El sog‘ligi — yurt boyligi

Qon bosimi oshishi haqida batafsil ma’lumot (So‘ragan edingiz)

Sir emas, hozirgi kunga kelib dunyoda har beshinchi odam xafaqon, ya’ni qon bosimi ko‘tarilish dardidan aziyat chekib kelmoqda. Quyida shu muammo xususida qisqacha ma’lumotlar keltirmoqdamiz.

gipertoniya haqida

Qanday qon bosimi me’yoriy darajada hisoblanadi?

Katta yoshdagi sog‘lom odamning arterial qon bosimi o‘rtacha 100-120/70-80 mm. simob ustuniga teng bo‘lishi me’yoriy holatdir . Agar bosim 130-140/80-90 gacha ko‘tarilsa ham u «me’yoriy darajada» ko‘tarilgan hisoblanadi.

Qon bosimining JSST ma’lumotlariga ko‘ra me’yoriy darajasini bilish uchun mana bu maqolani o‘qing

Arterial qon bosimining ko‘tarilishi kishi individiual (shaxsiy) xususiyatlariga, turmush tarziga va kasbiga bog‘liq. Yosh o‘tgan sari u balandlashib boradi. Jismoniy va ruhiy zo‘riqish ta’sirida ham qon bosimi oshadi.

Ammo muntazam ravishda og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi kishilar va sportchilarda arterial bosim 100-90/60-50gacha tushishi ham mumkin.

Gipertoniya, ya’ni xafaqon dardi tashxisi qachon qo‘yiladi?

Arterial gipertoniya tasxhisi, shifokor qabulida bemorning bosimi ikki yoki undan ortiq marotaba 140/90 dan ortiq ko‘tarilganda qo‘yiladi.

Gipertoniya turlicha bo‘lishi rostmi?

Arterial gipertoniyaning birlamchi, ya’ni yurak qon-tomir tizimiga bog‘liq turi ko‘p uchraydi. Arterial gipertoniya bilan og‘rigan bemorlarning 3/4 qismida kasallikning aynan shu shakli kuzatiladi. Ikkilamchi gipertoniya esa buyrak kasalliklarida, endokrin tizimning buzilishlarida va boshqa xastaliklarning alomati sifatida yuzaga chiqadi.

Gipertoniyaning kelib chiqish sabablari nimada?

Gipertoniya kelib chiqish sabablarining barchasi aniqlangan deb bo‘lmaydi. Mutaxassislarning ko‘pchiligi bu kasallik turli omillar ta’sirida rivojlanishini ta’kidlaganlar.

Bu omillarning asosiylari quyidagilar:

Kasallik alomatlari qanday?

gipertoniya belgisi

Kasallik asta-sekinlik bilan avj oladi. Dastlab vaqti-vaqti bilan bosh og‘riydi, yurak tez-tez urishi, holsizlanish, quloqda shovqin yoki bitishi, arterial bosimning ko‘tarilib-tushishi kabi holatlar kuzatiladi. Keyin ba’zida qo‘l-oyoq barmoqlari uvushadi, uyqu buzilishi, ko‘zlar oldida uchqunlar ko‘rinadi, tez charchash alomatlari vujudga keladi. Arterial bosim muntazam ravishda ko‘tarilsa, qon-tomirlarda sklerotik o‘zgarishlar, ya’ni pilakchalar paydo bo‘ladi. Bu holat bir necha yillargacha davom etishi mumkin.

Arterial gipertoniyaning uchta darajasi farqlanib:

  • Birinchi darajada qon bosimi: 140-159/90-90.
  • Ikkinchi darajada qon bosimi: 160-179/100-109.
  • Uchinchi darajada qon bosimi: 180/110 mm. simob ustuniga teng bo‘ladi.

Ikkilamchi arterial gipertoniya

Ikkilamchi arterial gipertoniya biron-bir kasallikning asorati hisoblanib, birinchi navbatda asosiy kasallikni davolash kerak. Ikkilamchi arterial gipertoniyaning bir necha shakli bor:

  • Buyraklarga xos gipertoniya: buyraklarga qon yetarli miqdorda kelmasa, buyrak arteriyasining qisqarishi natijasida vujudga keladi. Bunda buyraklarda arterial bosimni ko‘taradigan moddalar sintezi kuzatiladi.
  • Endokrin tizimga xos ikkilamchi xafaqon qator ichki sekretor bezlar kasalliklari natijasida rivojlanadi.
  • Gemodinamik, ya’ni mexanik gipertoniya shoh tomir(aorta)ning qisqarishi natijasida vujudga keladi.
  • Neyrogen: bosh miya shishlarida, insult, shikastlanishlarda va kalla suyagi ichidagi bosim ko‘tarilishi natijasida rivojlanadi.
  • Dorivor vositalarga bog‘liq gipertoniya: og‘iz orqali ichiladigan kontratseptivlar, yallig‘lanishga qarshi nesteroidli vositalar, endokrin va asab tizimini stimullovchi ba’zi moddalarni qabul qilish natijasida yuzaga keladi.

Qanday omillar gipertoniya rivojlanish xavfini tug‘diradi?

Bu omillar quyidagilardan iborat:

  • Irsiyat. Agar onaga arterial gipertoniya tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa, uning farzandlarida ham kasallikning rivojlanish xavfi bor. Ayniqsa, oilada ikki yoki undan ortiq qarindoshlarning bu xastalik bilan og‘riganligi moyillik xavfini yanada orttiradi.
  • Yoshi. Erkaklarda arterial gipertoniya 35-50 yoshlarda, ayollarda klimaksdan keyin yuzaga kelishi mumkin. Kishi yoshi ulg‘aygan sari arterial bosim ham ko‘tariladi.
  • Ziqlik (stress) va ruhiy zo‘riqish. Ziqlik gormoni bo‘lmish adrenalin yurakni tez urishga majburlab, ko‘p qon haydaydi. Natijada arterial bosim ko‘tariladi. Uzoq davom etadigan ziqlik holatida arterial bosimning ko‘tarilishi surunkali tusga aylanadi.
  • Alkogol ichimliklarni iste’mol qilish arterial bosimni keskin ko‘taradi .
  • Ateroskleroz. Ortiqcha xolesterin tufayli qon tomirlar ichida pilakchalar paydo bo‘lib, bosim ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.

