O‘ta sezgirlik yaxshimi yoki psixogen giperesteziya nima?

Psixogen giperesteziya – tananing turli sohalarida ruhiy-hissiy zo‘riqishlar sababli paydo bo‘ladigan yoqimsiz sezgilar, sanchuvchi yoki uyushtiruvchi og‘riqlar, qichimalar va h.k.. “Giperesteziya” – ortiqcha sezgi degani. Bunday ortiqcha sezuvchanlik nevroz, isteriya, ipoxondriya, depressiya va psixasteniya kabi kasalliklarning asosiy belgisidir. Unga chalingan bemor tashqi odatiy ta’sirotlarga shu qadar sezgir bo‘ladiki, uni quyoshning nuri, shamolning biroz qattiq esishi, avtomobillar tovushi, telefon yoki eshikdagi qo‘ng‘iroq jiringlashi va bolalar shovqin-suroni ham juda bezovta qiladi. Odatda, bunday bemor har qanday tovushdan eti jimirlab ketishi, tanasini xuddi tok urgandek bo‘lishi va boshi qattiq og‘rib ketishini og‘rinib so‘zlaydi. Uning tanasiga qo‘l tekkizib bo‘lmaydi. Bemorni vrach tekshirayotganida doimo seskanib turadi, tanasiga qo‘l bilan tegizgani qo‘ymaydi, chunki og‘riq kuchayib ketishidan qo‘rqadi. Agar vrach «Men sizga tekshirmasdan turib tashxis qo‘ya olmayman» desa, bemor vrachning qo‘lini o‘zi ushlab tanasining og‘riydigan joylariga olib boradi. Bunday bemorda tananing eng sezgir joylari, odatda bosh va oyoqlardir.
Ichki a’zolar kasalliklarida ham tanada o‘ta sezgir sohalar vujudga keladi. Ular tananing hamma joyida emas, balki ma’lum bir sohasida namoyon bo‘ladi. O‘ta sezgir sohalar ayniqsa, bosh terisida yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Ular yozda ham do‘ppi kiyib yurishadi. Bunday bemorning boshini tekshirayotgan vrachning qo‘lini bemor itarib yuborgan. U boshida qattiq og‘riq paydo bo‘lganidan shikoyat qilib, doktor qabulida 10 daqiqagacha o‘tirib qolgan. Oradan 3-4 daqiqa o‘tgach «Og‘riq o‘tib ketdimi, yoki biror og‘riq qoldiradigan dori beraymi» deb so‘ralganda bemor: «Yo‘q, hozir o‘zi o‘tib ketadi, nega mendan so‘ramasdan boshimni bosib qo‘ydingiz» deb vrach yordamidan voz kechgan. Vrach bemorning tizzasiga bolg‘acha bilan urib tekshirganda ham, o‘ta sezgirligidan u sakrab tushadi.

© Ibodullayev Z. Professor.

© «Asab va ruhiyat» kitobi.

Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqadir quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*