El sog‘ligi — yurt boyligi

O‘t-tosh xastaligi profilaktikasi

Mutaxassis olimlar kuzatishlariga ko‘ra, o‘t-tosh kasalligi asosan xoletsistit (o‘t pufagi yallig‘lanishi), safro dimlanishi va lipidlar almashinuvining buzilishi oqibatida kelib chiqadi. Masalan, organizmdagi yallig‘lanish o‘choqlaridan mikroblar qon va limfa tomirlari orqali o‘t yo‘llariga tushib, uni ta’sirlantiradi, oqibatda safro (o‘t) tarkibi o‘zgaradi, shundan so‘ng bu joyda bilirubinlar cho‘kmasi yuzaga keladi va tosh paydo bo‘ladi. Safro dimlanib qolganda va lipidlar almashinuvi izdan chiqqanda ham xuddi shunday holat ro‘y beradi.

O‘t-tosh xastaligining oldini olish maqsadida avvalo jigar holatini yaxshilashga erishish va o‘t (safro) ajralishini jadallashtiruvchi chora-tadbirlar ko‘rish lozim. Buning uchun to‘g‘ri ovqatlanishni tashkil etish, muhimi yog‘li va kuchli qovurilgan taomlarni cheklangan miqdorda iste’mol qilish lozim. Chunki qattiq qovurilgan mahsulotlarda jigar to‘qimalariga salbiy ta’sir qiluvchi aldegidlar, ketonlar va akreloin moddalari mavjud bo‘ladi.

Demak, taomlarni asosan o‘simlik yog‘ida qaynatib yoki dimlab pishirish kerak. Kuniga to‘rt-besh marta oz-ozdan ovqatlanish foyda beradi. Agar kishi ilgari xoletsistit bilan og‘rib o‘tgan bo‘lsa, to‘g‘ri ovqatlanish orqali bu xastalikning asoratlari bartaraf etiladi va o‘t-tosh xastaligi yuzaga kelishining oldi olinadi.

Bundan tashqari, taomlarni qaynoq yoki muzdek holida iste’mol qilmaslik kerak. Chunki qaynoq taomlar halqum va ichaklar uchun zararli bo‘lsa, muzdek ichimliklar me’da yo‘llarida spazmni (siqilishni) yuzaga keltirib, og‘riq qo‘zg‘atishi mumkin.

Yumshoq va qaynatib pishirilgan ovqatlar o‘t-tosh xastaligi profilaktikasida muhim o‘rin tutadi. Masalan, qovoq, kartoshka, lavlagi, qizil karam solib tayyorlangan sho‘rvalar, eziltirib pishirilgan guruchli yoki yormali bo‘tqalar yeyish foydali. Go‘sht yog‘siz bo‘lishi kerak. Shuningdek, nordon bo‘lmagan ho‘l mevalar va ulardan tayyorlangan kompot hamda kisellar jigar ishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bordiyu, bemor o‘t-tosh xastaligi tufayli jarrohlikni boshdan o‘tkazib, endilikda o‘t pufagisiz yashayotgan bo‘lsa, kun davomida oz-ozdan ovqatlanishi zarur. Chunki og‘ir ovqatlar qiyin hazm bo‘ladi va bu narsa o‘t pufagi vazifasini bajarayotgan a’zolarni zo‘riqtiradi. Shuni unutmaslik kerakki, yengil ovqatlanish va badhazm taomlarni cheklash orqali kishi o‘z tanasidagi boshqa xastaliklardan ham forig‘ bo‘lishi mumkin.

Surunkali xoletsistitga chalingan bemorlar o‘t yo‘llarida tosh paydo bo‘lmasligi uchun quyidagi mahsulotlarni juda kam miqdorda iste’mol qilganlari ma’qul:

  • yog‘li go‘sht, baliq va parrandaning yog‘li turlari;
  • kremli tortlar, pirojniy, shokolad;
  • qahva va kakao;
  • o‘tkir ziravorlar;
  • shovul;
  • qo‘ziqorinlar;
  • qora non;
  • sho‘r (tuzlangan sabzavotlar) va nordon mevalar;
  • piyoz, sarimsoq, sholg‘om, rediska;
  • yong‘oq, pista va bodom;
  • tuxum sarig‘i, baliq va go‘sht konservalari;
  • gazlangan ichimliklar.

Zuhra Qo‘chqorova, mutaxassis.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

 

Obuna indeksi yakka tartibdagi obunachilar uchun — 865, tashkilotlar obunasi uchun — 866.

Obuna indeksi yakka tartibdagi obunachilar uchun — 865, tashkilotlar obunasi uchun — 866.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *