Qandli diabetda ovqatlanish tartibi

Qandli diabet butun dunyoda aholi o‘rtasida keng tarqalgan kasalliklardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda yer kurrasida unga chalingan bemorlar soni 366 milliondan ortiq kishini tashkil etadi. Agar jarayon shu tariqa davom etsa, 2030 yilga borib ular soni 552 millionga yetishi mumkin. Markaziy Osiyo, shu jumladan, O‘zbekistonda ham ushbu kasallikka chalingan bemorlar soni tobora ko‘payib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Respublikamizdagi katta yoshli aholining 5 foizga yaqini qandli diabetga chalingan. Jahon miqyosida uzoq yillardan buyon o‘tkazilayotgan ko‘plab ilmiy tekshirishlarga qaramasdan, bu kasallikning aniq sabablari hamon to‘laligicha o‘rganilmagan.  Ayrim hollarda oshqozon osti bezidagi betta hujayralarda insulin yetarli darajada ishlab chiqarilmaydi (ba’zan, umuman ishlab chiqarilmaydi) yoki gormon o‘z fiziologik vazifasini bajara olmay qoladi. Keyingi holatda insulin ishlab chiqarilsa ham, tolalarni unga bo‘lgan sezuvchanligi kamayib ketadi va, oqibatda, glyukoza hujayralar ichiga kira olmaydi. Har ikkala holat ham inson qonida glyukoza miqdorini oshib ketishiga olib keladi yoki tibbiyot tili bilan aytganda qandli diabet kasalligi rivojlanadi. Ularning birinchisida qandli diabetning birinchi, keyingisida esa kasallikning ikkinchi tipi yuzaga keladi.

Qandli diabetni davolash tamoillari quyidagi tadbirlardan iborat:

  • Parhez ovqatlanishga amal qilish;
  • Jismoniy mashqlar bilan shug‘illanish;
  • Qonda qand miqdorini tushiruvchi tabletkalar qabul qilish;
  • Insulin yordamida davolash.

Qayd etilganlar orasida parhez ovqatlanish yetakchi o‘rinlardan birini egallab, bemor qandni tushiruvchi tabletkalar yoki insulin qabul qilganda ham unga amal qilishi lozim. Aks holda, olib borilgan muolajalar yetarlicha samara bermaydi. Shuning uchun qandli diabetga moyilligi bo‘lgan yoki unga chalingan kishilar tavsiya etilgan ovqatlanish tartibiga amal qilishlari shart. Shuning uchun qandli diabetni ba’zan “kasallik emas balki hayot tarzi” deb ham atashadi. Parxezga amal qilish qandli diabet ta’sirida yuzaga keladigan qator ichki a’zolardagi (yurak, buyrak, asab tizimi, ko‘z tubi va boshqalar) o‘zgarishlarni oldini olish imkonini yaratadi.  Qandli diabetga chalingan kishilar uchun parxez taomnoma tuzishda non birligidan foydalaniladi.

Ushbu birlik uglevodlarni o‘lchash imkonini beradi. Oziq – ovqat mahsulotlarining tarkibi va sifatidan qat’iy nazar (olma, non yoki boshqa mahsulotlar) 1 non birligida 12 — 15 gramm yengil hazm bo‘ladigan uglevod  saqlovchi ozuqa mahsuloti bo‘ladi.

Qandli diabetga chalingan bemorlarga quyidagi oziq — ovqatlar tavsiya etiladi:

  • Qora yoki diabetlar iste’mol qiladigan maxsus non – kunda 200 gr;
  • Yog‘siz mol go‘shti, baliqli yoki sabzavotli sho‘rvalar — haftada 2 marta;
  • Yog‘siz mol yoki terisidan ajratilgan tovuq go‘shti (kunda 100 gr) yoki baliq mahsulotlari (kunda 150 gr) qaynatilgan yoki dimlangan holda;
  • Boshoqli, dukkakli va makarondan tayyorlangan taomlar iste’molini chegaralash (ularni iste’mol qilgan kunlarda non miqdorini keskin kamaytirish). Boshoqli mahsulotlardan javdar va grechka (grechixa), ba’zan bug‘doy, perlovka yoki guruchli taomlar (ulardan tayyorlangan bo‘tqalar yog‘ almashinuvini yaxshilaydi va jigar faoliyatini meyorlashtirib, unda yog‘ o‘tirishini kamaytiradi). Manna yormasi bundan istisno;
  • Sabzavotlar va ko‘katlar — kartoshka, lavlagi, sabzi kunda 200 gr dan. Karam, salat bargi, rediska, bodring, pomidor va ko‘katlar istalgan miqdorda yangi uzilgan, qaynatilgan holda;
  • Tuxum — chala pishgan, omlet ko‘rinishida yoki boshqa taomlarga qo‘shilgan holda haftada 2 donagacha;
  • Nordon, shirin — nordon mevalar (olma, apelsin, limon, olxo‘ri, maymunjon, na’matak va boshqalar) kunda 200 — 300 gr gacha;
  • Sut va sut mahsulotlarini (qatiq, prostokvasha, shirin bo‘lmagan yogurt, tvorog) shifokor ruxsati bilan kunda 2 piyoladan. Haftaning ba’zi kunlarida chegaralangan miqdorda pishloq, qaymoq, smetana;
  • Tvorog — kun ora turli taomlar ko‘rinishida kunda 100 — 200 gr;
  • Ichimliklar – qora, ko‘k va sutli choy, tomat yoki boshqa nordon meva va sabzavot sharbatlari. Bemorlar kuniga 5 — 6 marta aniq bir vaqtda ovqatlanishlari hamda taomnoma tarkibi vitaminlar, mikro — makroelementlarga boy bo‘lgan mahsulotlardan tuzilishi lozim.

Qandli diabetga chalingan bemorlarda quyidagi oziq – ovqatlarni iste’mol qilish man etiladi:

  • Oshirma va qavatli xamirli mahsulotlar;
  • Tortlar;
  • Yog‘li sho‘rvalar;
  • Manna yormali  sutli bo‘tqalar;
  • Ugra oshi, yog‘li go‘sht, o‘rdak, g‘oz go‘shti va qazi — qarta;
  • Dudlangan mahsulotlar;
  • Kolbasalar, yog‘li va tuzlangan baliq;
  • Yog‘li baliq konservalari;
  • Ikra, sho‘r pishloq, qaymoq, tuzlamalar;
  • Uzum, banan, anjir murabbo, konfetlar, turshak, ananas, mayiz, xurmo, o‘rik, qovun;
  • Muzqaymoq, shirin sharbatlar, gazlangan ichimliklar va limonadlar;
  • Spirtli ichimliklar.

2 —  tip qandli diabetga chalingan bemorlar uchun taomnoma tuzishda glikemik indeks jadvalidan foydalaniladi. Glikemik indeks jadvali u yoki bu ozuqa mahsulotini qaysi darajada qonda qand miqdorini oshirishi mumkinligini ko‘rsatadi. Turli mahsulotlarning glikemik indeksi haqida  maqolamizning ikkinchi qismida batafsil o‘qishingiz mumkin.

Davomi… Qandli diabetda ovqatlanish tartibi ( 2-qism )

Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

 

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*