3.8
(24)

Radikulit orqa miya asab tolalarining zararlanishi tufayli yuzaga keladigan kasallik hisoblanadi.  Buni aniqroq qilib tushuntiradigan bo‘lsak, umurtqa pog‘onasi kanali ichida orqa miya joylashgan. Orqa miyadan esa umurtqa pog‘onasi teshiklari orqali 31 juft nerv tolalari chiqadi. Bu tolalar o‘ziga xos vazifani bajaradi. Masalan, ayrimlari hujayralarning sezgirligini ta’minlasa, ayrimlari atrofidagi hujayralarning oziqlanishi va qon aylanishini ta’minlaydi,  ayrimlari esa mushaklar harakatini ta’minlaydi. Sezgir tolalar zararlanganda badanga igna sanchilganday og‘riq bezovta qiladi, moddalar almashinuvi va qon aylanishini ta’minlaydigan tolalar zararlanganda soch o‘sishi va ter ajralishi ishdan chiqadi, uchunchi turdagisi zararlanganda esa mushaklar atrofiyasi (kichrayishi, ozib ketishi) kuzatiladi.

Radikulit odatda birdaginiga paydo bo‘lib, ko‘pincha surunkali tusga o‘tadi va tez-tez qo‘zg‘ab turadi. Bu dard bilan ayniqsa, 30-50 yoshlilar ko‘proq kasallanadi.

Kelib chiqishiga sabablar.

  • Bir joyda uzoq vaqt noqulay holatda o‘tirish;
  • Og‘ir yuk va uni noqulay holatda ko‘tarish;
  • Beldagi dastlabki og‘riqlar paydo bo‘lganda ham beparvo bo‘lish;
  • Og‘ir jismoniy harakatlarni bajarish;
  • Trenajyorlarda uzoq vaqt, me’yorsiz ogvir mashqlarni bajarish;
  • Muntazam baland poshnali oyoq kiyimlarda yurish;
  • Kamharaktlik;
  • Zax va sovuq joylarda ko‘p ishlash;
  • Osteoxondroz va skolioz natijasida;

Radikulit azoblari.

Kasallik turlicha og‘riqlar va bezovtaliklar bilan kechadi. Ayrim hollarda u uch-to‘rt kun ichida o‘tib ketadi. Bu o‘tkir holat deyilib, keyinchalik qayta qo‘zg‘atishi ham mumkin. Ko‘pincha radikulit bemorga uzoq vaqt og‘riq beradi. Bu davrda bemorga e’tiborsizlik bilan qaralsa, shifokorga olib borilmasa, bora-bora harakatlanishga qiynaladi, oqsoqlanadi, hatto yurolmay qoladi. Kasallikka chalingan organizm noziklashib qoladi va kutilmaganda qilingan arzimas harakatlar, og‘ir yuk ko‘tarish, hatto havo biroz soviganda ham dard bezovta qiladigan bo‘lib qoladi. Shu belgilar yuzaga chiqqanda ham e’tiborsizlik bo‘lsa, bemorning oyoqlari falajlanib, bora-bora nogironlik holatiga ham o‘tib qolishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  O'zbekiston farmasevtika sanoati barcha normativ aktlarni qayta ko'rib chiqishni rejalashtirmoqda

E’tborsizlik qilmang!

Yuqorida bot-bot “e’tiborsiz bo‘lmang” – deya takrorladik. Xo‘sh, siz nima qilishingiz kerak. Radikulit og‘riq bilan kechib o‘zini tezda oshkor qiladi. Shuning uchun umurtqa bo‘ylab og‘riqlar kuzatilsa darhol shifokor ko‘rigiga boring va kasallikning surunkali ko‘rinishiga o‘tib ketishidan asraning!

Eslatma o‘rnida shuni aytib o‘tishimiz lozimki, bu kasallik o‘z-o‘zida yo‘q bo‘lib ketadigan kasallik emas. Ya’ni, radikulit og‘riqlari qancha chidasangiz ham qolib ketadigan kasallik emas. Radikulitda eng muhimi – issiqlikdir. Bunda bemor yotib davolanishi kerak. Issiqlik umurtqadagi zo‘riqishning kamayishini ta’minlab, og‘riqni bartaraf etadi.

