El sog‘ligi — yurt boyligi

Osteoporoz — suyaklar mo‘rtlashuvi

Osteoporoz — suyaklar mustahkamligining pasayishi va suyak to‘qimalari strukturasi buzilishi bilan kechadigan, muttasil rivojlanib boruvchi xastalik. Bunda suyaklarning murakkab tuzilishiga putur yetadi, ya’ni bemor suyagi mo‘rtlashib, arzimas ta’sirlar natijasida ham sinib ketaveradi.

osteoparoz kasalligi

Osteoporoz turlari

Tibbiyotda osteoporozning bir necha turi farqlanadi:

  • Postklimakterik osteoporoz ayollarda jinsiy gormonlar ishlab chiqarilishining kamayishi natijasida kelib chiqadi.
  • Keksalarga xos osteoporoz — vujudning umumiy qarishi va o‘z resurslarini yeb bitirishi. 65 yoshdan keyin suyaklarning umumiy massasi kamayishi va pishiqligi susayishiga bog‘liq tarzda yuzaga keladi.
  • Kortikosteroid osteoporoz gormonlar (glyukokortikoidlar)ni uzoq vaqt davomida qabul qilish natijasida yuzaga keladi.
  • Ikkilamchi osteoporoz qandli diabet, onkologik xastaliklar, surunkali buyrak yetishmovchiligi, o‘pka, surunkali gepatit, kalsiy yetishmasligi, bod, Bexterev va Kron kasalliklari natijasida ro‘y beradi.

Osteoporoz sabablari

Suyak to‘qimalarining muntazam yangilanib turishida osteoklastlar va osteoblastlar deb atalmish hujayralar ishtirok etadi. 1 osteoklast parchalangan suyak massasi o‘rnini 100 osteoblastgina tiklab bera oladi. Osteoklastlar faolligi turli sabablarga ko‘ra ortib ketsa, suyak to‘qimalari buzilishi ularning qayta tiklanishiga nisbatan tezroq kechadi. Natijada suyak mo‘rtlashadi. Odatda inson 16 yoshga yetganida uning vujudida suyak massalari yig‘ilishi jarayoni avj nuqtaga yetadi. 30-50 yoshlarda suyak to‘qimalarining parchalanishi va qayta tiklanishi deyarli tenglashadi. 50 yoshdan keyin parchalanish tiklanishdan ko‘ra tezroq ro‘y bera boshlaydi.

Xavfli omillar

  • Oilada shu dardga chalinganlar mavjudligi;
  • 65 va undan yuqori yosh;
  • hayz sikli buzilishi;
  • kamharakatlilik;
  • kostikosteroid gormonlar, antikonvulsantlar, geparin, tiroksin, antatsid vositalar va boshqa alyuminiy tarkibli preparatlarni qabul qilish;
  • past bo‘ylilik;
  • suyaklarning ingichkaligi;
  • vaznning ozligi.

Shuningdek, chekish, ichish, kofein tarkibli va sergo‘sht oziq-ovqatlarga ruju qo‘yish, sport bilan shug‘ullanmaslik, sut mahsulotlarini iste’mol qilmaslik, D3 vitamini yetishmasligi ham osteoporozni keltirib chiqarishi mumkin.

Osteoporoz belgilari

Osteoporoz darhol belgi bermaydi yoki berganda ham ular boshqa kasalliklarga o‘xshab ketadi. Shu sababli ko‘pincha bemor bu dardga chalinganidan uzoq vaqt bexabar bo‘ladi. Ko‘pincha suyak singandan keyingina to‘g‘ri tashxis qo‘yiladi. Suyaklar esa osteoporozda arzimagan narsaga ham sinishi mumkin.

Kasallikni ilk pallada aniqlash juda mushkul, ammo bir necha belgilari mavjud. Masalan:

Kasallik ko‘pincha umurtqa pog‘onasi, bo‘ksa suyagi, qo‘l, ayniqsa, bilak suyaklariga tahdid soladi. Uzoq vaqt bir holatda bo‘lganda (masalan, o‘tirganda) umurtqa pog‘onasining bel va ko‘krak sohalarida og‘riq sezilishi, tunda oyoqlarda tomir tortishishi, tirnoqlar sinishi, bukchayib qolish, umurtqa pog‘onasi qisqarishi natijasida bo‘y pasayishi kabilar osteoporozning dastlabki alomatlari bo‘lishi mumkin.

