Qandli diabet bedavo xastalikmi?

Tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat Xo‘jayev bilan qandli diabet kasalliklari, uning oldini olish yo‘llari xususida suhbatlashdik.

– Qandli diabet kasalligining inson organizmida qanday paydo bo‘lishi xususida to‘xtalsangiz? Ushbu xastalik bilan bolalar, yoshlar ham og‘rimoqda, buning sabablari nimada?

– Avvalo, sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik, to‘g‘ri ovqatlanmaslik, meyorni bilmaslikka borib taqaladi. Ko‘pincha bolalar o‘tkir virusli kasalliklarni boshidan kechirsa va uning asoratlari qolib ketsa ushbu xastalik kelib chiqishi mumkin. Aksariyat hollarda yosh bolalarda ana shunday virusli kasalliklar tufayli qandli diabet yuzaga kelmoqda. Yana oshqozon osti bezi kasalliklarini ham keltirib chiqaradi. Qandli diabet moddalar almashinuvi buzilishi kasalligidir. Asabiylashish, og‘ir ruhiy-psixologik holatlar ham kasallik kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu dardga chalinmaslik uchun, bolalarni muntazam ravishda ko‘rikdan o‘tkazib turish lozim. Shunda kerakli maslahat, tavsiyalarni o‘z vaqtida olib, ushbu kasallik profilaktikasiga e’tibor qaratish mumkin. Insonning har tomonlama sog‘lom bo‘lishi bevosita yod moddasi bilan bog‘liq. Yod nafaqat aqliy faoliyatni oshiradi, balki salomatlikni bir maromda ushlab turadi. Organizmda yod miqdorini meyorda ushlab turish uchun yodga boy mahsulotlarni ko‘proq tanovul qilib turish kerak. Misol uchun, sut mahsulotlari yodga juda boy, ayniqsa, baliqda katta miqdorda yod moddasi bor.

– Kasallik belgilari qanday namoyon bo‘ladi?

– Hali aytib o‘tganimdek, bu moddalar almashinuvi kasalligi bo‘lib, kelib chiqish sabablari, rivojlanish yo‘llari, klinik alomatlariga ko‘ra turlicha bo‘lgan kasalliklar guruhi (ko‘z, buyrak, nerv, yurak, qon-tomirlar) birlashganidir. Butun dunyo bo‘yicha qandli diabet kasalligining ikki asosiy turi mavjud: insulinga qaram qandli diabet, insulinga qaram bo‘lmagan qandli diabet. Kasallik odamda yuqumli kasallikni boshidan kechirgandan keyin keskin boshlanadi. Eng muhim alomatlari chanqash, og‘iz qurib qolishi, katta miqdorda siydikdan qand ajralishi, ozib ketish, holsizlikdir. Bemor bir kecha-kunduzda 3-5 litrdan 7-8 litrgacha suyuqlik ichishi mumkin va shuncha miqdorda siydik ajralib chiqadi. Qandli diabetning rivojlanishiga sabab, organizmda dastlab uglevodlar almashinuvi buziladi. Shifokor ko‘rigiga zudlik bilan murojaat qilinsa, samarasi shuncha yaxshi bo‘ladi.

– Mazkur kasallik qanday oqibatlarga olib keladi?

– Agar vaqtida davolanmasa, xastalik rivojlana boradi. Insulinning yetishmovchiligi va boshqa sabablarga ko‘ra glyukozaning mushak va yog‘ to‘qimalariga o‘tishi murakkablashib, oqsil moddalaridan va yog‘dan glyukozaning hosil bo‘lishi kuchayadi. Buning natijasida glyukozaning qondagi miqdori oshadi va u siydik orqali ajrala boshlaydi. Bu buyraklar osmotik bosimining oshishi va suvning qayta so‘rilishi natijasida yuzaga keladi. Oqibatda qator kasalliklar kelib chiqadi. Yurak xastalanadi, oyoq-qo‘llarda qiyin bitadigan yaralar paydo bo‘ladi. Qandli diabetga chalinganlar o‘zlarini juda ehtiyot qilishlari lozim, agar biror joylari kesilsa yoki shikastlansa, o‘sha joydan qand moddasi oqa boshlaydi, natijada bemorning yarasi umuman bitmasligi mumkin va hatto yara kattalashish xavfi ham yo‘q emas.

– Qandli diabet kasalligi tuzalmas dardmi?

– Men shaxsan uni kasallik hisoblamayman, unga hatto chet elda ham kasallik sifatida qarashmaydi. Qandli diabetga chalinganlarga boshqacha turmush tarzidagi kishilar deb qaraladi. Chunki, ular muntazam ravishda par-hez qilishlari kerak, tarkibida qand moddasi kuchli bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilishlari tavsiya etilmaydi. Doimo shifokor nazoratida bo‘lib, o‘zlariga e’tibor berib yursalar, bir maromda hayot kechiraveradilar.

– Tavsiyalaringiz?

– Yuqorida aytib o‘tganimdek, birinchi navbatda o‘z-o‘zini nazorat qilish, parhezga va oyoqlarini parvarishlashga alohida e’tibor berishlari kerak. Oyoq kiyimlari tor bo‘lmasligi va albatta, paxta tolasidan bo‘lgan paypoqlarni kiyish tavsiya etiladi. Kundalik ovqatlari tarkibida: shakar, konfet, murabbo, qiyom, tort, gazli ichimliklar bo‘lmasligi lozim. Har 3-6 oyda endokrinolog nazoratidan o‘tib, kerakli tavsiyalarni olib turishlari shart. Ahvoliga qarab taomnomasi xususida o‘z vaqtida tavsiya olsa, e’tiborli bo‘lsa, qarabsizki sog‘lom hayot kechira oladi.

Maftuna RO‘ZIMATOVA, jurnalist.
«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.


So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*