Qandli diabetda ovqatlanish tartibi ( 2-qism )

Glikemik indeks deganda, mahsulotlar tarkibidagi uglevodlarning glyukozaga aylanish tezligi tushuniladi.

  • Glikemik indeksi 30 % kam bo‘lgan mahsulotlarni qandli diabetga chalingan bemorlar taomnomasiga istalgancha qo‘shish mumkin;
  • Glikemik indeksi  30 – 50 % bo‘lgan mahsulotlarni – har kuni zarur miqdorda qabul qilish lozim;
  • Glikemik indeksi  50 – 70 % bo‘lgan mahsulotlar —  chegaralangan miqdorda tavsiya etiladi;
  • Glikemik indeks  70 – 90 % bo‘lgan mahsulotlarni – iste’mol qilish chegaralanishi kerak, chunki ular qisqa vaqtda qonda qand miqdorini oshiradi;
  • Glikemik indeks 90 – 100 % bo‘lgan mahsulotlarni — qandli diabetga chalingan bemorlar iste’mol qilishi taqiqlanadi. Chunki ularni qabul qilish kasallikning jiddiy asoratlari rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Tabiiyki har xil meva – sabzavotlar va oziq – ovqatlar turlicha glikemik indeksga ega. Olma, nok va tropik sharoitda o‘sadigan ba’zi mevalarning glikemik indeksi past bo‘lganligi sababli ularni qandli diabetga chalingan bemorlar chegaralanmagan miqdorda iste’mol qilishlari mumkin.   Olcha, shaftoli, olxo‘rining glikemik indeksi kam bo‘lganligi sababli, qandli diabetda tavsiya etiladigan parxez dasturxoniga qo‘shish zararsiz hisoblanadi.  Tarvuz, ananas, mango kabi o‘rta glikemik indeksga ega bo‘lganlarni kam miqdorda iste’mol qilish tavsiya etiladi.    Quruq mevalar, meva sharbatlari juda yuqori glikemik indeksga ega va shu sababli taomnomaga qo‘shish taqiqlanadi.   Mevalar orasida eng foydalilaridan biri olma hisoblanib, uning po‘sti tarkibida ko‘p miqdorda kaliy, C vitamini va tolalar mavjud. Shuningdek, olmadagi pektin moddasi qonni bir muncha tozalash xususiyatiga ega. Olma kabi tropik mevalar ham o‘z tarkibida ko‘p miqdorda C vitamini va tolalar saqlaydi.     Olcha sog‘liq va uzoq umr ko‘rishga ijobiy ta’sir etadigan mevalardan biri hisoblanadi. Uning tarkibidagi kumarin moddasi tromb hosil bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.

Qora qorag‘at (smorodina) ham C vitaminiga boy, qandli diabetga chalingan bemorlar qon – tomirlari devoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Quyidagi jadvalda iste’mol qilinadigan va taomlar tayyorlashda foydalaniladigan oziq – ovqatlarning glikemik indeksi keltirilgan. Ulardan foydalanib qandli diabetga moyilligi bo‘lgan yoki unga chalingan kishilar o‘z taomnomalarini tuzishlari mumkin.

Yormalar Glikemik indeks
  1 Jo‘xori 90 – 100
2 Manna yormasi 70 – 90
3 Guruch 70 – 90
4 Bug‘doy 70 – 90
5 Tariq 70 – 90
6 Suli 50 – 70
7 Arpa 50 – 70
8 Grechixa 50 – 70
9 Jo‘xori uni 30 – 50
10 No‘xot 30 – 50
11 Arpa yormasi 30dan kam

 

Non mahsulotlari Glikemik indeks
1 Blinchik 50 – 70
2 Teshik kulcha 70 – 90
3 Qattiq non 90 – 100
4 Bug‘doy non 90 – 100
5 Javdar non 90 – 100
6 Cheburek 70 – 90
7 Vafli 70 – 90
8 Quymoq 50 – 70
9 Pechenye 70 – 90
10 Achitqili xamir 70 – 90
11 Oddiy xamir 70 – 90

 

Sabzavotlar Glikemik indeks Shirinliklar Glikemik indeks
  1 Ko‘k no‘xot 50 – 70 1 Vafli fruktozada 50 – 70
2 Kartoshka 70 – 90 2 Asal 70 – 90
3 Bodring 30dan kam 3 Qand 90 – 100
4 Sholg‘om 70 – 90 4 Pirojni 90 – 100
5 Lavlagi 30 – 50 5 Shokolad 70 – 90
6 Loviya 30 – 50  
7 Boshqa sabzavotlar

 

30 kam

 

 

 

Sut mahsulotlari Glikemik indeks
1 Sut 30 – 50
2 Kefir 30 – 50
3 Ryajenka 30 – 50
4 Tvorog 30 – 50
5 Qaymoq 30 – 50
6 Yogurt 30 – 50
7 Quyultirilgan sut 90 – 100
8 Brinza 30 – 50
9 Sariyog‘ 50 – 70
10 Golland pishlog‘i 50 – 70

 

Tabiiyki, qandli diabetga chalingan ayrim bemorlarni qahva ichish mumkinmi yoki yo‘qmi degan savol qiziqtiradi. Mavjud adabiyotlarda bu savolga qarama — qarshi fikrlar bildirilgan bo‘lsa ham qahva adrenalin sintezini kuchaytirib, qonda qand miqdorini oshirishi isbotlangan. Shu sababli undan foydalanmaslik maqsadga muvofiq.

Qandli diabetga chalingan bemorlar ovqatlanishda quyidagi tamoillarga amal qilish lozim:

  • Kunda kamida 3 marta, yaxshisi 3 — 5 marta ovqatlanish;
  • Hech qachon o‘zni och qolish darajasiga olib bormaslik;
  • Kaloriyasi nisbatan yuqori bo‘lgan taomlarni kunning birinchi yarmida iste’mol qilish;
  • Ovqatlanish orasida biror narsa tamaddi qilishga odatlanmaslik;
  • Qorin och qolmagan bo‘lsa, shunchaki birovga hamroh bo‘lib yoki kayfiyatni ko‘tarish uchun taom iste’mol qilmaslik;
  • Ovqatlanish vaqtida kitob o‘qimaslik yoki televizor ko‘rmaslik;
  • To‘yganlikni his qilganda, kosa yoki laganda ovqat qolsa ham uni iste’mol qilishni to‘xtatish;
  • Masalliqlarni xarid qilishda ularni kaloriyasi va yog‘iga e’tibor berish.

Xulosa qilib aytganda, yuqorida ta’kidlaganimizdek “qandli diabet kasallik emas balki hayot tarzidir”. Shuning uchun kerakli tavsiyalarni bajarganda va ovqatlanish tamoillariga qat’iy amal qilganda unga chalingan bemorlar uzoq va farovon hayot kechirishlari mumkin. Bu ularning o‘z qo‘llarida!

Kelgusi maqolamiz orqali qandli diabetga chalingan bemorlarga  har kuni, haftada va oyda bir marta tavsiya etiladigan oziq — ovqatlar ro‘yxati bilan batafsil tanishishingiz mumkin.

“Sog‘lom ovqatlanish – salomatlik mezoni” kitobi asosida tayyorlandi.

 

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*