Diqqat! Arterial gipertoniya o‘z navbatida aterosklerozning rivojlanishiga olib keladi, ya’ni bu ikki kasallik bir-birlari uchun o‘ta xavfli omillar sirasiga kiradigan sherik dardlar hisoblanadi.

  • Kashandalik. Tamaki tutuni qon tarkibiga kirib qon-tomirlar torayishini keltirib chiqaradi. Nikotin og‘usi arteriyalar devorlarini shikastlab, aterosklerotik pilakchalarni ko‘paytiradi.
  • Ortiqcha natriy. Zamondoshlarimizning aksariyati osh tuzini me’yoridan ortiq iste’mol qilishga odatlanishganliklari ham xatarli omillar sirasiga kiradi.
  • Gipodinamiya. Kam harakatlanuvchi odamlar gipertoniyaga chalinish xavfi sport va jismoniy mehnat bilan faol shug‘ullanuvchi kishilarga qaraganda 1,5 barobar oshiq. Mashq qilmagan yurak zo‘riqishni ko‘tara olmaydi, moddalar almashinuvi sekinlashadi. Bundan tashqari jismoniy faollik ziqlik bilan kurashishga yordam beradi, gipertoniya esa organizmning asab tizimini bo‘shashtiradi.
  • Semirish. Ortiqcha vaznli odamlarda arterial bosim yuqori bo‘ladi. Tadqiqotlarga qaraganda ortiqcha vaznning har bir kilogrammi arterial bosimni 2 birlik darajasida ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.

Diqqat! Agar siz ushbu moyil guruhga ikki ko‘rsatkich bo‘yicha mansub bo‘lsangiz, demak gipertoniyaga chalinishingiz xavfi bor. Shuning uchun kasallikning oldini olishga barvaqtroq, jiddiy harakat qilishingiz kerak.

Qon bosimi oshishi holati profilaktikasi uchun nima qilish kerak?

qon bosimi oshishi

Ushbu mahsulotlardan voz keching!

Gipertoniyaning oldini olish turli xavfli omillarini yo‘qotishga qaratilgan.

Quyidagilar qat’iy man etiladi:

  • Alkogol ichimliklar iste’moliga odatlanish (ayniqsa, dorilarni birga ichish);
  • kechasi bilan ishlash;
  • bir kecha-kunduz davomida 7 soatdan kam uxlash;
  • o‘zingizda «qo‘shniga yordam bergan» dorilarni sinab ko‘rish.

Qat’iy zarur:

  • chekishni tashlash;
  • tuzni iste’mol qilishni cheklash (ovqatlarga ziravor ko‘katlarni qo‘shish);
  • ko‘proq mevalar, ko‘katlar, kaliyga boy mahsulotlar (o‘rik qoqi, piyoz) iste’mol qilish, oqsillarga boy ovqatlarni cheklash;
  • ovqatlanish tartibiga rioya qilish (ayniqsa shu paytlarda dori ichish belgilangan bo‘lsa)
  • ortiqcha vazndan xalos bo‘lish;
  • turmush ikir-chikirlari, noxushliklariga ortiqcha asabiylik bilan yondoshmaslik;
  • ko‘p xarakat qilish, ayniqsa, piyoda yurish va suzish foydali;
  • muntazam ravishda arterial bosimni o‘lchatib yurishga odatlanish;
  • shifokorning hamma tavsiyalariga rioya qilish.

Gipertoniya kasalligida qanday ovqatlanish zarur?

gipertoniyada ovqatlanis

Arterial gipertenziyaga chalingan bemorlar 10 raqamli parhez dasturxoniga muvofiq ovqatlanishlari kerak.

Gipertoniya kasalligida qanday ovqatlanish kerakligi haqida «Gipertoniklar taomnomasi» maqolasi orqali batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Ovqatlanish tartibi: go‘shtning yog‘siz turlari, suvda pishirilgan baliq, seld balig‘i (haftada 1 – 2 marta) sut va sutli mahsulotlar, yog‘siz tvorog va pishloqlar, marjumak, bug‘doy, suli yormasiga to‘yingan bo‘tqa, sabzavotli, loviyali, yormali, sutli sho‘rvalar, yog‘siz sutli sho‘rva (haftada 1 -2-marta), bir kunga 4 -5 bo‘lak oq va qora non, sabzavotlar, loviyali vinegret va salatlar, ko‘rinishi yaxlit va tuzlangan karam, bodring (o‘simlik yog‘i qo‘shib), pomidorlar, oshqovoq, kartoshka, no‘xat, loviya, mosh hamda kaliy va magniyga boy mahsulotlar (o‘rik qoqi, piyoz, olxo‘ri) taomnoma tarkibidan o‘rin olgan bo‘lishi lozim.

Foydali maqola: Qon bosimi oshganda birinchi yordam ko‘rsatish

Naima Nasriddinova.
Tibbiyot fanlari doktori, professor.
«Tib.uz» nashri.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Savollar

  1. Abdulsayid

    Hozirda 8haftalik homiladorman qon ajralishi kuzatilmoqda biz rossiyadamiz shifokor ga korinsam homila tushish havfi bor dedi uy sharoitida qanday dori ichsam boladi homilani saqlash uchun

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *