El sog‘ligi — yurt boyligi

Oyoq to‘pig‘i diabeti nima?

Qandli diabet hozirgi kunda jahonda eng keng tarqalgan surunkali kasallik bo‘lib, unga dolzarb muammo sifatida qaralmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozir sayyoramizda 320 milliondan ko‘proq inson qandli diabetdan aziyat chekmoqda.

qandli diabet

Qandli diabet kasalligining ko‘plab turlari mavjud bo‘lib, ulardan biri oyoq to‘pig‘i diabetidir. Xo‘sh, u qanday kasallik? Uning kelib chiqish sabablari nimalarga bog‘liq? Qay tarzda bartaraf etish mumkin?
Ushbu savollarga javobni quyidagi maqola orqali topishingiz mumkin.

Oyoq to‘pig‘i diabeti

Oyoq to‘pig‘i diabeti — qandli diabet kasalligining eng jiddiy va xavfli asoratlaridan hisoblanadi. Bu kasallik bilan og‘rigan bemorlarda oyoq kaftidagi yarali nuqsonlar oqibatida qo‘pincha oyoqlar yoki oyoq qismlari kesib tashlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik aniqlangandan so‘ng 20 yil o‘tgach, qandli diabetga chalingan bemorlarning 80 foizida oyoq qon tomirlarining zararlanishi kuzatiladi.

Diabet to‘pig‘i sindromi

Diabet to‘pig‘i sindromi — periferik nervlar, qon tomirlari, yumshoq to‘qimalar, suyaklar, bo‘g‘imlar shikastlanishi natijasida kechadigan, o‘tkir hamda surunkali yaralar, suyak va bo‘g‘imlarning shikastlanishi, yiringli nevrozli jarayonlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladigan holatdir. Dastlab, mayda qon tomirlar, kapillyarlar zararlanadi.

Asta-sekin rivojlanib, nerv to‘qimasida glyukoza almashinuvi buziladi. So‘ng yara paydo bo‘ladi. Bu holat yurish hamda tik turishga xalaqit beradi. Shuningdek, kasallikka chalingan bemorlar oyoqlar charchashi, uvishishi va og‘riqdan shikoyat qiladi. Bu shikoyatlarning doimiyligi va darajasi kasallik bosqichiga bog‘liq. Diabet uzoq vaqt davom etganda, oyoq panjasining ko‘ndalang va bo‘ylama o‘lchamlari kattalashadi, yassioyoqlik rivojlanadi, panja-boldir bo‘g‘imi hajmi kattalashadi. Oyoq panjasida qadoqlar paydo bo‘ladi.

Ko‘pchilik hollarda diabet to‘pig‘i sindromi patogenezida periferik neyropatiya yotadi. Neyropatiya sezgirlikning yo‘qolishiga, ko‘pchilik hollarda oyoq kafti shaklining o‘zgarishiga va hatto yurishning buzilishiga olib keladi. Neyropatiya bor bemorlarda salgina shikastlanish, masalan, poyabzalning shilishi, kesilish yoki yalangoyoq yurish surunkali yara paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Sezgirlikning yo‘qolishi esa oyoq kafti shaklining o‘zgarishi, bo‘g‘imlar harakatining cheklanib qolishi oyoq kaftiga tushadigan biomexanik og‘irlikning o‘zgarishiga olib keladi. Natijada qadoqlar paydo bo‘ladi. Yara paydo bo‘lish sabablaridan qat’i nazar bemor sezgirligini yo‘qotgan oyoq kaftida yuraveradi, bu bilan yara bitishini sekinlashtiradi.

Xavf guruhiga kiruvchi bemorlarga tashxis qo‘yilgandan keyin darhol profilaktika chora-tadbirlarini boshlash lozim. Eng avvalo, bemorlar maxsus poyabzal bilan ta’minlanishi, oyoqlarni parvarish qilish va mavjud asoratlar rivojlanib ketishining oldini olish uchun dori vositalarini qo‘llash zarur.

Neyropatiya yoki ishemiya bor bemorlar oyoqlar kafti shakli o‘zgarganda poyabzalni to‘g‘ri tanlashlari, u yoki bu poyabzalni oyoqqa loyiq, siqmaydigan bo‘lishiga katta ahamiyat berishlari shart. Poyabzal juda tor yoki juda keng bo‘lmasligi kerak. Poyabzalning ichki yuzasi oyoq kaftidan 1-2 santimetr uzunroq bo‘lgani yaxshi. Ichining kengligi oyoq kaftiga mos, barmoqlar bemalol turadigan darajada bo‘lishi lozim.

Shuni unutmaslik kerakki, qandli diabet xastaligiga chalinish tushkunlikka tushish, kasallikni sir tutish uchun asos bo‘la olmaydi. Bemor o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lsa, shifokor tavsiyalariga amal qilgan holda sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya etsa, uzoq umr ko‘rishi mumkinligi tajribada ko‘p bor isbotlangan. Ayniqsa, diabet to‘pig‘i belgilari namoyon bo‘lganda, mutaxassisga uchrashib, zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish sizning bu kasallikdan erta qutulish va davolanishda kafolat bo‘ladi. Har qanday kishining yiliga bir marotaba qondagi qand miqdorini tekshirtirib turishi esa kelajakdagi sog‘lom va xotirjam hayotni ta’minlaydi.

© Rahmonqul JO‘RAYEV, oliy toifali shifokori
«Qashqadaryo» gazetasi.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.