El sog‘ligi — yurt boyligi

Quruq yuz terisi uchun niqoblar

Quruq yuz terisi yog‘li yuz terisiga qaraganda birmuncha yupqa, silliq va nozikdir. Har bir quruq yuz terisi turlicha ko‘rinishga ega. Yoshlikda bu teri u qadar muammoli hisoblanmasa-da, tashqi muhit, ya’ni shamol, sovuq, issiq, quyosh nuri, turli xil parfyumeriya vositalari bunday unga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

quruq yuz parvarishi

Bu teri vaqti-vaqti bilan namlantirib va oziqlantirib turilishi lozim. Aks holda yuzga erta ajin tushishi, tortishib qolishi, yallig‘lanishi mumkin. Yuz terisining haddan tashqari qurib ketishi organizmda A, C va PP vitaminlarining yetishmasligi yoki jigar va oshqozon osti bezi xastaliklaridan darak beradi.

Agar terining quruqlashishi yosh bilan bog‘liq bo‘lsa, kosmetik preparatlardan tashqari nafaqat yuz berisidagi, balki butun organizmdagi suv tanqisligini to‘ldirish chorasini ko‘rish lozim. Ya’ni ko‘proq suv ichishga to‘g‘ri keladi.

Massaj quruq teri uchun foydali. Shuningdek, oziqlanitiruvchi va vitaminli kremlar uni elastik qiladi, ter bezlari faoliyatini normallashtiradi, terini tashqi ta’sirlardan asraydi.

Yuz teringiz qaysi toifada ekanligini aniqlash uchun mana bu yerdagi testni yeching.

Quyida quruq yuz terisiga mo‘ljallangan niqoblar bilan tanishasiz.

Quruq yuz parvarishi uchun niqoblar

  • 1 ta tuxum sarig‘iga chorak osh qoshiq asal va 0,5 choy qoshiq suli uni qo‘shiladi. Niqob yuzga surtiladi va 10-15 daqiqadan so‘ng iliq suvda chayib tashlanadi.
  • 1 ta tuxum sarig‘i 1 choy qoshiq zaytun yoki jo‘xori, yo boshqa biror o‘simlik yog‘i bilan aralashtiriladi. Qoshiqning uchida ozgina asal qo‘shiladi. Yuzga surtilib, 10 daqiqa qoldiriladi. So‘ng suv va sut aralashmasi bilan chayib tashlanadi.
  • 1 ta ko‘pirtirilgan tuxum oqi 1 osh qoshiq asal va 2 choy qoshiq un bilan aralashtirililadi. Tayyor niqob yuzga surtiladi va 10 daqiqa qoldiriladi. So‘ng iliq suv bilan yuvib tashlanadi.
  • 1 ta ko‘pirtirilgan tuxum sarig‘i 1 osh qoshiq sut va 1 choy qoshiq asal bilan aralashtiriladi. Yuzga surtiladi va 15 daqiqdan so‘ng iliq suv bilan yuviladi.
  • 1 osh qoshiq asal 2 osh qoshiq suyuqroq tvorog bilan aralashtiriladi. Bu mahsulot yuzda 30 daqiqa davomida ushlab turiladi. Vaqt o‘tgach, iliq suv bilan yuvib tashlanadi. Bu niqob terini ajoyib oziqlantiradi.
  • 2 osh qoshiq suli yormasi, 1 osh qoshiq asal, 30 g sut, 1 osh qoshiq zaytun yog‘i va 3 tomchi limon sharbati yaxshilab aralashtiriladi. Yuzga surtilgach, 20 daqiqa turadi.
  • 20 g limon sharbati, 10 g asalari mumi (pcheliny vosk), 10 g quruq yuzlar uchun oziqlantiruvchi krem, 5 g 96 foizli spirt aralashtiriladi. Tayyor aralashma yuzga surtilib, 20-30 daqiqaga qoldiriladi. So‘ng iliq suvda yuviladi. Bu jarayon har 2 kunda 1 marta qaytarilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
  • 30 g bug‘doy uni, 20 g suv va 50 g asal aralaщiriladi. Mahsulotlar yaxshilab aralashtirilgach, tayyor holida 20 daqiqaga yuzga surtiladi. Uy haroratidagi suvda yuvib tashlanadi.
  • Agar teri po‘st tashlasa (sho‘ralasa), u holda asal va jo‘ka (lipa) guli qaynatmasi yordam beradi. U yarim stakan suv, 2 osh qoshiq jo‘ka guli va 1/3 choy qoshiq asaldan tayyorlanadi. Yuz u bilan har kuni yaxshilab artib turilsa, sho‘ralash asta-sekin yo‘qoladi.
  • Kechqurun esa quyidagi jarayon foydali: 1 choy qoshiq asal tuxum oqi bilan ko‘pirtiriladi. Aralashma qo‘l kaftiga qo‘yiladi va po‘st tashlagan joylarga surtiladi. Niqob moychechak yoki yalpiz qaynatmasi bilan yuvib tashlanadi.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.