Qayerlarda og‘riq kuzatiladi deysizmi?

Asab tolalarining zararlanishiga qarab, radikulit bir qancha turga ( Bel-dumg‘aza, bo‘yin-yelka, ko‘krak radikuliti ) bo‘linadi.

  • Bel-dumg‘aza radikulitida bel va dumg‘aza sohasida hamda quymich nervi bo‘ylab og‘riq seziladi. Og‘riq bemor qimirlasa kuchayadi. Yurganda esa tanasini oldinga yoki yon tomonga egib oladi, natijada umurtqa pog‘onasi qiyshayishi, mushaklar taranglashishi kuzatiladi. Ba’zan bemor og‘riqqa chiday olmay, oyoqlarini bukib qorniga tortadi va shu tariqa yotib oladi. Agar faqat bel narvi ildizlari zararlansa, og‘riq son yuzasida seziladi. Quymich nervi chiqadigan dumg‘aza ildizchalari zararlansa, dumba, sonning orqa yuzasi va oyoq panjalarida og‘riq kuzatiladi. Bunda oyoq sovqotadi, uvishadi, chumoli o‘rmalagandek sezgi paydo bo‘ladi.
  • Bo‘yin-yelka radikulitida og‘riq ensa, yelka hamda kurak sohalarida kuzatiladi. Boshni qimirlatganda, kuchliroq yo‘talganda og‘riq zo‘rayadi. Aytib o‘tilgan sohalarda uvishish, achishish kabii belgilar kuzatiladi hamda mushaklar kuchsizlanib qoladi.
  • Ko‘krak radikuliti juda kam uchraydi. Bunda asosan og‘riq qovurg‘alar oralig‘ida bo‘ladi. Bemor qimirlaganda yoki chuqur nafas olganda og‘riq kuchayadi. Radikulitning bu turi ancha xavfli bo‘lib, e’tiborsizlik qilinsa, turli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Davolanamiz!

Radikulit bilan og‘rigan bemorni nevropatolog davolaydi. Muolaja kasallikni keltirib chiqargan sabablarni aniqlashdan boshlanadi. Shundan so‘ng  shifokor tomonidan og‘riqni kamaytiruvchi dorilar hamda fizioterapevtik muolajalar, davo gimnastikasi, umurtqalararo disk faoliyatini tiklash kabi usullar tavsiya etiladi.

Radikulit kasalligida tavsiya etiladigan mashqlar

Radikulitda tavsiya etiladigan mashqlar

Uy sharoitida belga issiq qo‘yish, reklamalardagi og‘riq qoldiruvchi dorilar hamda sutrmalardan foydalanish vaqtincha naf beradi. Agar bemor vaqtida, ya’ni belda og‘riq kuzatilgach nevropatologga murojaat etsa, kasallikdan butkul qutiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Bavosil yoxud gemorroy haqida

Taomnoma.

Radikulit kasalligida bemorning kundalik ozuqasi tarkibida ko‘proq xom sabzavotlar bo‘lishi kerak. Masalan, bodring, pomidor, karam, rediska. Sabzi, karam, yalpizni bug‘da pishirib iste’mol qilish ham ancha samarali.

Bundan tashqari, har kun ertalab, 2-3 ta sarimsoq yeyish va bir kunda bitta limon sharbatiga tuz qo‘shib, suv bilan aralashtirib ichish ham yaxshi natija beradi. Og‘riq kuchaygan vaqtda yog‘li, qovurilgan taomlar, qandolat mahsulotlari, qahva, achchiq choy ichish mumkin emas!

Xo‘sh, sizda bu kasallik yo‘qmi, unda bu kasallikni oldini oling!

Bu juda oson, doimo harakatda bo‘ling, og‘ir buyumlarni ko‘tarishdan saqlaning, bel hamda bo‘yinni hech qachon “qirsillatmang”.

© «Tashxis» gazetasi.


Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: