy immunitetning sustligi yoki o‘tkir streptokokk infeksiyasi keng tarqalgan davrda organizmga juda ko‘p streptokokk mikroblari tushishiga bog‘liq bo‘ladi. Bu ikki omil qo‘shilib ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin.

Streptokokk faqat revmatizmga sababchi bo‘lib qolmay, balki butun kasallik davomida faol rol’ o‘ynaydi, kasallikning zo‘rayishiga sababchi bo‘ladi. Streptokokk organizmga moddalari bilan ta’sir etadi va organizmning unga nisbatan sezgirligini oshirib yuboradi.

Revmatizmning rivojlanishida oilaviy moyillikning ahamiyatga ega ekanini aytib o‘tmoq kerak, ko‘pincha, ota-ona revmatizm bilan og‘rigan oilalardagi bolalarda ham shu kasallik bo‘ladi.

Streptokokklar asosan bodomcha bezlar, kariyes tishlar, burun bo‘shliqlari va burun-halqumning boshqa joylarida bo‘ladi, chunki bu yerlarda mikroblarning hayot faoliyati uchun yaxshi sharoit bo‘ladi. Bu yerdan esa ularning toksinlari doimo qonga o‘tib turadi.

Shu boisdan ham bu joylar infeksiyaning surunkali o‘choqlari, deb ataladi.

Jismonan yaxshi rivojlanmaslik, to‘la sifatli ovqat yemaslik, har xil yuqumli kasalliklar bilan og‘rib o‘tish, asab buzilishi — bularning hammasi tabiiy immunitetni pasaytiradi va kasallik tez rivojlanadi. Turmush sharoitining yomon bo‘lishi, hovli va xonalarda uy-joyning yomonligi, ota-onaning ichkilik ichishi, tamaki chekishi, giyohvandligi bolalarning barcha yuqumli kasalliklarga chalinishiga imkon beradi.

Bolalarda revmatizm kasalligining kechishi

Ko‘pchilik kasalliklar kabi revmatizm bolalarda birmuncha o‘tkir va og‘irroq kechib, tez-tez qaytalaydi, aksari hollarda yurakning og‘ir zararlanishiga olib keladi. 50-60foiz hollarda revmatizmda bo‘g‘imlar og‘riydi.

revmatizm kasalligi

Bo‘g‘imlarning qattiq og‘rishi va og‘riqning ko‘chib yurishi revmatik poliartrit uchun xos alomat hisoblanadi. Keyingi paytlarda poliartritlar kam uchraydigan bo‘ldi, artralgiya ko‘proq kuzatilmoqda.

Revmatizm bolalarda kattalarga nisbatan og‘ir o‘tadi, tez-tez qaytalab, tez vaqt ichida yurakda o‘zgarishlar paydo qiladi.

Revmatizm profilaktikasi

Profilaktika ishida har bir odamning va butun jamiyatning sog‘lom turmush tarzini tashkil qilish ko‘zda tutilishi kerak. Ishni eng avvalo bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlashdan boshlash kerak. Maktabgacha tarbiya muassasalarida bolalarni har tomonlama rivojlantirish va chiniqtirishning hozirgi zamon metodlarini keng qo‘llash lozim. Maktablarda, hunar-texnika bilim yurtlarida, bolalarni yozgi dam oldirish oromgohlarida va sanatoriylarda sog‘lomlashtirish tadbirlarini muntazam ravishda o‘tkazish zarur.

Revmatizmning oldini olish uchun organizmning kasallikka qarshi umumiy kurashish qobiliyatini oshirish, streptokokk infeksiyasi yuqmasligi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rish zarur.

Jamoat tashkilotlari revmatizm va uning profilaktika choralari haqidagi ilmiy bilimlarni yanada kengroq va faolroq propaganda qilishda qatnashib, tibbiyot xodimlari bilan birga atmosfera havosining tozaligini saqlash, parklar barpo qilish, ko‘chalarni ko‘kalamzorlashtirish va shu kabilar bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va ularni amalga oshirishda yordam beradi.

Revmatizmning shaxsiy profilaktikasi sog‘lom turmush tarzini yaratish, dam olish va mehnatni to‘g‘ri tashkil etish, sifatli ovqatlanish, fizkul’tura bilan muntazam ravishda shug‘ullanish, iloji boricha ochiq havoda bo‘lish va boshqalardan iborat.

