El sog‘ligi — yurt boyligi

Qonda qand miqdori ortsa …

Qandli diabetning 1-turi (insulinga qaramlik) asosan 3 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ko‘p uchraydi. 2-turi (ya’ni insulinga qaram bo‘lmagani) asosan 35-40 yoshlardan oshgandan keyin uchraydi. Bolalarda kechadigan 1-turdagi qandli diabet kasalligiga asosan infeksion viruslarning oshqozon osti bezidagi Langergans orolchasiga hujum qilishi sabab bo‘ladi. Epidemik parotit (tepki), suvchechak, infeksion gepatit, sitomegalovirus, qizilcha viruslari hamda irsiy moyillikning ham bu borada ahamiyati katta.

Infeksion kasallikka chalinganlaridan keyin bir haftadan bir oygacha bo‘lgan davrda bolalarda qandli diabet shiddat bilan boshlanishi mumkin. Bemorni tashnalik, ko‘p siyish, doimo ochiqish, ozib ketish, og‘iz qurishi, holsizlik bezovta qiladi. Oshqozon osti bezining Langergans orolchasi to‘qimalari falajlanib, qonda qand miqdori ortadi.

Bola ovqat yeganidan so‘ng ham ochlik hissi bezovta qilaveradi. Buning sababi shundaki, ovqat bilan organizmga tushgan glyukoza yaxshi so‘rilmaydi. To‘qimalar uchun zarur bo‘lgan energiya paydo bo‘lmaganligi uchun to‘qimalar doimiy ochiqish holatida bo‘ladi.

Energiya (quvvat) yetishmagani sababli bemorning holi quriydi, u kuniga 3-5 litr atrofida suv ichadi va shuncha siydik ajratadi. Qonda qand ko‘p bo‘lib, lekin to‘qimalarga so‘rilmagani sababli organizmdagi oqsillar, yog‘lar parchalana boshlaydi. Bemor ko‘p ovqat yegani bilan ozaveradi. Bir necha haftada 8-10 kilogrammgacha vazn yo‘qotishi mumkin. Bemorning terisi qichishadi, toshmalar toshadi, ba’zi bolalarda furunkulyozlar (chipqon va katta yaralar) ko‘payadi, kechqurun siyib qo‘yishi kuzatiladi.

Kasallikni vaqtida aniqlab, tashxis qo‘yilmasa, bolaning ahvoli og‘irlashib, qondagi qand miqdori oshib ketadi va u giperglikemiyadan to koma holatiga ham tushib qolishi mumkin. Qandli diabeti bor bemorlar albatta insulin gormonini qabul qilishlari kerak. Gormon qabul qilish bilan bir qatorda parhezga rioya qilishi shart. Uglevodlardan asosan sekin parchalanadigan qora non, grechixa, perlovka, suli, kartoshka, guruch tavsiya etiladi.

Sabzavot va mevalardan bodring, pomidor, karam, baqlajon, qohu (salat bargi), rediska, ukrop, petrushka, ko‘k olma, olxo‘ri, ozroq smorodina, qulupnay, malina, limon yeyishlari mumkin. Shakar, shokolad, asal, murabbo, muzqaymoq, marmelad, tort kabi mahsulotlar va shirin ichimliklar mumkin emas. Uzum, qovun, ananas, xurmo, shaftoli, nok va olmaning shirin navlarini ham yemaganlari ma’qul.

Bolaning o‘sayotganini hisobga olib, qonda qand miqdorini me’yorda ushlab turish katta ahamiyatga ega. Chunki qonda qand miqdori tez-tez ko‘tarilib yoki tushib tursa, bu hol og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Insulin gormoni yetishmasa, organizmdagi boshqa gormonlar ishida ham o‘zgarishlar kuzatiladi. Natijada bola jinsiy va jismoniy rivojlanishdan orqada qoladi. Ba’zi ota-onalar bola gormonga o‘rganib qoladi deb, dori miqdorini (dozasini) kamaytirishga harakat qilishadi. Bu salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Umuman, qandli diabet bilan og‘rigan bola doim endokrinolog nazoratida bo‘lishi kerak.

Tavsiya etamiz: Qandli diabetda ovqatlanish tartibi

© Hilola HAMROYEVA,
pediatr, pedagog.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.