4.6
(7)

Qish mavsumida kichik yoshdagi bolalarni parvarishlash onalarga biroz qiyinroq tuyuladi. Sababi, bu davrda yuqumli kasalliklar xavfi odatdagidan ko‘ra ortadi. Eng to‘g‘ri yechim esa ba’zi maslahatlarga amal qilishdir. Ana shunda farzandingizning salomatligi borasida qayg‘urmasangiz ham bo‘ladi. Bor-yo‘g‘i gigiyena va chiniqtirish muolajalariga vaqtida e’tibor qilsangiz bo‘lgani.

Sayrni kanda qilmang!

Shu yo‘l bilan bolajoningizni raxit kasalligidan himoyalash bilan birga chiniqtirasiz. 6 oygacha bo‘lgan chaqaloqni shamolsiz, ochiq havoda 10-15 daqiqa sayr qildirish, undan kattalari, esa, hatto qor-yomg‘irli havoda 20 daqiqa aylantirish mumkin.

Burunchasini himoyalaymiz!

Bir yoshga yetmagan bolani odamlar gavjum bo‘lgan joylarga olib bormang. Poliklinika yoki sayrga chiqishdan oldin burni atrofiga oksalin surtmasidan surtish yoki interferon tomchi dorisidan tomizib, keyingina olib chiqish kerak. Bu vositalar havodagi infeksiyalarning nafas yo‘llariga kirishiga to‘sqinlik qilib, bolaning immunitetini oshiradi.

Asosiy talab – gigiyena!

Shaxsiy gigiyenaga qishda ko‘proq ahamiyat bering. Nafaqat kichkintoyning balki o‘zingiznikiga ham. Bir haftada bir marta xona eshiklarining tutqichlari, polni xlorli suv eritmasida artib turing. Bolani ovqatlantirishdan oldin qo‘llarini xo‘jalik sovunida (u infeksiyalarni o‘ldiradi) yaxshilab yuving.

Limon + Sarimsoq

Uy xonalarini har kuni shamollatib turing. Bolakay xonasining burchaklariga esa limon yoki sarimsoq bo‘laklarini likobchaga solib, qo‘yib chiqing. Havo almashinish paytida virus-mikroblar tez nobud bo‘ladi. Sarimsoq va limon bo‘lakchalari o‘zidan fitonsidlar ajratib, viruslarni ko‘paymasligiga xizmat qiladi.

Yog‘li muolaja

Bolani shamollashdan asrash maqsadida har kuni qorin osti, qovuq, qo‘llarning bilak qismi va oyoqlarning boldir, to‘piq sohasini sterillangan o‘simlik moyi yordamida uqalaymiz. Bu muolajamiz bolani sovuqqotishdan asraydi hamda kasalliklarga nisbatan chiniqishini oshiradi.

Erkin nafas olsin!

Bolajoningizning burni bitib qolmasligiga ahamiyat bering. Oddiy ko‘rinsada, bu jiddiy muammo. Shamollash ta’siridan tashqari havo harorati me’yoridan isib ketganida ham burun bitishi yuz beradi. Ko‘pincha isitgichlardan foydalanilganida bu holatni ko‘rishimiz mumkin. Natijada xona havosi haddan ziyod quruq bo‘lib, kichkintoyning burni tez bitadi. Agar isitgichni o‘chirish iloji bo‘lmasa (xona yaxshi isimasa), bola karavotchasi atrofiga xo‘l sochiqlar yoyib qo‘yish kerak.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ona suti

Shifokorga boramiz…

Shamollashning ilk belgilarini sezganingiz zahoti zudlik bilan bu ishni kechiktirmang. Sababi, qish mavsumida nafas yo‘llaridagi infeksiya sanoqli daqiqalarda halqum va o‘pkaga o‘tishi, bolada bo‘g‘ilish, pnevmoniya (zotiljam) kasalligini keltirib chiqarishi mumkin.

Dorilarga ehtiyot bo‘ling!

Aksariyat onalar kuchli antibiotiklar yordamida shamollashni to‘xtatmoqchi bo‘lishadi yoki xususiy poliklinikalarda grippga qarshi vaksina yordamida bolani emlatishadi. Lekin ushbu harakatlaringiz qarshi ta’sir ko‘rsatishi hech gapmas. Antibiotik hech qachon nafas yo‘llari shamollashida davo bermaydi. Balki vaziyatni og‘irlashtiradi xolos. Grippga qarshi vaksinani qo‘llashda esa umuman ehtiyot bo‘lish kerak. Ular tarkibidagi moddalar farazndingiz salomatligiga qanday ta’sir qilishini bilmaysiz. Shunday ekan, faqat sinalgan shifokoringizdan (hududiy) poliklinikangizda belgilangan vaksinalarni qabul qilishingizni so‘rardik.

Tutatiqlarning zarari bor!

Shamollash paytida isiriq yoki xushbo‘y tutatqilar tutatish yaramaydi. Bu bolada allergik ta’sirni keltirib, ahvolini yanada og‘irlashtirishi mumkin. Xuddi shu holat tamaki chekuvchilarga ham tegishli. Yaxshisi, isiriqli yoki moychechakli vanna tayyorlab, bolajoningiz oyoqchalarini issiq muolaja qiling.

Tibbiyot fanlari nomzodi, pediatr Maktuba MIRRAHIMOVA.

Barno HOJIMIRZAYEVA.

© Sugdiyona.uz nashri.