5
(1)

Radikulit bu — orqa miyaning asab ildizchalari va ulardan ketadigan asab tolalari zararlanishi tufayli yuzaga keladigan kasallik hisoblanadi.

Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, insonning umurtqa kanalida orqa miya mavjud. Shu orqa miyadan o‘ttiz bir juft asab ildizchalari chiqadi. Ana shu asab ildizchalari umurtqa kanalidan ingichka suyak teshigi orqali harakatlanadi. Uning aylanasi asab ildizchasidan salgina katta, xolos. Har bitta ildizchalar bir-biridan ajralib turadigan asab tolalaridan iborat. Asab tolalarining har biri o‘z vazifasiga ega. Ularning ayrimlari kishidagi sezgirlik uchun javob bersa, boshqasi atrofdagi to‘qimalarning oziqlanishini va kishidagi qon aylanishini boshqaradi, yana bir turi mushaklarning qisqaruvchanligini nazorat qiladi. Tanamizdagi asab tolalarining qaysi birining ish faoliyati buzilmasin, og‘riq beradi. Aynan o‘sha kasallikni biz radikulit deb ataymiz.

Radikulit dardi tananing bo‘yin, yelka, ko‘krak, bel-dumg‘aza va oyoqlarga og‘riq beradi. Kasallik o‘tkir va surunkali turlari bilan farqlanib, uning zararlanish joylariga qarab, shakllarga ajratiladi.

Kasallikning eng ko‘p uchraydigan turi bel-dumg‘aza radikuliti bo‘lib, unda og‘riq bel-dumg‘aza sohasida kechadi, ammo ayrim hollarda dumba, son va boldirga ham og‘riq berishi mumkin. Og‘riq harakatlanganda kuchayib, bemor birdaniga turolmaydi, yurganda esa tanasini to‘g‘ri ushlolmaydi. Chunki tanani qaysidir shaklda ushlaganda, kuchli og‘riq kamaygandek bo‘ladi. Shu sababli kishi qiyshaygan holatda yurishga majbur bo‘ladi. Bemorning oyoqlari muzlab, uvishib, unda xuddi chumoli o‘rmalagandek belgilar seziladi. Kasallikka vaqtida e’tibor qilinmasa, kasal odam erkin harakatlanolmaydi va og‘riq yanada kuchayib boradi.

Kasallikning yana bir turi bo‘yin-yelka radikulitidir. Unda og‘riq tananing bo‘yin, yelka, kurak va ensa qismlarida sodir bo‘lib, boshni qimirlatganda, qo‘lni harakatlantirganda va hatto yo‘talganda ham kuchli og‘riq beradi. Bu turdagi radikulitning asoratlari ham yaxshi emas. Bemor kishining qo‘l mushaklari kuchsizlanib, harakatsizlanib, uvishadigan, lovullab achishadigan, hatto sanchiqlar ham paydo bo‘lishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlik taqvimi: 15-hafta

Ko‘krak radikuliti bu kasallikning juda kam uchraydigan turi bo‘lib, unda og‘riq, asosan, qovur-g‘alar oralig‘ida bo‘ladi va bemor qimirlaganda, ayniqsa, chuqur nafas olganda kuchayadi. Radikulitning bu turiga aslo e’tiborsizlik bilan qaramang, chunki kasallik zo‘rayib ketishi va boshqa jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin.

Xo‘sh, radikulit kayerdan va nima sabab bilan yuzaga keladi? Bu savol hammani qiziqtirishi tabiiy. Kishi bu darddan saqlanishi va doim sog‘ bo‘lishi uchun, avvalo, umurtqa pog‘onasi kasalliklaridan o‘zini asrashi lozim. Ayniqsa, osteoxondroz (xalq tilida uni tuz yig‘ildi ham deb ataymiz) va skoleoz radikulit uchun ayni muddao. Unda umurtqalararo disk tog‘aylarining elastikligi yo‘qolib boradi va umurtqalararo soha torayib, orqa miyadan chiquvchi asab tolalarini siqib qo‘yadi. Natijada o‘sha yerda asab tolalari harakatlanishi qi-yinlashadi va tanaga og‘riq beradi. Umurtqa pog‘onasidagi nerv  tolalari ish faoliyatining buzilishidan tashqari, ba’zan gipodinamiya, ya’ni kam harakatlilik ham radikulitning xavfini keltirib chiqaradi. Ko‘pincha zax va sovuq joylarda ishlash natijasida tananing sovqotishi, juda og‘ir yuklar ko‘tarish tufayli ham radikulit paydo bo‘ladi. Shuningdek, gohida tananing ayrim a’zolarini keskin harakatlantirish, hatto tanaga zaharli moddalarning umumiy ta’siri bilan radikulit kasalligiga chalinib qolishimiz hech gap emas.

Agar sizda radikulit kasalligi mavjud bo‘lsa, aslo tushkunlikka tushmang. To‘g‘ri, bu kasallikning og‘rig‘i kuchli, ammo bedavo dard emas. Bemor imkon qadar kasallikni zo‘raytirmasdan shifokorga ko‘rinsa, sog‘ayishi oson bo‘ladi hamda kasallik surunkali tusga o‘tib ulgurmaydi. Aksincha, ba’zida ayrim bemorlar tanasidagi kuchli og‘riqqa ham qaramasdan chidab yuraveradilar. Natijada kasallik zo‘rayib boraveradi. Chunki radikulit o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadigan dard emas. Gohida kasallik 3-4 kun ichida o‘tib ketishi ham mumkin. Bu kasallik butunlay yo‘qoldi, degani emas. Aksincha, bu o‘tkir radikulit bo‘lib, yana qaytalab qolishi bilan xavfli.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Xotira pasayishi sabablari va mustahkamlash usullari

Ko‘pincha radikulit uzoq muddatga cho‘zilib, bemorga azob beradi. Bu davrda kasallikka e’tiborsizlik bilan qaralsa, bora-bora bemor harakatlanishga qiynaladi, oqsoqlanadi, hatto yurolmay qoladi. Buning natijasida tanada ikkilamchi harakat tizimi o‘zgarishlari yuzaga kelib, kishi yana boshqa kasalliklarga chalinib qolishi ham mumkin.  Kasalikka chalingan organizm noziklashib qoladi va kutilmaganda qilingan arzimas harakatlar, og‘ir yuk ko‘tarish, hatto havo biroz soviganda ham bu kasallik ularni bezovta qiladigan bo‘lib qoladi.

Radikulit menga yaqin kelmasin desangiz, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qiling, doimiy harakatda bo‘lib (masalan, sport bilan shug‘ullanib), tanangizni chiniqtirib, to‘g‘ri ovqatlanib, asabbuzarliklardan saqlaning. Shuningdek, tanangizni sovuqdan, turli yuqumli kasalliklardan asrasangiz, bilingki, o‘zingizni radikulitdan himoya qilgan bo‘lasiz.

© G‘ayrat NURIMOV, tibbiyot fanlari nomzodi.

© «Shifo-info» gazetasi.


Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: