POL BREGG — «Ochlik mo’jizasi». Kirish

Mamlakatimiz va chet eldagi adabiyotlarda “naturopatlar” va “naturistlar” degan atamalar tobora ommalashib borayapti. Tabiiy holdagi yemaklarni ma’qul ko‘radigan kishilarni shunday deb ataydilar. Ular bu bilan oqsillar, go‘sht, yog‘ va shirinliklarga boy bo‘lgan konservalangan va tozalangan zamonaviy oziklanish tizimiga qarshi norozilik bildiradilar. Pol Bregg bunday ovqatlanish usulidan bosh tortish lozimligi haqida bong urganlarning birinchilaridan bo‘ldi. Uning ovozi juda baland jarangladi va butun dunyoga, shu jumladan bizning mamalakatimizga xam eshitildi. To‘g‘ri, Bregg hali rus tilida chop etilmagan.
Bregg kitoblarining eng mashxuri “Ochlik mo‘’jizasi” G‘arbda ko‘p millionlab nusxada nashr etilgan. Breggning shaxsi, uning tajribalari, xayot tarzi olimning ma’ruzasi, maqola va kitoblarining eng yaxshi ko‘rsatmasi edi. To‘qson yoshda xam u yigitlarday kuchli, xarakatchan, egiluvchan va chidamli edi. U xar kuni uch, besh kilometr masofaga yugurar, ko‘p suzar, tog‘larga chiqar, tennis o‘ynar, raqsga tushar, uzoq masofalarga piyoda safarlarga chiqar, tosh va gantel ko‘tarish bilan shug‘ullanar, syorfing — okean to‘lqinlari ustida maxsus taxtada changidagidek uchar edi. Uning ish vaqti o‘n ikki soat davom etar, kasallik va charchoq nimaligini bilmas, kayfiyati doimo ko‘tarinki bo‘lardi.
“Odam Ota va Momo havo zamonasidan buyon , — deb yozadi u,-eng muxim muammo odamlar umrini uzaytirishdir. Hech-bir kishiga o‘limdan qutulish imkoni bo‘lgan emas, lekin xar birimiz gigiyena va parxezning ma’lum qoidalariga rioya qilgan xolda umrni uzaytirishimiz mumkin. Xar bir inson o‘zi, yaqinlari va do‘stlari, boringki, vatani uchun shunday qilishga burchli. Xar bir kishining o‘z salomatligini, tanasini parvarish qilmog‘i jamiyat uchun o‘ta muximdir. Men xar bir kishining 120 yil va undan xam ko‘proq yashashi mumkin, nafaqat mumkin, balki burchli ekanligiga ishonaman. Salomatlikni sotib olib bo‘lmaydi. Odam shaxsan o‘zining doimiy mexnati bilan uni qozonsa bo‘ladi. Faqat sabot va tirishqoqlik bilan o‘z ustida ishlashi tufayli xar bir kishi o‘zini serxarakat, uzoq umr ko‘ruvchi, tuganmas salomatlikdan rohatlanuvchi kishiga aylantirishi mumkin. Men o‘zim salomatligimni mashaqqatli mexnat tufayli  topganman. Men yilning 365 kuni davomida sog‘man, menda hech qanday og‘riqlar, charchoqlar, tanadagi bezovtaliklar bo‘lmaydi. Siz ham ana shunday natijalarga erishishingiz mumkin”.
Pol Bregg butun umri davomida odamlarga o‘z jismoniy imkoniyatlarini takomillashtirish va salomatliklarini mustahkamlash usullarini tushuntirardi.
Pol Bregg 95 yoshida — 1976 yilda vafot etdi. U qariligi tufayli vafot etmadi. Uning o‘limi fojiali tasodif tufayli sodir bo‘ldi. Maxsus taxtacha bilan okeanning Florida qirg‘oqlarida suzib yurganda ulkan to‘lqin bosib qolib, o‘lim topgan. Breggni qutqarish imkoni bo‘lmadi. Unga 5 farzand, 12 nevara, 14 chevara va minglab shogirdlari motam tutdilar. Patologoanatomlar uning yuragi, bo‘g‘inlari va barcha ichki organlari a’lo darajada ekanligini ta’kidlashgan edilar. “Mening tanamning-yoshi yo‘q” deganda, Bregg mutlaqo xaq edi.
Bregg     o‘z  sog‘lomlashtirish     tizimida   ratsional ovqatlanishga asosiy e’tiborni qaratardi. Uning oziqlanishga doir fikri mag‘zini qo‘yidagicha ifodalash mumkin. Bir kunlik ratsionning taxminan 60 foizi, asosan, xom xoldagi sabzavot va mevadan iborat bo‘lishi lozim. Xar xil ximikatlar yordamida sanoatda qayta ishlangan ozuqalardan esa tiyilmoq darkor. Ovqat imkoni boricha tabiiy holda va unda osh tuzi, tozalangan qand, har xil sintetik unsurlar minimal miqdorda bo‘lmog‘i lozim. Bregg, mutaassib emasdi va agar odam go‘sht yeyishga o‘rganib qolgan bo‘lsa, marhamat, yeyaversin, lekin haftasiga uch-to‘rt martadan ko‘p emas (ko‘pchilik har kuni uch marta yeyishga o‘rganib qolgani singari emas), derdi. U kolbasa, konserva, semiz va qovurilgan go‘sht iste’mol qilishni maslahat bermas edi. Bregg tuxum iste’mol qilishingizga  xam qarshi emas, lekin bu xam haftasiga ikki-uchtadan ortib ketmasligi kerak. U katta yoshdagi kishilarga sut, qaymoq, pishloq, sariyog‘ va boshqa xil jonivor yog‘larini ko‘proq tanavvul qilish ma’kul emas deb xisoblardi.
Maslahat va tavsiyalar bergan kishilariga qaraganda, Bregg o‘ziga nisbatan ancha qattiqqo‘l edi. U go‘shtni deyarli iste’mol qilmas, kamdan-kam baliq tanavvul qilardi. Shuning uchun xam uni etemas (vegetarian) dsb atash mumkin. Lekin uni zoxidlar qatoriga xam, o‘simlikdan boshqa ozuqalardan hazarlanadiganlar safiga xam kiritib bo‘lmasdi. Etemaslik — ancha keng yoyilgan hodisa bo‘lib o‘simlikdan boshqa ozuqalar parxezidangina iborat emas.  Ularning ta’kidlashlaricha, insonnnng tishidan tortib to chiqaruv muchasigacha bo‘lgan butun ovqat hazm qilish yo‘lining tuzilishi shundan dalolat beradiki, go‘sht inson uchun tabiiy ozuqa emas. Buning ustiga, go‘shtli ovqatlar ichaklarning bo‘shashuviga, organizmning zaharli moddalar bilan ifloslanishiga, asab tizimining o‘ta qo‘zg‘aluvchanligiga, ko‘plab kasalliklarning kelib chiqishiga sababchi bo‘ladi. “Xar kanday mamlakatda yurak tomirlari kasalligining ko‘p yoki ozligi go‘shtni ko‘p yoki oz iste’mol qilishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq, qanchalik go‘sht ko‘p iste’mol qilinsa, shunchalik o‘lim ko‘proq bo‘ladi”, —  deb ta’kidlagan edi akademik P. Anoxin. Etemaslik xaqida juda ko‘p munozaralar bo‘lgan va bo‘layapti. Bu masalani jo‘n va oson xal qilib bo‘lmaydi. Shu o‘rinda raqamlarni keltirish bilangina cheklanamiz. Har bir etemasga 1000 ta “go‘shtxo‘r” to‘g‘ri kelar ekan, endi 80 yoshdan oshganlarni oladigan bo‘lsak, har 1000 taning 100 tasi etemas ekan.
O‘zlarini etemasman deganlarning ichidan xam faqat sabzavot va mevalar, yong‘oq, asal, yog‘li o‘simliklar urug‘lari, yovvoyi o‘simlik barglari bilan ozuqalanadiganlarni alohida ajratmoq lozim. Ana shu chegaralangan ozuqalar sirasidan ular anchagina totli va o‘ta foydali taomlar tayyorlay biladilar. “Xom yeyuvchilar” shuni alohida ta’kidlaydilarki, ozuqani pishirish uning sifati buzilishiga, vitaminlar va mikroelementlarning kamayib ketishiga olib keladi. Bolgariyalik olim T. Todorov “Dasturxonimizdagi quyoshli ozuqa” kitobida shunday yozadi: “Xom o‘simliklardan tayyorlangan ozuqalar tanani ximiyaviy energiyaning eng yuqori quvvati bilan ta’minlaydi. Bu esa xar bir xujayrada kechadigan jarayonlarni qo‘llab turish uchun o‘ta zarurdir. Shuning uchun xam pishirilgani uchun quvvati pasaygan go‘shtni tanavvul qilganda, xujayra faoliyati buziladi”.
“Xom yeyuvchi”lar orasidan chiqqan ba’zilar vaqti kelib, yer yuzida mol boqiladigan yaylovlar va bug‘doyzorlar o‘rnini bog‘lar, sabzavot va yong‘oqzorlar egallashiga ishonadilar. Ungacha xali uzoq. Lekin, bugungi kundayok xar bir kishining kunlik yemagining 40-50 foizi sabzavot va meva bo‘lishi lozimligini nafaqat Bregg, balki boshqa mutaxassislar xam ta’kidlamoqdalar. Bir marta (ertalik yoki kechlik) lik ovqatni to‘liq xom sabzavot va mevali qilish foydali bo‘lardi. E. Vilox o‘zining Olmoniyada chiqqan “Sabzavotlar doimo foydalidir” kitobida qiziqarli faktlarni keltiradi: “Bolalar instinktiv ravishda intilishlariga qaramay xom   sabzavot  va  mevalarni  yetarli  miqdorda  yeya  olmaydilar.
Yoshligida yetarli miqdorda xom sabzi, karam va turli mevalar yegan bolalar, voyaga yetganlarida qahva, tamaki va alkogol kabilarga unchalik intiluvchan bo‘lmaydilar, chunki ular, yoshlikdan to‘laqonli ozuqadan olgan quvvat tufayli voyaga yetganlarida sun’iy qo‘zg‘atuvchilarga ehtiyoj sezmaydilar”. Xom sabzavotlar va mevalarni ko‘p yegan katta yoshdagilar quvvatni oshiradigan vositalarga kamroq murojaat qiladilar.
Bregg o‘zining tizimida sog‘lomlashtiruvchi ochlikka katta o‘rin beradi. Organizmni to‘planib qoladigan har xil qoldiq va zaharlardan tozalash uchun kishi xaftada bir kecha-kunduz, har uch oyda bir marta 7 yoki 10 kun och yurishi kerak. Ochlik vaqtida faqat suv ichish mumkin.
To‘liq ochlikning kishini sog‘lomlashtirishdagi samarasi qadimdan ma’lum. Professor Yu. S. Nikolayev “Salomatlik yo‘lidagi ochlik” kitobida yozadi: “Ovqat bo‘lmaganda organizm o‘zining ichki zapaslarini ishga soladi, ichki (endogen) oziqlanish boshlanadi. Bunda xar xil muchalar va to‘qimalardagi zaxiralarning sarflanishi birday kechmaydi. Eng kam sarf asab markazlari va yurakda bo‘lsa, eng ko‘p sarflanish yog‘li to‘qimalarda bo‘ladi. Ochlik hissi faqat birinchi kunlarda bo‘lib, keyinchalik esa to‘liq yo‘qoladi. Ayrim a’zolar vaznining 20-25 foizigacha yo‘qotiladigan to‘liq ochlik jarayonida ham muchalarda va to‘qimalarda hech qanday patalogik o‘zgarishlar bo‘lmaganligi kuzatiladi”.
Yana bir ko‘chirma: “Uzoq davom etgan majburiy (sog‘lomlashtirish emas, ta’kidlaymiz — majburiy) ochlik davrida jonivorlar va inson organizmi ko‘pincha chuqur xolsizlanishi natijasida emas, balki parchalangan ozuqalardan zaharlanish oqibatida xalok bo‘ladilar. Sog‘lomlashtiruvchi ochlik jarayonida esa bu ozuqalar qator tadbirlar (tozalanish xuqnalari) vannalar, massaj, o‘pkaning yukori darajada tozalanishi, sayrlar) yordamida organizmdan chiqarib tashlanadi va organizm uzoq vaqt davom etgan ochlikni hech qanday zaxarlanishlarsiz o‘tkazadi. Inson tanasi faqat suvnigina qabul qilgan to‘la ochlik jarayonida, vujudda hech qanday distrofik (to‘qima va a’zolarda modda almashinuvining buzilishi) holat kuzatilmaydi. Tana ma’lum muddatga o‘zining zaxirasidagi yog‘, oqsil, vitaminlar va mineral tuzlardan foydalanishga o‘tadi, ular badanning xamma talablariga to‘liq javob beradi va to‘laqonli xisoblanadi”.
Breggning fikricha, ochlik bu — eng avvalo, noto‘g‘ri ovqatlanish, shuningdek, xavo va suvning ifloslanishi, dori-darmonlarni xaddan tashqari ko‘p iste’mol qilish natijasida tanada to‘planib qolgan va xar xil zaxarlanishlarga olib keladigan zararli narsalardan xalos bo‘lishdir.
“99 foiz bemorlar,- deb yozadi Bregg,- noto‘g‘ri, notabiiy ovqatlanishdan  jabrlanadilar. Ma’qul bo‘lmagan ovqatlarni tanavvul qilib, ichimliklarni ichib va buning natijasida organizmlarida qanchalar zaxarli moddalar to‘planayotganini, o‘zlarini qanchalar ifloslantirayotganliklarini odamlar
tushunib yetmaydilar”. va qo‘shimcha qiladi: “Ochlik biror
kasallikning shifo usuli emas. Ochlik tanani shunday sharoitga
qo‘yadiki, unda xayotiy quvvatning barchasi tozalanish va
sog‘lomlashish uchun foydalaniladi. Ochlik tanani o‘z-o‘ziga yordam
berishga majbur etadi”.

Bregg ochlik mutlaqo xavfsiz ekaniga to‘liq ishonsada, yetarlicha ehtiyotchil, u ochlikning xakim yoki bu sog‘lomlashtirish tadbirini muvaffaqiyatli qo‘llagan mutaxassis kuzatuvida o‘tkazilishini maslaxat beradi. Uning fikricha, tuzi o‘tkir taomdan (“dasturxonda tuzdonga o‘rin yo‘k, xar qanday tabiiy ovqatda yetarli miqdorda tuz bor”), kimyoviy qayta ishlangan ozuqalardan, o‘ta shirin, qattiq qovurilgan, un va kraxmalga boy yemaklardan va umuman to‘kin-sochin dasturxondan sog‘lom ratsionga asta-sekinlik va qisqa muddatli ochliklar orqali o‘tish lozim bo‘ladi.
Bizning xozirgi to‘qchilik zamonda xaqiqiy ochlik nima-yu, organizmning ozuqaga chinakkam talabi qandayligini deyarli unutib qo‘ymoqdamiz. Xozirgi vaqtda odamlar ochlik deb, bir kunda bir necha bor ovqatlanish (xatto ovqat yegisi kelmasa xam) odati natijasida paydo bo‘lgan surunkali gastritli nevrozni (markaziy nerv sistemasining buzilishi tufayli ichki organlar faoliyatining susayishi) tushunadilar. Lekin ovqatlanishga aloqador odatni o‘zgartirish xecham qiyin emas: qat’iy ruxiy yo‘nalish berilsa bas. O‘z zamonasida Plutarx ta’kidlagan: “Ishtaxangizni aqlingizga ishtiyoq bilan bo‘ysunishga o‘rgating!”
Garchi ma’lum paytda uch yoki to‘rt marta ovqatlanish ichki organlarning  ritmik  ishlashini  ta’minlasa-da,  odatlanilgan soatlar yoki kunning muayyan vaqti navbatdagi yemak uchun asos bo‘la olmaydi.   Bunday   rejim      ovqatni   xazm qilish   boshqaruvi markazini chalg‘itishi xam mumkin, chunki   bu xolatda ozuqa uchun ehtiyoj bo‘lmasa xam tana ovqat talab qilishga o‘rganib qoladi. Mana shuning uchun xam, dasturxon atrofiga o‘tirishdan oldin o‘zingizdan so‘rang, bu safar ovqatlanmasam keyingi ovqatlanishni kuta olamanmi yoki minimum ovqat bilan chegaralansam bo‘ladimi? Bregg, umuman, ertalik qilmas edi. Ertalik o‘rniga u olma yoki apelsin tanavvul qilar va yugurar edi. Nonushtani bekorga emas jismoniy mehnat natijasida sarflangan energiya o‘rnini qoplash uchun yeyish kerak, deb xisoblardi u. Kechlik o‘rniga raqsga, asosan, zamonaviy ritmik raqsga tushishni ma’qul ko‘rardi. Bir kunda ikki marta ovqatlanish unga bemalol yetarli bo‘lardi.
Bregg shuni ham ta’kidlaydiki, ochlik bilan organizmni tozalayotgan kishida kundalik jismoniy mashqlarga extiyoj paydo bo‘ladi. Mashqlar bilan inson o‘z tanasida shunday ishlarni amalga oshiradiki, natijada tananing qanday bo‘lishini xoxlasa, o‘shanday xolatga keltirishi mumkin bo‘ladi.
Bir vaqtlar u Bernard Mafedden bilan birga “Jismoniy tarbiya” jurnalining noshirlari edilar. Bu jurnalning shiori shunday edi: “Kasallik bu — jinoyat: jinoyatchi bo‘lmang”. Bu shiorning mazmunini shunday tushuntirish mumkinki, ko‘plab xastaliklarning sabablari: tabiat qonunlarini tan olmaslik, turmushning tabiiy talablariga rioya etmaslik, noto‘g‘ri ovqatlanish va xayot tarzi, yetarli jismoniy harakatchanlikning bo‘lmasligi yoki chiniqmaganlik va tana moslashuvchanlik qobiliyatining sustligidir. “Jismoniy madaniyat” atamasini u odatdagidan ancha keng ma’noda tushunar edi. Bu, Breggning o‘ta o‘rinli ta’kidlashicha, nafaqat jismoniy mashqlar, balki insonning savodli va madaniy sog‘lomlashishiga ko‘maklashuvchi tadbirlar majmuasidir. Bu majmuaga, so‘zsiz, to‘g‘ri ovqatlanish ham, toza havo ham, usiz mustaxkam jismoniy sog‘lomlikning iloji bo‘lmaydigan ruxiy tayyorlik xam kiradi.
Sog‘ligi yomon kishilarga Bregg salomatlik mashg‘ulotlarini piyoda yurishdan boshlashni tavsiya qilardi. “Yurish — mashqlarning podshosi, — deb ta’kidlardi u. Oz-ozdan boshlab, xar kuni beshdan o‘n kilometrgacha yurishingiz va shu masofani ikki barobar kupaytirish imkoniyatiga ega bo‘lmog‘ingiz lozim. Odatdagidan sal tezroq yuriladigan bu sayrlarga tashqaridan hech qanday muhit xalaqit bermasligi lozim. Jaxon bo‘ylab ma’ruzalarim bilan yurgan vaqtlarimda yashayotgan mexmonxona daxliz va zinalarida kechqurunlari sayr qilishni xush ko‘rardim.
Uzoq masofalarga uchishga to‘g‘ri kelganda, yo‘lovchilarning ajablanishlariga ham parvo qilmasdan, samolyotning orqa dum qismiga borib, bir joyda yugurish mashqlarini bajarardim. U o‘zi uchun har kuni issiq va sovuq dushga tushishni yoki namli sochiq bilan artinishni shart deb bilardi. U dengizda yilning xamma fasllarida cho‘milar va ”Oq ayiqlar“ klubining faol ishtirokchisi edi. Bregg shuni doimo ta’kidlardiki, yoshi ulug‘lik yoki qarilik, mutlaqo, odatda qabul kilinganidek, salomatlikning yomonlashgani degani emas. Yoshi ulg‘aygan davrda ham turmush tarzini qayta ko‘rib chiqib, inson o‘z salomatlignni yoshligidagidan xam yaxshiroq xolatga keltirish mumkin. Bu fikr to‘g‘riligining isboti sifatida Bregg 54 darajali issiqda Kaliforniyadagi O‘lim sahrosiga sayohat qildi. U bilan o‘n nafar kuchli sportchi ham birga yurdi. Ularning birontasi bu qiyin sinovdan o‘ta olmadilar. Safarni buyuk Bregg nihoyasiga yetkazdi. ”Yo‘l oxirida men dastorgul singari tetik edim“, — deb yozadi u, o‘z muvaffaqiyatidan mag‘rurlanib.
Bregg kitobi ma’ruzalar konspektiga o‘xshaydi, lekin bu
ma’ruzalar   jo‘shqin   va   extirosli   amri   ma’rufga   xam yaqinlashadi: ”Faqat ikki toifadagi: chinakam odamlar — ular o‘zlari haqida o‘zlari qayg‘uradilar va chinakam bo‘lmagan kishilar bor — ular o‘zlari xaqida tashvish chekishni o‘zgalarga ag‘daradilar yoki xakimlar zimmasiga yuklaydilar. Siz o‘zingizni qaysi toifaga kiritasiz?“
Xozirning o‘zidayoq, ko‘pchilik kishilar, odatda cheklangan deb qaraladigan, lekin aslida yetarli ozuqa rejimida, chiniqishni ta’minlaydigan harorat rejimida, mustaxkam sog‘liqqa eltuvchi. Xarakatchanlik rejimida yashamoqdalar. Va shunda imkoni yo‘qday bo‘lib ko‘ringan sog‘lomlikning o‘zi kelmoqda. To‘g‘ri, sog‘liqqa putur yetkazuvchi: asabiylik, ifloslangan muxit, yomon odatlar kabi bir qancha omillar xam bor. Bu omillarga qarshi tura oladigan jismoniy va psixologik xayot tarzi xam bor.
Shuni aloxida ta’kidlash lozimki, xar qanday kishi u yoki bu xayot tarzini, u yoki bu ovqatlanish rejimini va xarakatchanlik tarzini, u yoki bu psixologik kayfiyatni tanlash bilan ma’lum ma’noda uz umrining uzunligini xam ta’minlaydi.
Shunisi achinarliki, sog‘lomlashtiruvchi 4 vositalar majmuining barchasi xam qaysidir ma’noda, hozirgi zamon kishisining ruxiyatiga qarama-qarshi. Ana shu psixologiya tegishlicha och yurish, qishki cho‘milish, uzoq masofalarga yugurish kabi nafaqat sog‘lomlashtiradigan, balki yoshartiradigan tadbirlarga xam zid xolatda turibdi. Bu tadbirlar ko‘pchilikka notabiiy bo‘lib ko‘rinadi.
Lekin bunday xolat o‘zgaradi. Inson uz tabiatini
sindirolmaydi, aksincha, yashab qolish uchun u o‘z ruxiyatini, o‘z extiyojlari moxiyatiga qarashlarini so‘zsiz o‘zgartiradi. Biz bo‘lmasak, bizning avlodlarimiz vaqti-vaqti bilan och yurishni, sovuq suvda cho‘milishni, doimiy yugurishni tabiiy hol deb hisoblaydigan bo‘ladilar. Biz uzoq ajdodlarimizning sog‘lom hayot tarziga qaytamiz. Albatta   qaytamiz,     lekin    bu   hayot charxpalagining qaysidir aylanishida sodir bo‘ladi. Bunday vaqtlar keladi. Pol Bregg ham bunday ta’kidlagan edi: ”Uzoq umr ko‘rish qoidaga aylanadi“.
Endi Bregg maslahatlari mamlakatimiz mutaxassislari dunyoqarashiga qay darajada mos kelishini aniqlash qoldi. Bu masalada meditsina fanlari doktori, professor Yuriy Sergeyevich Nikolayevga murojaat kilamiz. Professor butun umri davomida ochlikni nazariy o‘rgangan va davolash amaliyotida foydalangan. Uning ”Salomatlik yulidagi ochlik“ degan kitobi bozori chaqqon bo‘lib, turli xil kasalliklardan davolangan minglab kishilar bu uslubning terapevtik samarasi katta ekanligini tasdiqladilar.
P. Breggning ”Ochlik mo‘’jizasi“ kitobi xaqidagi Yu. S. Nikolayev fikri o‘quvchilarimizga bu kitobda ko‘tarilgan muammolarni tushunishga yordam beradi:
”Bu kitobning ulkan qimmati kitobxonga juda qattiq ta’sir ko‘rsatadigan xissiyligida. Aynan Pol Breggning yuksak publitsistik qobiliyati tufayli sog‘lomlashtiruvchi ochlik (Men OPT ozdiruvchi parxez terapiyasi deb ataluvchi o‘zga atamadan ko‘proq foydalanaman) tobora ko‘proq tushunarli bo‘lib mazkur kitobning rus tilidagi tarjimasi chiqishi bilan hayot tarzi, ovqatlanishini tartibga soladigan, ochlikdan sog‘lomlashtirish maqsadlarida foydalanadigan kishilar davrasi kengayadi.
Bregg o‘zining bu kitobini yigirma yildan oshiqrok yil oldin yozgan. O‘tgan davrda katta amaliy tajriba to‘plandi, uning ayrimlari qaysi bir jihatlari bilan Bregg tavsiyalariga mos tushmaydi.
Birinchidan, ochlik vaqtida doimo yotish va dam olish kerak, degan tavsiya bilan kelishib bo‘lmaydi. Bu maslaxatiga Breggning o‘zi amal qilganiga xam ishonish qiyin.  Harakatsiz xolatda ochlik, xarakatlanib turgandagiga nisbatai og‘irroq kechadi. Mening fikrimcha, buni xayvonlar ustida o‘tkazilgan tajriba xam tasdiqlaydi. Biznnng tavsiyamiz ochlik bilan davolanish davrida ko‘proq yurish, yugurish, chang‘ida uchish kerak. Bo‘g‘inlar kasal bo‘lsa, ochlanish davrida aynan ana shu bo‘g‘inlarni ko‘proq xarakatlantirmoq lozim. Esimda bor, Moskvaning 68-kasalxonasida mening kuzatuvim ostida ochlik bilan davolanayotgan bemorlarimdan bir necha erkak klinikadan uncha uzoqda bo‘lmagan joyda qo‘llarida bel va misranglar bilan ishchilarga yordam qilayotganlarini ko‘rganman. Ularda jismoniy mehnatga juda katta ishtiyoq bor edi. Xuddi shunday ishtiyoqni men o‘zimning ham boshimdan bir necha bor o‘tkazganman. Ayniqsa, katta kuchning quyilib kelishi ochlikning yettinchi-sakkizinchi kuni bo‘ladi. OPT davrida kasalxonalarda hatto og‘ir bemorlarga xam, xatto bazo‘r yuradiganlariga xam ko‘proq xarakatlanishni tavsiya qilamiz. Ular mashqlarni to‘shakda, trenajerlarda bajarishadi, asta-sekin xarakat qiladilar. O‘z-o‘zidan ma’lumki, jismoniy harakatlar individual tarzda tayinlanadi. Xarakatlanishga na jismoniy va na ma’naviy imkoni bo‘lmagan kishiga bunday vazifa berib bo‘lmaydi. Menimcha, ochlik davrida energiyani tejash konsepsiyasi bilan Bregg toksinlardan tozalanish mexanizm» tushunchasini uta jo‘nlashtirib yuborgan. Bu jarayon xujayra va subxujayra darajasida kechmoqda va u 20 yil oldingiga nisbatan xozirda  ancha murakkablashgan.
Ikkinchidan,     Breggning     ochlik     vaqtida   faqat distillangan suv ichish kerak, degan fikriga qushila olmayman. Bunday suvni mamlakatimizda ko‘pchilik uchun topish unchalik oson xam emas va undan tashqari buning xojati xam yo‘q. Bizning kasalxonalarimizda qaynatilgan suvdan yaxshi foydalanishayapti, xom suv esa undan xam yaxshiroq bo‘ladi.
Uchinchidan, Bregning ochlik vaqtida xuqna qilish yoki surgidan foydalanishni rad etish talabiga ko‘shilmayman. Chunki, bunday qilish tananing zaxarlanishiga olib kelishi mumkin. Biz xar qanday ochlikni surgidoridan foydalangan xolda boshlashni tavsiya qilamiz. Buning uchun oltingugurtli nordon magneziya yoki ingliya tuzidan foydalangan ma’qul. U toksinli emas va bir marta qabul qilingandayoq tanadan ko‘plab zaxarlarni xaydab chiqish imkoniga ega. Eng maqbul meyor: bir krujka iliq suvga bir yarim — ikki osh qoshiq. Bu surgi dori ancha achchiq bo‘lganligi uchun, dorini ichgandan keyin bir ikki krujka iliq toza suv ichib  yuborish ma’qul bo‘ladi. Ertalikdan bir necha soat keyin surgi dorini ichish eng maqbul variant xisoblanadi. Masalan, odam soat 8 — 9 larda nonushta qildi (bu ochlikni boshlashdan oldingi oxirgi ovqatlanish) va soat 14 larda surgi dori ichdi. U o‘zining ta’sirini 4-5 soat davomida o‘tkazadi. Shunday qilib, odam tozalangan oshqozon bilan uyquga yotadi. Shundan keyin u ovqatsiz keyingi kun va bir kechani yengil o‘tkazadi. Esda saqlaylik: surgi faqat ochlik oldidan qabul qilinadi. Keyin tozalovchi huqnadan foydalaniladi. Kamida bir kunda bir marta. Uningsiz organizmda o‘zgarish bo‘lmaydi.
Men ochlik bilan mustaqil davolanishga qarshi emasman. Lekin unga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoq lozim. Adabiyotlarni o‘rganish, ovqatdan tiyilishning foydaliligiga ishonch xosil qilish, bu tadbirning bezarar, amalga oshirilishi yengil ekanligiga o‘zini ishontirish lozim. To‘g‘ri, yoningizda mutaxassis yoki ochlikni boshdan kechirgan, tajribali kishi bo‘lsa ma’qul bo‘lardi. Bunday kishilar bilan maslahatlashish, gumonlarni yengishda, o‘ziga ishonch paydo qilishda yordam beradi. Shuni ham ta’kidlash joizki, ochlik bilan davolanish yuzasidan mutlaqo to‘g‘ri va bir xil yo‘riq berish mumkin emas. Negaki, xar bir vujud ochlikka o‘ziga xos munosabat bildiradi. Ochlik bilan davolash ko‘proq ziyoli kishilar uchun mo‘ljallangan desam xato qilmayman. Ular bu tadbirni nafaqat tushunadilar, balki o‘z vujudining xolatidan kelib chiqib, bu tadbirga ijodiy yondashadilar xam.
Men 24 soat och yurishdan boshlashni maslahat bergan bo‘lardim va xafta o‘gkazib yana bir kecha-kunduz och yuriladi. Agar qo‘rquv muvaffaqiyatli yengib o‘tilsa va o‘zini yaxshi sezsa, bir xaftadan keyin 36 soat och yurish va xafta o‘tkazib yana takrorlash mumkin. Bular xammasi organizm uchun yaxshi mashq va keyingi, uzoqroq muddatli, 48 soatlik xamda uch kecha-kunduzlik och yurishlar uchun yaxshi tayyorgarlik xam bo‘ladi. Agar kishi yaxshi chog‘langan bo‘lib, barcha ishlarni to‘g‘ri amalga oshirsa, ochlik yengil kechadi. O‘ylaymanki, bunday tajribaga ega bo‘lgach, uzoqroq muddatli ochlikni xam mustaqil o‘tkazsa bo‘ladi. Bunda ochlikni tugatish muddatini va uni batartib o‘tkazishda xatoga yo‘l qo‘ymaslik juda muximdir. Mana shu vaqtda, ayniqsa, surunkali kasali borlarga maslaxat olish juda axamiyatli bo‘ladi. Birinchi urinishlardan keyingilarida farosatli kishilar nima qilishni biladi va ishonchliroq xarakat qiladi“.

Pol Breggning ”Ochlik mo‘’jizasi» kitobini o‘qishga kirishishlaridan oldin, mening fikrimcha, kitobxonlar bilishlari lozim bo‘lgan axborot shulardan iborat —

Stiv Shenkman.

Kitobni web ko’rinishini tayyotlagan Islom.uz mutasaddilariga minnatdorchilik bilditamiz!

1 ta savol

  1. Assalomu alaykum.
    3 oyda 1 marta 7 10 kun och yurgan vaqti faqat suv ichish kerakmi yoki sabzavot mevalarni ham yesa buladimi shu kun mobaynida….
    Javob uchun oldindan rahmat….

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*