Psixogen bosh og‘riq nima?

Psixogen bosh og‘riq deganda ruhiy siqilishlar natijasida rivojlangan bosh og‘riqlarga aytiladi. Agar ruhiy siqilishlar har doim bo‘laversa, bosh ham har doim og‘riyveradi. Odatda bunday bemorlar adashib “Bosh miyaning ichki bosimi oshibdi” deb davolanib yurishadi. Psixogen bosh og‘riqlar haqida so‘z ketganda, avvalambor ularning xususiyatiga e’tibor qaratish lozim. Bosh og‘rig‘i kallaning bir yarmida yoki ikkala tomonida ham joylashib, doimiy yoki vaqti-vaqti bilan bo‘ladigan, xurujsimon, siqib og‘riydigan, ertalab yoki kechga yaqin kuchayadigan bo‘lishi mumkin. Psixogen xususiyatga ega bo‘lgan bosh og‘riqlar uchun xos belgi, bu ularning ruhiy siqilishdan, aqliy zo‘riqishdan va jismoniy charchashdan so‘ng paydo bo‘lishidir. Dastlab bosh og‘rig‘i ruhiy zo‘riqishlarda paydo bo‘ladigan bo‘lsa, keyinchalik ishga borib kelganda yoki avtobusda yurganda ham kuzatilaveradi. Psixogen bosh og‘riqlar aksariyat hollarda kunduzi yoki peshinda kuzatiladi.

Depressiyada ham bosh og‘rig‘i kuzatiladimi?
Albatta kuzatiladi. Ba’zi bemorlarda bosh og‘rig‘i va o‘ta past kayfiyat – depressiyaning asosiy belgisi hisoblanadi. Bunday holatlarda niqoblangan depressiya haqida so‘z boradi. Ularda bosh og‘riqlar oylab, yillab davom etadi. Asabning ozgina bo‘lsa-da buzilishi, to‘yib ovqat yeyish, bolasini emizish, do‘konga borib kelish, yuqori qavatli uyning zinapoyasidan chiqish, hattoki kino va konsertlarga borib kelish bemorda bosh og‘rig‘i boshlanib ketishiga  turtki bo‘ladi.  Buning natijasida bemorning hulq-atvori o‘zgarib injiq va janjalkash bo‘lib qoladi. U faqat “Miyaning ichki bosimi oshgan” deb o‘ylayveradi. Afsuski, ba’zi doktorlar ham bemordagi doimiy bosh og‘riqni miyaning ichki bosimi bilan bog‘lashadi, unga qarshi dorilar tavsiya qilib yurishadi. Bunday bemorlarni ham nevropatolog, ham tibbiy psixoloshg ko‘rikdan o‘tkazishi kerak. Horij davlatlarida psixogen xususiyatga ega organizmdagi har qanday kasalliklarni tibbiy psixologlar davolashadi. Bu amaliyot O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘yilmoqda.
Boshning faqat uyda yoki ishxonada, kunning aniq belgilangan vaqtida og‘rishi aksariyat psixogen bosh og‘riqlar uchun juda xosdir. Bosh og‘rig‘ining doimo kech soat oltida boshlanishidan shikoyat qilib V. ismli ayol qabulimizda bo‘ldi. Yoshi 43 da. Oilali. U tibbiy-psixologik dispanserda psixonevrolog nazoratida davolanib kelgan. Poliklinikada  nevropatolog nazoratida  «Miyaning ichki bosimi oshishi» tashxisi bilan davolanib yurgan. Bosh og‘rig‘i boshlaganiga 3 yil bo‘lgan. Bemorning bosh og‘rig‘i ba’zan kuchayib ketib, faqat baralgin tabletkasini ichgandan so‘ng qolardi. Keyinchalik vrach tavsiyasiga muvofiq bemor bosh og‘riganda, baralginni tomiriga ola boshlaydi. Kechqurun soat oltida bosh og‘rig‘i baribir boshlanishiga o‘rganib qolgan bemor qo‘shni hamshirani chaqirib baralginni shpritsga tortib tayyorlab qo‘yadigan bo‘ladi. Bu holat, gohida uzilishlar bilan, bir oy davom etadi. Hamshira bu ukolni hadeb olavermaslik kerakligini, buning oqibatida yurakda og‘ir asorat qolishi mumkinligini aytadi va yana bir bor vrach bilan maslahatlashish zarurligini tavsiya qiladi.
Bemorning kasallik tarixini to‘la o‘rganib chiqdim. Olingan ma’lumotlardan qisqacha epizodlar keltirib o‘taman: juda ishonuvchan va sal narsaga ortiqcha ta’sirlanuvchan ayol. O‘ta parishonxotir. Oilada tez-tez janjalli voqealar bo‘lib turgan, bosh og‘rig‘i navbatdagi kuchli stressdan so‘ng paydo bo‘lgan. Ertasi kuni poliklinikaga nevropatolog qabuliga chiqqan. Vrach uni tekshirib «Bosh miya ichki bosimi oshib ketibdi, tez davolanmasangiz oqibati yomon bo‘ladi» degan. Bemor qo‘rqib ketgan, chunki uning o‘zidan katta akasi 6 oy oldin kuchli stressdan so‘ng qon bosimi oshib, ertasi kuni og‘ir insultdan o‘lgan. Bemor zarur dori-darmonlarni topib davolana boshlaydi. Bemor har gal miya ichi bosimini tekshirtirganda, unga «Miyaning ichki bosimi oshgan» deb xulosa beriladi. Bu xulosaga ishongan bemor boshqa joyda tekshirilmaydi va poliklinikada davolanib yuradi. Eslatib o‘tganimizdek, bemorning bosh og‘rig‘i aniq bir vaqtda, ya’ni kech soat oltida paydo bo‘ladigan bo‘lib qoladi. U depressiyaga  tushadi, xulq-atvori o‘zgara boshlaydi.
Bemorda nevrologik tekshiruv o‘tkazilganda, miya ichi gipertenziyasi belgilari aniqlanmadi, buni qo‘shimcha tekshirishlar ham tasdiqlamadi. Bemorning anketasidagi nevropatologning yozuvlarida ham miya ichi bosimini ko‘rsatuvchi nevrologik simptomlar yo‘q edi. Demak, bemor yetarli darajada tekshirilmagan yoki haqiqatan ham unda miyaning ichki bosimi oshmagan. Bemor terapevtlar ko‘rigidan o‘tkazilganda, ichki a’zolar kasalligi aniqlanmadi. Bemorning arterial qon bosimi 120/70 mm.sim.ust. Shunday qilib, tekshiruvlar natijasi bosh og‘riqning psixogen xususiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi.
Biz ushbu bemor misolida bosh og‘rig‘ining kuchli stressdan so‘ng paydo bo‘lganligini, uning aniq bir soatlarda kuzatilishini va aniq bir doriga bo‘lgan psixologik bog‘lanishning guvohi bo‘ldik. Bu yerda bosh og‘rig‘i yatropatiya (vrachning noto‘g‘ri xulosasi sababli) ning yaqqol bir ko‘rinishi edi xolos. Bunday bemorlarni davolash ancha murakkab kechadi, ya’ni bosh og‘rig‘i qayta-qayta paydo bo‘laveradi. Masalan, bemor vrachda davolanib yurgan paytlari boshi og‘rimaydi (chunki vrach doimo yonida, xavotirga o‘rin yo‘q), davolash tugab bemor uyiga jo‘natilgandan so‘ng yana bosh og‘riyveradi (chunki endi vrach yo‘q, xavotir va kasallik belgilari yana paydo bo‘ladi).  Tibbiy amaliyotda, ayniqsa nevrologiyada bunday holat ko‘p kuzatiladi, fikrimizcha bunday holatni «Vrach yo‘qligi sindromi» deb atasa maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Bu sindromning klinik-psixologik manzarasini chuqurroq o‘rganib, unga yuridik status berish joiz, chunki mukammal davolash choralarini o‘tgandan so‘ng ham davolash muolajalaridan norozi bo‘lib yuruvchi bemorlar soni oz emas. Bu holat ayniqsa nevrozda ko‘p uchraydi.

2 комментария

  1. Menda ham huddi shunday lekin aniq vaqti yo’q asabiylashganda ham emas bosh og’riydi,quloq shang’illaydi.

  2. Аноним

    Boshim onbesh kunan beri og’riyapti engsam va iki ko’zim o’rtasi og’ridiy va yana ichim qizadi holim qochadi

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*