Revmatik kasalliklar

Revmatik isitma va yurakning revmatik kasalligi revmatizm (biriktiruvchi to‘qimaning yallig‘lanishi) bilan kechadigan kasallik turi bo‘lib, bunda asosan yurak klapanlari, bo‘g‘im va boshqa a’zolar jarohatlanadi. Angina bilan tez-tez og‘rigan bemorlar yurak revmatik kasalligiga ko‘proq chalinishadi. Sovuqqotish esa bu dardning avj olishida muhim omil hisoblanadi. Shuning uchun yurak revmatik kasalligi ko‘proq yilning sovuq fasllari (kuz, qish)da uchraydi.

Ko‘p hollarda bemor b-gemolitik (revmatogen) streptokokk chaqiruvchi anginadan batamom tuzalib ketmasa, harorati yana ko‘tariladi, tizza, tirsak, bilak-kaft usti, boldir-oyoq panjasi bo‘g‘imlarida og‘riq paydo bo‘ladi, bo‘g‘imlar qizarib shishadi, revmatik poliartrit boshlanadi. Yurak revmatik kasalligining asosiy belgilaridan biri hisoblangani uchun bu kasallik “Yurakni tishlaydi, bo‘g‘imlarni esa yalab o‘tadi” degan gap bor.

Revmatik poliartrit aspirin va boshqa antirevmatik dorilar qabul qilgandan keyin tuzaladi, og‘riq kamayib, shishlar yo‘qoladi. Bunda bo‘g‘imlar zararlanishi turg‘un bo‘lmaydi, odatda 10-2 kun o‘tgach, poliartritning hamma alomatlari yo‘qolib ketadi. Ayni paytda yurak klapanlari, mushak qavati, tashqi pardasi ham zararlanadi. Klapanlarning revmatik zararlanishi ularning shakli o‘zgarishiga va yurak nuqsoni (porogi) paydo bo‘lishiga olib keladi. Yurak revmatik kasalligi yurakning zararlanishi (revmokardit) poliartritsiz ham kechishi mumkin.

Revmatik isitma va yurakning revmatik kasalligida boshqa a’zolar ham zararlanadi, ayniqsa, nerv tizimi zararlanishi (xoreya) kuzatilishi mumkin. Bunda bemorning oyoq-qo‘llari beixtiyor uchib turadi, u juda bezovta bo‘ladi va tez toliqib qoladi. O‘pka zararlanishi esa yurak revmatik kasalligining klinik belgilaridan biridir. Revmatik pnevmoniyada, xususan, bemorga havo yetishmaydi, isitmasi ko‘tariladi, o‘pkasida turli xirillashlar eshitiladi. Rentgenda o‘pka to‘qimasining zichlashgani va shakli o‘zgargani aniqlanadi. Revmatik o‘pka vaskulitida esa bemor yo‘taladi, ayrim hollarda qon aralash balg‘am tashlaydi. Yurak revmatik kasalligida o‘pka pardasi zararlanishi (revmatik plevrit) ichki a’zolar yallig‘lanishi singari bo‘ladi. Revmatik plevritda nafas olishda ko‘krak qafasida og‘riq bo‘ladi, plevrada ekssudat yig‘iladi.

Ревматик касалликлар

Yurakning revmatik kasalligi boshlanishidayoq bemorning holi quriydi, yuragi gupillab uradi, hansirab turadi, tana harorati biroz ko‘tarilishi mumkin. Biroq bemorlar shuni unutmasliklari kerakki, bo‘g‘imlarning qizarib shishishi bilan kechadigan har qanday og‘riq yurak revmatik kasalligi bo‘lavermaydi. Shuningdek, yurak tez urishi, yurak sohasidagi noxush sezgilarning barchasi ham revmokardit emas. Yurak revmatik kasalligini faqat vrach aniqlab, davolaydi. Agar yuqoridagi belgilar kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat etish va tegishli muolajalarni olish kerak, shundagina tuzalib ketadi.