Revmatizm kasalligini davolash

Revmatizm instituti ishlab chiqqan revmatizm profilaktikasiga binoan, angina bilan og‘rigan bemorlarni 10 kun davomida antibiotiklar bilan davolash tavsiya etiladi. 5-7 kun davomida penitsillin bilan davolash birmuncha samarali hisoblanadi.

Keyinroq bir yoki ikki marta bitsillin-3 bitsillin-1 ni mushaklar orasiga yuborish tavsiya etiladi. Agar penitsillinni mushaklar orasiga yuborish mumkin bo‘lmasa, antibiotiklarni 10 kun davomida ichish tavsiya etiladi.

Angina bilan og‘rigan bemorlar davolanib chiqqanlaridan so‘ng bir oy davomida dispanser nazoratida bo‘ladilar. Angina bo‘lib o‘tgandan so‘ng 5-7 kun davomida aspirin, vitamin C qabul qilish va tana haroratini o‘lchab turish tavsiya etiladi.

Ikkilamchi profilaktika

Revmatizm qaytalanishini profilaktika qilish yoki ikkilamchi profilaktika quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • dispanser kuzatuvini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish;
  • asosiy kasallikni og‘irlashtiradigan kasalliklarni, shuningdek, surunkali infeksiya o‘choqlarini va kasallik qaytalashini davolab borish;
  • revmatizm zo‘raymasligi uchun dori-darmonlar va bitsillin bilan profilaktika qilish.

Ikkilamchi profilaktikada streptokokk infeksiyasiga va shamollash kasalliklariga qarshi kurashish muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Kasallik qaytalanishi mumkin

Mavsumga qarab dori-darmonlar va bitsillin bilan davolash revmatizmning qaytalanishiga qarshi kurashda samarali metod bo‘lib chiqdi (qaytalanishlar soni 2-4 martaga kamaydi), lekin vrachlik tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davo kurslari orasidagi vaqt uzoq davom etganda kasallik qaytalashi mumkin ekan. Shuning uchun hozirgi vaqtda revmatizmi bor bemorlar yil bo‘yi bitsillin va dori-darmonlar bilan davolanadi.

Hozirgi paytda yurak porogi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, oxiri 5 yil davomida faol revmatik protsessni boshidan kechirgan revmatizm bilan og‘rigan barcha bemorlar butun yil davomida dori-darmonlar va bitsillin bilan davolanishlari shart. Yurak porogi yoki xoreya alomatlarisiz birlamchi revmokardit bilan og‘rib o‘tgan, surunkali infeksiya o‘choqlari bo‘lmagan yoki ular yaxshilab sanatsiya qilingan shaxslar birinchi 3 yil davomida, keyin esa 2 yil ichida mavsumga qarab bitsillin va dorilar bilan davo olib turishlar lozim.

Yurak porogi paydo bo‘lgan, uzoq davom etuvchi yoki tez-tez qaytalab turuvchi birlamchi revmokarditni boshidan kechirgan, yurak porogi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, qaytalovchi revmokardit bilan og‘rigan barcha bemorlar, shuningdek, surunkali infeksiya o‘choqlari bo‘lgan bemorlar 5 yil davomida yil bo‘yi bitsillin-aspirin bilan bahor va kuzda davolanib turishlari lozim.

Revmatizm bilan kasallanish xavfi bo‘lgan bolalarda infeksiya o‘choqlarini sanatsiya qilish bilan bir qatorda 2-3 yil davomida mavsumiy dori-darmon va bitsillin bilan davolash lozim. Mavsumiy profilaktika bahor va kuzda (o‘rta mintaqadagilar uchun mart, aprel va oktyabr, noyabr oylarida) bitsillin-5 yoki bitsillin -1 yordamida o‘tkaziladi.

Butun mavsum davomida bolalarga aspirin berib boriladi. Agar bola organizmi aspirinni ko‘tara olmasa amidopirin, anal’gin berib, qonini har haftada analiz qilib turiladi. Dori-darmon va bitsillin bilan davolash davomida askorbat kislota qo‘llash maqsadga muvofiqdir.

