Qon nima vazifalarni bajaradi

Qon quyidagi muhim vazifalarni bajaradi:Qonning tashuvchilik vazifasi. Oshqozon-ichaklarda hazm bo’lgan oziq moddalar (oqsillar, yog’lar, uglevodlar, mineral tuzlar, vitaminlar, suv) qon va limfa tomirlariga so’rilib, qon orqali hujayralarga yetkaziladi. Shuningdek, qon o’pkadan kislorod qabul qilib, hujayralarga olib boradi. Hujayralarda moddalar almashinuvi natijasida hosil bo’lgan qoldiq (zaharli) moddalar va karbonat kislota qonga o’tadi. Bu moddalar qon orqali ayirish va nafas olish organlariga yetkazilib, tashqariga chiqarib yuboriladi.

Qon barcha to’qima va organlar funksiyasini gumoral yo’l bilan boshqarilishida ishtirok etadi. Endokrin bezlarda sintez qilingan gormonlar-biologk faol moddalar qonga o’tib, u orqali to’qima va organlarga yetkaziladi va ular nerv sistemasi bilan birga nerv-gumoral boshqarilishini ta’minlaydi.

Qon organizmni himoya qilish (immunitet) funksiyasini bajaradi. Qon tarkibidagi leykositlar (oq qon tanachalari) organizmga kirgan mikroblarni yutish, parchalash va eritib yuborish xususiyatiga ega. Bundan tashqari, qon zardobida maxsus oqsil zarrachalari (antitelalar) bo’lib, ular mikroblarni bir-biriga yopishtiradi va eritib yuboradi. Shunday qilib,qonning immunitetlik funksiyasi organizmning har xil yuqumli kasalliklardan saqlanishga yordam beradi.

Qon tana haroratining nisbiy doimiyligini saqlashda ishtirok etadi. Qonning uzluksiz harakati orqali moddalar almashinuvi natijasida hosil bo’lgan issiqlik energiyasi tananing barcha qismlariga tarqalib, ulardagi harorat doimiyligini ta’minlaydi.

 

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*