1
(1)

Psixogen astma – haqiqiy astmami?

Astma, ya’ni nafas bo‘g‘ilishlari ruhiy siqilishlardan so‘ng ko‘p kuzatiladi. Afsuski bu holatni bemorlar (ba’zi vrachlar ham) haqiqiy astma bilan bog‘lashadi. Agar vrach-allergolog maxsus tekshiruvlar orqali Sizda haqiqiy astmani inkor qilsa, bilingki Sizda nafas bo‘g‘ilishi asabiy-ruhiy buzilishlar sababli paydo bo‘lgan. Buni vrachning o‘zi ham Sizga uqtiradi. Bunday paytlarda Sizni allergolog emas, tibbiy psixolog davolashi kerak. Biroq, tibbiy-psixologik usullarni yaxshi o‘zlashtirgan allergolog ham psixogen astmani bemalol davolashi mumkin.

Psixogen astma haqiqiy astmadan nimasi bilan farq qiladi?

Psixogen bo‘g‘ilishlar tomoqning qurib qolishi, qichishi, nafas yetishmovchiligi kabi turli xil belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Psixogen bo‘g‘ilishlar uchun tik turganda bemalol nafas olish, yotganda esa bo‘g‘ilish juda xosdir. Shu narsaga e’tibor berish lozimki, nafas yetishmasligi chalqanchasiga yotganda paydo bo‘ladi, chap va o‘ng tomonga qarab yotganda kuzatilmaydi. Nafas yetishmovchiligi ko‘pincha kechasi va tunda kuchayadi. Bizning nazoratda turgan bir bemor «tunda doimo bo‘g‘ilib uyg‘onib ketsam chalqancha yotgan bo‘laman, shuning uchun uxlamoqchi bo‘lsam yonboshlab devorga suyanib yotib olaman», degan edi.

Nevroz kasalligida ham nafas bo‘g‘iladimi?

Nevroz bilan kasallangan bemorlarning deyarli yarmida nafas yetishmovchiligi kuzatilib turadi. Shu bois mutaxassislar ushbu buzilishlarni nevrozning asosiy belgisi deb hisoblashgan. «Bo‘g‘ilib qolish, nafas yo‘llariga biror narsa tiqilib qolgandek bo‘lishi, nafas olishning qiyinlashib borayotganligi»dan shikoyat qilish, ayniqsa, yosh bemorlar orasida ko‘p uchraydi. Mabodo bu belgilar xurujlar bilan kuzatilsa, ba’zi hollarda bemorlarga «astma kasalligi» tashxisi qo‘yiladi.

Hayotiy voqea

Quyidagi voqea bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bu voqea 1994 yili ro‘y bergan. Menga 20 yashar yigitni ko‘rsatishdi. U allergologiya bo‘limida «Astma kasalligi» tashxisi bilan davolanib kelardi. Bemor juda ozib ketgan. U har 30 daqiqada qo‘lidagi berotekni og‘ziga sepib nafas olishini osonlashtirardi. Bo‘g‘ilishning har 30 daqiqada paydo bo‘lib turishi mening e’tiborimni tortdi va qo‘yilgan tashxisga shubha uyg‘otdi. Bemorning kasallik tarixi bilan birgalikda, uning psixologik holatini ham o‘rganib chiqdim. Buning natijasida bo‘g‘ilish xurujlari psixogen xususiyatga ega ekanligini aniqladim. Bemor bolalik davridan nimjon bo‘lib o‘sgan, tez-tez kasallanib turgan. Oilada bor-yo‘g‘i bitta bola bo‘lganligi uchun ota-onasi bolasining har bir xarxashasiga bajarib kelishgan. Bolaning yoshligidan asabi buzilsa, nafasi bo‘g‘ilib qoladigan bo‘lgan. Biroq uni chuqur tekshirmasdan, «astma» tashxisi bilan davolab kelishgan. Bora-bora xurujlarni oddiy dorilar bilan to‘xtatish qiyinlashadi va bemorga gormonal dorilar (berotek) tavsiya qilinadi. Lekin bu dorini ham bemor doimo ishlatmagan. Bemor yana bir bor tajribali allergologga ko‘rsatiladi va «bronxial astma» tashxisi inkor qilinadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Gipoterioz va giperterioz belgilari

Psixologik status

Bemorning psixologik statusini yaxshilab o‘rganib chiqqanimdan so‘ng psixoterapiyada keng tarqalgan «stressterapiya» usulini qo‘llashni ma’qul topdim. Bemorga «berotekka o‘rganib qolsa, erkaklik funksiyasi susayishi (bemor yaqinda uylanishi kerak edi) va uylangan taqdirda ham bola bo‘lmasligi mumkinligini aytdir. Shuning uchun ham uni qanday bo‘lmasin boshqa doriga o‘zgartirish zarurligini» uqtirdim. Gap shundaki bemorga berotekni yozgan doktor «Mana shu dori sen uchun asosiy dori, bu astmaning har qanday turida og‘izga sepgan zahoti bo‘g‘ilishni to‘xtatadi» deb aytgan. Shu narsani alohida ta’kidlash lozimki, bo‘g‘ilishni berotekning kuchi emas, balki doktor aytgan so‘zlar («senga faqat shu dori yordam beradi») to‘xtatgan. Har 3 kunda o‘tkaziladigan maxsus psixoterapevtik muolajalar bor. Men unga ushbu usulni bir oy mobaynida qo‘lladim. Bemor bir yillardan buyon aziyat chekayotgan nafas bo‘g‘ilishidan tuzalib ketdi. Chunki unda haqiqiy asta emas, balki psixogen astma edi.

Yana nimaga e’tibor qaratish lozim?

Ba’zan shunday hodisalar bo‘ladiki, bemorda bo‘g‘ilish aniq bir sharoitlarda yuzaga keladi. Bunday paytlarda sharoitni o‘zgartirish bo‘g‘ilishni kamaytiradi yoki butunlay yo‘qotadi. Men yozda Xorazmga borganimda yosh bir kelinni maslahatga olib kelishadi. Bu voqea 1996 yili ro‘y bergan. Bemor turmushga chiqqanidan so‘ng uyida turmush o‘rtog‘i bilan kelishmay doimo janjal chiqib turarkan. Janjal avjiga chiqqanda yosh er-xotinlar bir-birini bo‘g‘ishgacha borisharkan. Bora-bora yosh kelinda turmush o‘rtog‘i ishdan qaytganidan so‘ng bo‘g‘ilish xurujlari paydo bo‘ladigan va tinchlantiradigan dori ichmaguncha yoki turmush o‘rtog‘i uydan chiqib ketmaguncha bo‘g‘ilish davom etaveradigan bo‘ladi.

Bemor barcha davolash usullaridan foydalangan va har qanday yangi taklif etilgan usuldan bosh tortar edi. Bemorga onasi bilan bir oyga daryo bo‘yiga borish, dorilarni esa uyga tashlab ketish zarurligini aytdim. Bu taklif bemorga ma’qul tushdi. Ona va qiz ikkalasi daryo bo‘yidagi uylardan birida ijarada yashashdi. Daryo bo‘yida bemorda nafas olishi butunlay to‘xtaydi. Oradan bir hafta o‘tgach, “bemorning” xolidan xabar olgani daryo bo‘yiga uning eri bilan birga bordim. Bemorda bo‘g‘ilish xuruji u daryo bo‘yiga kelgan kuniyoq to‘xtagan ekan. Erini ko‘rsada yosh kelinda hech qanaka bo‘g‘ilish xuruji kuzatilmadi. Bemorning eriga xotinidan xabar olgani daryo bo‘yiga kelib turishini tayinladim. Er-xotin esa daryo bo‘yida bir oy birga yashashdi. Men Toshkentga qaytishimdan oldin ikkalasi ham menga uchrashib “Hammasi juda yaxshi, endi biz ahil yashaymiz” deb xursand bo‘lib gapirishdi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Zaytun yog'i foydali xususiyatlari, tarkibi va to'g'ri iste'mol qilish

Gipnozning kuchi nimada?

Psixogen bo‘g‘ilishlarning yana bir xususiyati shundan iboratki, bemorda doimo chayqalish hissi bo‘ladi: u xuddi o‘zini transportda, liftda, samolyotda ketayotgandek his etadi. Bunday bemorlar metroning eskalatoridan tusha olmaydilar. Bizning nazoratda turgan bemor tunda uxlab yotganida, xuddi zilzila bo‘lgandek tez-tez seskanib uyg‘onib ketishini aytgan edi.