Og‘ir asorat qoldirmasligi uchun

Yurak revmatik kasalligining oldini olish va uni davolashda quyidagi maslahatlarga amal qilganingiz ma’qul:

  • bemorda surunkali tonzillit, gaymorit, otit kabi xastaliklar bo‘lsa, vaqtida davolatish zarur, aks holda bu xastaliklar bora-bora yurak revmatik kasalligini keltirib chiqaradi;
  • yil davomida bakteriyalar qo‘zg‘atadigan kasalliklarga qarshi profilaktik davo choralari ko‘rish yurak revmatik kasalligining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi;
  • bemor iste’mol qiladigan ovqatning tuzi past bo‘lishi, uglevodlar miqdori kamaytirilgani ma’qul, shunday ekan, yurak revmatik kasalligi bilan og‘rigan bemorning ovqatida yetarli miqdorda oqsillar va vitaminlar, ayniqsa, vitamin S bo‘lishi juda muhim;
  • yurak revmatik kasalligini tuzatishda bo‘g‘imlarni uqalash (massaj)ning foydasi katta, chunki uqalash mashqlaridan so‘ng mushakka ko‘rsatilgan ta’sir tufayli qon oqimi yaxshilanadi, bo‘g‘imlardagi shishlar so‘riladi, uqalangan joylarda qon yurishi yaxshilanib, yurak ishi meyoriga tushadi;
  • yurak revmatik kasalligida davo vannalari ham yaxshi yordam beradi. Bunda mushaklar bo‘shashib, og‘riq kamayadi, shuningdek, asablar tinchlanadi va moddalar almashinuvi yaxshilanadi;
  • kasallikning boshlang‘ich davrida davolovchi badantarbiya mashqlarini o‘tkazish lozim. Agar shifokor bilan maslahatlashgan holda badantarbiya mashqlari bilan doimiy shug‘ullanib borilsa, dardning zo‘rayishi va xurujining oldi olinadi.

Sport mashqlari — profilaktik chora

Bolalar 7-15 yoshlarda salga shamollaydi, tomog‘i og‘riydi, yurak revmatik kasalligiga oson chalinadi, shuning uchun mavsumga qarab kiyintirish, kichik yoshdagilarni o‘tkir respirator kasalliklardan asrash kerak.

Gripp, angina va shamollashlarni oyoqda o‘tkazmasdan, uyda yotib davolanish ancha naf beradi va bu narsa ularni yurakning revmatik kassaligi va revmatik isitmaga chalinishdan saqlaydi;

  • bir marotaba bo‘lsada, angina bilan og‘rigan bemor o‘zi yashayotgan joydagi davolash muassasasida ro‘yxatga olinishi va doimiy ravishda shifokor nazoratida bo‘lishi zarur;
  • revmatik isitma va yurak revmatik kasalligining oldini olishda oilaviy sport mashqlarining roli katta. Ayniqsa, ertalablari yugurishni odat qilinsa, tana chiniqadi, baquvvatlashadi, o‘smirlar kasallikka kamroq chalinishadi;
  • revmatik isitma va yurak revmatik kasalligining ilk alomatlari (ayniqsa, anginadan so‘ng) sezilishi bilanoq, darhol revmatolog shifokorga borish va uning maslahatlari asosida davolanishni boshlamoq zarur.

Shuni unutmangki, o‘z vaqtida ko‘rilgan profilaktik chora-tadbirlar revmatik isitma va yurak revmatik kasalligini keltirib chiqaradigan yurak illatlarining keskin kamayishini ta’minlaydi va bemorning tezroq tuzalishiga imkon yaratadi.

© Mashhura RIZAMUHAMЕDOVA,
professor.

© «Sihat-salomatlik» jurnali.

Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga oid quyidagi maqolalar bilan ham tanishib chiqishingiz mumkin:

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*