O‘tkir sinusitlar

Burun yon bo‘shliqlari shilliq qavatlarining o‘tkir yallig‘lanishi hisoblangan sinusitlar quloq, burun va tomoq kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarning 25-35 foizini tashkil qilishi aniqlangan. Olimlarning fikricha, yaxshi davolanmagan virusli yuqumli kasalliklar va batamom tuzalmagan shamollashlar sinusitlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Tasavvur qiling, bosh suyagimiz ichida ko‘plab bo‘shliqlar mavjud, ular xuddi g‘orga o‘xshaydi va hammasi burun bo‘shlig‘iga ochiladi. Aslida bu bo‘shliqlar faqat havo bilan to‘la bo‘lishi kerak, shamollash oqibatida esa burun bo‘shlig‘i va boshqa sinus bo‘shliqlaridagi shilliq qavatlar yallig‘lanib, shishadi va ko‘p ajralma chiqara boshlaydi. Oqibatda burundan nafas olish qiyinlashadi.

Sinusitlarni keltirib chiqaradigan mikroblar – stafilokokklar, streptokokklar, enterokokklar, pnevmokokk va zamburug‘lardir. Klinik kechishi va belgililarning namoyon bo‘lishiga qarab sinusitlar quyidagi turlarga bo‘linadi:

  • O‘tkir sinusitlar — davomiyligi 4 haftagacha
  • O‘rtacha o‘tkir sinusitlar — davomiyligi 4 – 12 haftagacha
  • Surunkali sinusitlar — davomiyligi 12 haftadan ko‘pga cho‘ziladi.

Burundagi sinus bo‘shliqlar o‘zining joylashishiga qarab bir nechta turlarga bo‘linadi. Yuqori jag‘ bo‘shlig‘i shilliq qavatlarining yallig‘lanishi (gaymorit), g‘alvirsimon bo‘shlig‘i shilliq qavatining yallig‘lanishi (etmoidit), peshona bo‘shlig‘ini shilliq qavatlarining yallig‘lanishi (frontit), asosiy bo‘shliq shilliq qavatining yallig‘lanishi (sfenoidit), shuningdek bir necha bo‘shliqlar shilliq qavatining yallig‘lanishi (polisinusit), bir tomonlama bo‘shliqlar shilliq qavatining yallig‘lanishi (gemisinusit), hamma bo‘shliqlarning yallig‘lanishi (pansinusit)lar bir-biridan farqlanadi. Klinik kechishi bo‘yicha o‘tkir va surunkali sinusit, kelib chiqishiga qarab – rinogen, odontogen, nozokomial va zamburug‘li sinusitlar ham mavjud.

Kelib chiqishi

Burun va burun yon bo‘shliqlari shilliq qavati himoya funksiyasining hamda mahalliy va umumiy immunitet pasayishi kasallik kelib chiqishiga imkon yaratadi. Infeksiyaning bo‘shliqlarga o‘tish yo‘llari turlicha: tabiiy yo‘llar orqali (rinogen yo‘l), gematogen yo‘l – o‘tkir yukumli kasalliklarda (difteriya, skarlatina, qizamiq va boshqalar), yuqori jag‘ning yallig‘lanish o‘chog‘i – bo‘shliqning pastki devoriga yaqin joylashgan kasallangan tishlar bo‘lishi mumkin (odontogen gaymorit).

O‘tkir sinusitlar klinik kechishiga qarab quyidagi turlarga bo‘linadi:

  • Ekssudativ turi: a) kataral, b) serozli, v) yiringli.
  • Hosilali turi: a) devorli–giper plastik, b) polipoz-kistoz.
  • Alterativ turi: a) xolesteatomali, b) kazeoz, v) nekrotik, g) atrofik.
  • Aralash turi: a) yiringli-polipoz, b) serozli, v) kataral.

O‘tkir sinusitlar klinik kechishi davomida burun ichi anatomiyasi meyoriy bo‘lmasligi, burun yon bo‘shliqlari shilliq qavatlari yallig‘lanishi va aeratsiya-drenaj xususiyati buzilishi mumkin. Bo‘shliqdagi shilliq qavatlar namlanadi, shishadi. O‘zidan serozli suyuqlik ajratib yiringga aylanishi va shilliq qavatning shishi tabiiy yo‘llarning bitishiga olib keladi. Shilliq qavatdagi yallig‘lanish jarayoni periostal qavatga, og‘ir hollarda suyakkacha o‘tishi mumkin. Bu holatda periostit rivojlanadi, bu esa kasallik surunkali turga o‘tishiga olib keladi.

Sabablari

O‘tkir yuqumli kasalliklar (ORVI, gripp), sovuqqotish, har-xil shikastlanishlar, organizmning umumiy va mahalliy yuqumli kasalliklarga kurashish qobiliyati pasayib ketishi o‘tkir sinusitlarni keltirib chiqaradi.

O‘tkir sinusitlarga tashxis qo‘yishda bemorning shikoyatlari hisobga olinadi. Yuqori jag‘ soxasida qattiq og‘riq paydo bo‘lishi va zararlangan bo‘shliq tomonda boshning har xil qismida og‘riq kuzatilishi mumkin. Nafas olish qiyinlashadi (bir yoki ikki tomonlama), burundan yiringli ajralma keladi, hid bilish sezgisi buziladi. Tana harorati ko‘tarilib umumiy holsizlik paydo bo‘ladi.

Paypaslab ko‘rish va uskunalar orqali tekshiruv o‘tkazilib, bemorga tashhis qo‘yish mumkin. Bemorning burun va yuqori jag‘ sohasi paypaslab ko‘rilganda og‘riq paydo bo‘lishi hisobga olinadi. Uskunalar, ya’ni rinoskoplar orqali tekshirilganda shilliq qavat shishgani va yiringli ajralma borligi aniklanadi. Tashhislash rentgenografiya, kompyuterli tomograf, endoskopiya va yuqori jag‘ bo‘shlig‘ini igna yordamida teshish orqali, shuningdek umumiy qon va siydik tahliliga qarab ham amalga oshiriladi.

Davolash

Bir necha turda davo muolajalari o‘tkaziladi. Yallig‘lanishga qarshi terapevtik muolaja o‘tkazish, klinik belgilarga qarab davolash, tomirlarni toraytiruvchi tomchi va surtmalarni qo‘llash, ajralma miqdori va ko‘rsatkichlarini meyorlashtirish, shilliq qavatdagi shishlarni yo‘qotish shilliq qavatning yemirilishini tiklash va kasallik surunkali turga o‘tishining oldini olish, shuningdek immun tizim faoliyatini tiklash, yuqori jag‘ bo‘shliqlarini teshish yo‘li bilan yuvish va dorilar yuborish, fizik usullarda davolash, ko‘z va miya asoratlarining oldini olish borasida jarrohlik usullarini qo‘llash orqali davolash ishlari amalga oshiriladi.

Profilaktikasi

Sport bilan shug‘ullanib, organizmni chiniqtirish:

  • suvda (basseynda) suzish;
  • gimnastika, burundan nafas olish gimnastikasi;
  • yugurish, tennis o‘yinlarida qatnashish.

Yuqori nafas yo‘llarini ravon qilib tozalash, organizmga nafas olish tizimini va yurak-qon tomir tizimini bir xil meyorda ishlash ya’ni (rezonator) funksiyasini tiklash. Organizmning umumiy va mahalliy har xil o‘tkir yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati (immunitet) ni oshirish. Ana shularga muntazam amal qilib borilsa o‘tkir sinusitlar kishini bezovta qilmasligi mumkin.

 

Rajabboy MASHARIPOV, tibbiyot fanlari doktori, professor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*