Profilaktika uchun davolanilganda…

Profilaktika maqsadida davolayotgan vaqtda organizmga bitsillin yuborilgandan so‘ng allergik reaksiya paydo bo‘lishi mumkinligini unutmaslik lozim. Bu allergik reaksiyalar ukoldan so‘ng birinchi sekundlarda yoki bir necha minutlardan keyin, ba’zan esa, hatto bir necha soat va kundan so‘ng paydo bo‘lishi mumkin. Bularga badanga toshmalar toshishi va terining qichishishi, tana haroratining qisqa muddatga ko‘tarilishi, Kvinke shishi, ko‘ngil aynishi, bosh, bo‘g‘imlar og‘rishi kiradi. Ba’zan anafilaktik shok kuzatilishi mumkin.

Yengil allegik reaksiyalar (o‘zini yomon his etish, haroratining bir oz ko‘tarilishi, reri ichishishi, bir oz toshmalar toshishi) odatda bitsillin yuborishini to‘xtatish uchup asos bo‘lmaydi talab etiladi. Bunday preparatlarga kalsiy xlor, dimedrol, suprastin va boshqalar kiradi, bitsillinni faqat muolaja kabinetlarida ukol qilinadi.

Bitsillin tayinlashda oldin, albatta bemorning pensilinga sezgirligini aniqlash lozim. Shubha bo‘lgan hollarda pensillin bilan teri sinamasi o‘tkaziladi. Odatda bolalar kasalxonadan tuzalib chiqqanlaridan so‘ng 2 oy muddatga sanatoriyga yuboriladi. O‘quv yilida bolalar sanatoriyda maktab dasturi bo‘yicha o‘qishni davom ettiradilar.

Sanatoriylar o‘rni

Har bir respublikada bir necha mahalliy kardiologik sanatoriylar mavjud bo‘lib, bunda bolalar dori-darmonlar bilan davolanishdan tashqari kislorodli vannalar, yallig‘lanishga qarshi va og‘riqni qoldiruvchi hamda organizmning kasallikka qarshi kurashi qobiliyatini oshiruvchi rodonli suvlar bilan davolanadilar. Sanatoriyda davolanish rematizm takrorlanishining ikkilamchi profilaktikasi va yaxshigina davo hisoblanadi. Bular organizmning umumiy qarshiligini oshirib, revmatik protsessining yo‘qolib ketishiga olib keladi.

Rematizmning nofaol fazasida bola uyda va maktabda alohida kun tartibiga muhtoj bo‘ladi. Kun tartibiga kasallik xurujidan so‘ng revmatik jarayonning kechish xarakteriga va yurak-tomirlar sistemasining funksional holatiga ko‘ra har bir bolaning ahvoliga qarab belgilanadi.

Maktab vrachi revmatizm bilan og‘rigan bolani jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga qo‘yish masalasini hal etib qolmay, uni muntazam ravishda kuzatib ham boradi. U pedagoglar bilan yaqin aloqada bo‘lib, bolaning maktabdagi hulqi, o‘zlashtirishi va darslarga qatnashayotgani haqida malumotlar olib turadi.

Quyosh va suv muolajalari

Quyosh nurlari va suv muolajalari haqida ikki og‘iz gapirib o‘tsak. Quyoshning ultrabinafsha nurlari bilan uchun juda foydali bo‘ladi, lekin quyosh vanalarni bolaning yurak-tomir sistemasi halatiga qarab buyurish lozim. Og‘ir yurak poroklari va yurak-tomir sistemasiga yetishmovchilik bo‘lgan bolalar oftobda ko‘p bo‘lmasliklari kerak. Rematizm bilan og‘rigan bolalarga quyosh vannalarini juda ehtiyotilik bilan tayinlash kerak.

suv terapiya

Quyosh vannalari birinchi marta 8 minut davomida beriladi (2minutdan- oldindan, orqadan va yon tomonlaridan), keyingi kunlari esa har bir tomonga bir minutdan qo‘shib boriladi. Quyosh vannalarini 20-30 minutdan ortiq qabul qilish mumkin emas. Suv muolajalaridan foydalanishda yana ham ehtiyot bo‘lish zarur. Ariqlarda, daryo va dengizda cho‘milishga revmatizm xurujidan ikki yil o‘tgandan so‘ng ruxsat etish mumkin. Xurujdan keyingi birinchi 2 yil davomida quyosh vannalaridan so‘ng iliq suvda cho‘milish yoki ustidan suv quyish, keyin esa sovuq suvda cho‘milish mumkin.

Mehriniso Qilicheva, mutaxassis.
«Oydin yo‘l» gazetasi.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.