3.5
(25)

Yoshi ulg‘aygani sari ko‘pchilik erkaklarda qorin chiqishi bilan bog‘liq muammo yuzaga keladi. Ba’zilarda tananing boshqa joyi semirmasdan, faqat qorinning kattalashishi kuzatiladi.

Buning sababi nimada? Mavzumiz aynan ana shu haqda.

qorin chiqishi

Qorin chiqishiga ko‘pincha gavdani to‘g‘ri tutmaslik,   noto‘g‘ri ovqatlanish va press mashqlar bilan ishlamaslik sabab bo‘ladi. Agar har kuni qorin mushaklariga ishlov beruvchi mashqlar bajarilmasa, qorinni yo‘qotish qiyin kechadi.

Ko‘pchilik piyoda yurishni jismoniy mashg‘ulot deb biladi. Lekin piyoda yurganda, qorin mushaklari umuman harakatlanmaydi. Shunday ekan, qorinni qanday yo‘qotish mumkin?

Qorin chiqishi bezovta qilyabdimi? Unda nafsni tiying!

Bu jarayonni eng oddiy usul hisoblanmish  parhezdan boshlasak. Bunda, avvalo, kundalik iste’mol qilinayotgan oziq-ovqatlar kaloriyasiga e’tibor berish zarur. Ovqat miqdori sutkada 500 kkal.dan oshmasligi kerak. Odatga ko‘ra, qariyb barcha erkaklar shirinlikni xush ko‘rishadi. Shu bois turli shirinliklar, ichimliklardan voz kechishingiz kerak. Choy va kofeni shakarsiz ichish talab etiladi. Alpqomat bo‘lishni istasangiz, alkogol ichimliklar, xususan, pivoni umuman unuting. Bundan tashqari, chips va muzqaymoqlar bilan ham vaqtincha xayrlashishga to‘g‘ri keladi. Sariyog‘ va yog‘li pishloqlar ham qorin chiqishiga olib kelishini unutmaslik lozim. Shu qoidalarga amal qilish bilan taom kaloriyasini kamida 200 kkal.ga kamaytirish mumkin. Bularning o‘rnini yogurt va sabzavotlardan tayyorlangan sho‘r-vaga almashtirsa bo‘ladi.

Dangasa bo‘lmang!

 Uyda jismoniy mashqlar bajarishni kanda qilmang. Bunda gavdani qimirlatmagan holda oyoqlar bilan harakatlanishga e’tibor qarating. Qorinning pastki mushaklariga ishlov berish uchun oyoq bilan turli   mashqlarni bajaring. Shuningdek, sekin-asta qorin mushaklarini chiqarish mashqlarini bajaring. Avvaliga bir oz qiyin bo‘lishi mumkin, lekin vaqt o‘tishi bilan ko‘nikib ketasiz va kerakli natijaga erishasiz.

Nafas olamiz… Chiqaramiz

 Qorin yo‘qotishning yana bir usuli — bu maxsus moylar yordamida bajariladigan uqalash muolajasidir. Bundan tashqari, qorinni tortish mashqi ham juda foydali. Chunki uni istalgan paytda va istalgan joyda bajarish mumkin. Nafas olganda, qorinni torting, chiqarganda esa bo‘sh qo‘ying. Bu usulni 15 martadan bir kunda bir necha bor takrorlang. Agar ushbu usul parhez va boshqa mashqlar bilan birgalikda bajarilsa, bir oy ichida o‘z samarasini ko‘rsata boshlaydi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Dengiz tuzining foydali jihatlari

Jarrohlik stoliga yetib borguncha…

 Ko‘pchilik katta qorin ko‘p suyuqlik iste’mol qilgandan paydo bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Lekin bunday emas. Qorin suyuqlikdan tashkil topmagan, u ortiqcha yog‘larning natijasidir. Chunki iste’mol qilingan suyuqlikning barchasi 15 soatda buyrakka yetib boradi. Ba’zi erkaklar qorinni jarrohlik amaliyoti bilan yo‘qotishga urinishadi. To‘g‘ri, hozirda liposaksiya, abdominoplastika va dermolipektomiya degan tushunchalar bor. Lekin ushbu amaliyotlardan keyin qorin boshqa chiqmaydi, degan kafolatni hech kim berolmaydi. Shuning uchun yuqorida tavsiya qilingan oddiy usullardan foydalanish maqsadga muvofiq.

© «Shifo-info» gazetasi.