Ba’zan psixogen bo‘g‘ilishlar xuruji to‘satdan, qattiq qo‘rquvdan so‘ng boshlanadi. Bu voqea 1998 yili ro‘y bergan. Men o‘sha paytlari gipnoz usullarini o‘rganib yurardim. Bizning institutda o‘qiydigan talabalardan biri kechqurun derazaga qarab yotib qorong‘ida nimaningdir aksini ko‘radi va qo‘rqib ketadi. Shu paytdan boshlab u ko‘zini yumsa, hammayoq zimiston bo‘lib, atrofni qo‘rqinchli narsalar o‘rab oladi, qora kalxatlar uchib yuradi. Buning natijasida u nafas ololmay qiynaladi, bo‘g‘iladi. Menga bu bemorni ushbu belgilar boshlanganidan ikki kun o‘tib ko‘rsatishadi. Kechasi soat o‘nda men bemorni ko‘rgani talabalar turar joyiga bordim. Uning xonasiga kirsam bemor chuqur depressiya holatida bo‘lib bir xil ohangda gapirardi, qattiq qo‘rqqani ko‘zidan bilinib turardi.

Mabodo uxlab qolsa…

U voqea xuddi tushida bo‘layotgandek, mabodo uxlab qolsa, yana shunaqa yomon tushlar ko‘rishdan qo‘rqishini aytdi. Men uni trans holatiga tushirdim va quyidagi so‘zlar bilan gipnoz qilishga o‘tdim: «Hozir sen shirin uyquga ketasan, tush ko‘rasan, tushingda moviy dengizni ko‘rasan, dengizga charaqlagan quyosh nurlari sochilib, uning yuzidagi tomchilar marvariddek tovlanib turadi. Qirg‘oq esa bir-biridan go‘zal gullarga burkangan, gullarning ustida rang-barang kapalaklar uchib yuradi. Sen dengizda dugonang bilan cho‘milasan, to‘yguningcha suzasan, dengizdan hech chiqqing kelmaydi, suzishdan charchaganingdan so‘ng qirg‘oqqa chiqib gullar ustida yotib dam olasan. Atrof go‘zal, birorta qora narsa yo‘q. Ertalab yengil bo‘lib, xursand bo‘lib uyg‘onasan va tushingda nimalar ko‘rganingni menga aytib berasan».

Ertasi kuni ertalab yotoqxonaga bemorning oldiga bordim. Bemor uyg‘ongan va o‘zini yaxshi his qilardi. Lekin uyqusirayotgani ko‘zidan shundoq sezilib turardi. Men aytgan vaziyat, ya’ni moviy osmon, marjondek tovlanayotgan dengiz, qirg‘oqdagi gullar, kapalaklar bemorning tushida to‘laligicha namoyon bo‘lgandi. Bu yoqimli holat unga katta huzur bag‘ishlaganini aytib berdi. U hatto tushidagi vaziyatning kichik detallarigacha menga so‘zlab berdi. O‘zini juda ham yengil his qilayotgani va yana uxlab xuddi shunday tushni ko‘rishni xohlayotganligini aytdi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Yuz terisi tiniq boʻlishi va pardoz uzoqroq  saqlanishi uchun yuzni qanday parvarish qilish kerak?

Bu uslubni mashhur nemis gipnozchisi N. Lefenveld «Tetiklik holatidagi gipnoz» deb atagan. Men bemorni davolashda olimning ushbu usulidan foydalandim. Xonada bemorning o‘zidan tashqari otasi va talabalar ham bo‘lishiga qaramasdan uni trans holatiga tushirish juda oson kechdi. Hattoki, uning qanday tush ko‘rishi haqidagi so‘zlar bir marta aytildi, xolos. Ma’lumki, chuqur depressiya paytida trans va gipnozga tushirish oson kechadi.

Eslatma. Psixosomatik buzilishlarni, asosan tibbiy psixologlar davolashadi.

Ushbu maqolaning boshini o‘qish→

Prof. Ibodullayev Z.R.
«Asab va ruhiyat» kitobi.