4.3
(93)

Tremor “titroq” degan ma’noni anglatadi. Tremor (Qoʻl qaltirashi) ikkala qo‘l, oyoqlar, bosh va tanada kuzatiladigan titroqlar. Tremor, ko‘pincha, simmetrik tarzda namoyon bo‘ladi va ikkala qo‘lda ko‘p uchraydi. Har kim o‘zida tremor bor-yo‘qligini aniqlab olish uchun ikkala qo‘lini oldinga cho‘zib turishi kerak.

Qo‘l qaltirashi

Shifokor konsultatsiyasi

Diagnostika

Tremor (Qoʻl qaltirashi) sabablari

Tremor nevrozda, ya’ni ko‘p asabiylashadigan va tez hayojonlanadigan odamlarda ko‘p uchraydi. Bunday odamlarda ortiqcha hayojonlanish tremorni kuchaytirib yuboradi. Biroq tremor eng ko‘p uchraydigan va yillab davom etadigan kasallik borki, uning nomi “Essensial tremor” dir. Bu kasallik ko‘pincha nasldan-naslga o‘tadi. Bunday bemorlarda tinch holatda ham kichik amplitudali tremor kuzatilib turadi, ya’ni tremor doimiyligi bilan ajralib turadi. Nevrozlarda tremor doimiy emas, ya’ni bemor tinchlanganda, uning fikrini chalg‘itganda, psixoterapiya o‘tkazilsa, fizioterapevtik muolajalar va tinchlantiruvchi dorilar qo‘llaganda tremor kamayadi yoki yo‘qoladi. Bu muolajalar samarasi essensial tremorda juda past. Shuningdek, nevrozlarda turli darajada ifodalangan hulq-atvor buzilishlari aniqlanadi.

Bo‘qoq kasalligida ham tremor kuzatiladi. Ularda yurakning tez-z urishi, ko‘p terlash, oyoq-qo‘llarning muzlab yurishi, qo‘rquv va fobiyalar, qonda T3 va T4 miqdorining oshishi tireotoksik tremor uchun juda xos. Tremor, shuningdek, parkinsonizm kasalligi, miyacha kasalliklari,  surunkali alkogolizm, mis, qo‘rg‘oshin, simob va marganes kabi metallar bilan surunkali zaharlanishlarda ham kuzatiladi.

Yuz-ko‘zlarda uchraydigan tiklarni tremor bilan chalkashtirmaslik kerak. Tik degani ma’lum bir muskullarda kuzatiluvchi va takrorlanib tuvurchi kichik titroqlardir. Tiklar tez chastotali bo‘ladi, qisqa muddat davom etadi va shu tarzda takrorlanib turaveradi. Qaysi muskullarda joylashganiga qarab, tiklar turli–tuman ko‘rinishlar, ya’ni qosh qoqish, ko‘zni yumib–ochish, bujmaytirish, burunni tortib qo‘yish, lab burchaklarini qimirlatish, boshning silkinib ketishi kabi ixtiyorsiz harakatlar bilan namoyon bo‘ladi. Agar tiklar tananing boshqa qismlariga tarqalsa, yelkani siqish, qo‘llarni qimirlatish, nafas olish harakatlarini qilish va qorinni ichkariga tortish kabi tiklar ham kuzatiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Radikulit - og‘riqlar azobi

Til, halqum muskullarida kuzatiladigan tiklar vokal harakatlar bilan namoyon bo‘ladi. Vokal tiklarda bemor o‘z–o‘zidan ovoz chiqarib baqirib yuboradi, uning ovozi xuddi opera teatrida kuylayotgan qo‘shiqchilar ovoziga o‘xshab ketadi. Bu holat Turett sindromi uchun juda xos. Tiklar takrorlanib turuvchi yo‘tallar, ovoz qirishlar, xushtak chalib yuborishlar bilan ham namoyon bo‘ladi.

Tiklar ko‘p hollarda hulq–atvor buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Tiklar tomog‘i ko‘p “shamollaydigan” bolalarda ham kuzatilib turadi. Bunday bolalarning diqqati tarqoq bo‘ladi, bir joyda tinch o‘tira olmaydi, ota-onasi koisa yig‘lab yuboradi, qo‘lidan narsalarni tushirib yuboradi, ovqatni to‘kib yeydi, eslab qolish qobiliyati sust bo‘ladi.

Tashxis qo‘yish va davolash

Bemorni albatta nevropatologga ko‘rsatib tashxisni aniqlab olish zarur. Vrachning o‘zi kasallik sababini aniqlab to‘g‘ri davolash muolajalarini belgilaydi. Har qanday tremorni bartaraf etish avvalombor uning sababini aniqlashni talab etadi.

© Ibodullayev Zarifboy, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.