Qon va uning tarkibi

Qon ikki qismdan iborat:

  • birinchi qismi qonning suyuq qismi, ya’ni qon plazmasi;
  • ikkinchi qismi qonning quyuq qismi, ya’ni shaklli elementlaridir.

Qon umumiy hajmining 55-60% ini qon plazmasi va 40-45% ini shaklli elementlar tashkil qiladi. Qonning o‘rtacha miqdori katta odamda 5 litr bo‘lib, u tana og‘irligining o‘rtacha 7% ini tashkil qiladi. 1 kg tana og‘irligiga o‘rtacha 70 ml qon to‘g‘ri keladi. Bolalarda har 1 kg tana og‘irligiga to‘g‘ri keladigan qon miqdori kattalarnikiga nisbatan ko‘proq bo‘ladi (80 100ml).

Qon plazmasi

Qon plazmasi qonning suyuq qismi bo‘lib, u murakkab aralashmadir. Uning tarkibida oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, mineral tuzlar, gormonlar, fermentlar, antitelalar va erigan holdagi gazlar (kislorod, karbonat angidrid kabilar) bo‘ladi.

Qon plazmasi tarkibida organizmning hayoti-o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur barcha oziq moddalar bo‘lib, ular ovqat hazm qilish organlaridan qonga so‘riladi. Qonning doimiy harakati natijasida bu moddalar hujayralarga o‘tadi va o‘zlashtiriladi. Moddalar almashinuvi natijasida hujayralarda hosil bo‘lgan qoldiq moddalar qonga o‘tib, ayirish organlariga yetkaziladi va tashqariga chiqarib yuboriladi. Plazma tarkibidagi vitaminlar, fermentlar, gormonlar hujayralarda moddalar almashinuvi jarayoni normal o‘tishida va antitelalar organizmni yuqumli kasalliklardan himoya qilishida muhim ahamiyatga ega.

Shunday qilib, qon hamda qon plazmasi odam tanasi hujayralarining oziqlanishida, ulardagi barcha hayotiy jarayonlar normal o‘tishida va organizmni yuqumli kasalliklardan saqlashda muhim ahamiyatga ega. Shunung uchun ham qon yoki undan tayyorlangan plazma davolash maqsadida qo‘llaniladi. Bu qon va plazma sog‘lom odamlardan (donorlardan) olinadi.

Qonning shaklli elementlari

Qonning shaklli elementlariga eritrositlar, leykositlar va trombotsitlar kiradi. Ular qonning quyuq qismini tashkil etadi.

Eritrositlar

Eritrositlar (qizil qon tanachalari) — suyaklarning ko‘mik qismida hosil bo‘ladi. Eritrositlarning hosil bo‘lishi va soni normal miqdorda bo‘lishi odamning sog‘lig‘iga, ovqatlanishiga, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishiga, quyoshning ultrabinafsha nurlarini yetarli qabul qilishiga bog‘liq. Ayniqsa, ovqat tarkibida oqsillar, temir moddasi, V guruhga kiruvchi vitaminlar yetarli miqdorda bo‘lishi zarur. Eritrositlarning asosiy vazifasi organinzmning barcha hujayralarini kislorod bilan ta’minlashdan iborat. Ular tarkibidagi gemoglobin o‘pkalardan kislorodni o‘ziga biriktirib hujayralarga yetkazadi, ularda moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan karbonat angidridni yana o‘ziga biriktirib o‘pkalarga olib boradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Kim qon topshirishi mumkin?

Eritrositlarning soni va ular tarkibidagi gemoglobin miqdorining kamayishi kamqonlik (anemiya) kasalligi deb ataladi. Bu kasalligning oldini olish uchun ovqat tarkibida oqsil, temir moddalari, vitaminlar yetarli miqdorda bo‘lishi, jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanish, nafas oladigan havoning toza bo‘lishi kabilar katta ahamiyatga ega.

Leykositlar

Leykositlar (oq qon tanachalari) — yadroli qon hujayralari bo‘lib, yadrosining shakliga va bo‘yalishiga qarab uch turga: monositlar-bir yadroli yirik leykositlar limfositlar-bir yadroli, lekin monositlardan bir oz maydaroq; donador leykositlar, ya’ni granulositlarga bo‘linadi. Leykositlar sonining ko‘payishi leykositoz, kamayishi leykopeniya deb ataladi. Leykositlar suyaklarning ko‘mik qismida va taloqda (limfositlar) hosil bo‘ladi.

Leykositlarning asosiy vazifasi organizmni yuqumli kasalliklardan himoya qilishdir. Ular organizmga kirgan mikroblarni yutib, eritib yuboradi. Bu hodisa fagositoz deb ataladi. Leykositlarning bu xossasini atoqli rus olimi I.I. Mechnikov aniqlagan. Odam yuqumli kasalliklar bilan kasallanganda leykositlarning soni ko‘payib, 1mm3 qonda 10 20 mingga yetadi va undan ham ortishi mumkin. Odam uzoq vaqt davomida kam va sifatsiz ovqatlansa, bir necha kun, hafta davomida og‘ir mehnatdan charchasa, surunkali uzoq davom etuvchi kasalliklarda leykositlar soni kamayadi. Bu esa organizm nihoyatda kuchsizlanganligidan dalolat beradi.

Trombositlar

Trombositlar (qon plastinkalari) — suyaklarning ko’mik qismida va taloqda hosil bo’ladi. Yadrosi bo’lmaydi. Past tabaqali umurtqali hayvonlar trombositlarning yadrosi bo’ladi. 1mm3 qonda 300-400 ming dona trombosit bo’ladi. Ular leykositlarga o’xshab 2-5 kun yashaydi. Trombositlarning asosiy vazifasi qonning ivishini ta’minlashdan iborat. Ularning soni kamayganda qonning ivish xossasi buziladi. Bunday odamning jarohatlanishi juda xavfli, chunki qon oqishini to’xtatish qiyin bo’ladi. Salgina urilish, turtilish natijasida badandan ko’karish (qon quyilishi) yuzaga keladi, o’z-o’zidan burundan qon kelishi mumkin. Shuning uchun trombositi kamaygan odam har xil shikastlanishlardan saqlanishi zarur. Trombosit tarkibida serotonin moddasi bo’lib, u qon tomirlarini toraytirish va qon ketgan vaqtda uning ivishini tezlashtirish xossasiga ega.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.

Close