Tashxislash uchun…

  • Suyaklar va umurtqa pog‘onasi rentgen qilinadi.
  • Densitometriya — suyaklar mustahkamligi ultratovush, rentgen va kompyuter tomografiyasi yordamida aniqlanadi.

Rentgen tekshiruvi kasallikni ilk bosqichda aniqlash imkonini bermaydi. Suyak massasi 20-30 foizga ozayganida ham rentgen buni ko‘rsatmaydi. U faqat keyingi bosqichlarda ish berishi mumkin.

Suyak densitometriyasi suyak massasining aniq miqdorini, mineral zichligini ko‘rsatadi. Buni suyak skriningi deb ham atashadi.

Agar ayol sog‘lom bo‘lsa, densitometriya tekshiruvini 65 yoshdan keyin o‘tkazish lozim. Bu borada shifokorlar yakdil. Ammo yosh bo‘lsangiz-da, shifokor sizda suyaklar mo‘rtlashganini taxmin qilsa, densitometriyani avvalroq o‘tkazish ham mumkin. Bunda shifokordan nimaga asosan sizga ayni shu tashxislash usulini belgilagani haqida so‘rang.

Apparatga tushishdan avval ma’lum tayyorgarlik lozim. Bu tashxis apparati rentgen nurlari vositasida suyak tarkibidagi minerallar miqdorini aniqlaydi. Agar chekka qishloqda istiqomat qilsangiz, markazga borishingizga to‘g‘ri kelishi mumkin. Kalsiy qabul qilayotgan bo‘lsangiz, tashxislashdan bir sutka avval uni ichishni to‘xtatib turasiz. Aks holda natijalar noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, osteoporozni tashxislash uchun qonning biokimyoviy tahlili ham amalga oshiriladi va uning tarkibidagi turli gormonlar (estrogenlar, qalqonsimon bez gormonlari), D vitamini, kalsiy, fosfor, magniy kabi moddalar hamda suyak to‘qimalarini parchalovchi, yangilarini yaratuvchi markerlar miqdori aniqlanadi.

Osteoporoz kasalligini davolash

Osteoporozni davolash — juda murakkab jarayon. U bilan immunolog, revmotolog, nevrolog, endokrinolog, ortoped-travmatolog kabi qator mutaxassislar hamkorlikda shug‘ullanishlari kerak. Suyaklarda modda almashinuvining me’yorga kelishini ta’minlash lozim. Suyaklar sinishining oldini olish, og‘riqlarni kamaytirish, bemorning harakat faolligini oshirish masalalari ham davolash jarayonining asosiy maqsadi sanaladi. Bunda tabiiy estrogenlar, kalsiy tarkibli dorilar buyuriladi. Davolash jarayoni yillab davom etishi mumkin. Preparatlarning ayrimlari haftada bir, boshqalari oyda bir, yana ba’zilari esa yilda bir marta qabul qilinadi. Ular shifokor tomonidan buyuriladi. Davolash faqat malakali mutaxassis nazorati ostida olib borilishi kerak!

Osteoporozni butkul davolash hozircha imkonsiz. Ammo suyaklar tarkibini yaxshilash, ularning yemirilish jarayonini susaytirish va asosiysi, insonni nogironlikka olib keladigan suyaklar sinishi holatlarining imkon qadar oldini olish mumkin.

Osteoporoz asoratlari

Ko‘pincha umurtqa pog‘onasi, tos suyagi, nursimon suyaklar sinishi kuzatiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tos suyagining sinishi nogironlik va o‘limga olib keluvchi sabablar orasida 4-o‘rinda turadi. Osteoporoz insonning o‘rtacha umrini 12-20 foizga qisqartirishi mumkin ekan. Uzoq vaqt to‘shakda yotib qolish natijasida zotiljam, yotoq yaralar, tomirlarda qon qotib, tiqin hosil bo‘lishi kabi asoratlar yuzaga keladiki, bular ham inson umrining qisqarishiga sabab bo‘ladi.

Osteoporoz profilaktikasi

Qariganda osteoporozga chalinmaslik uchun yoshlikdanoq to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga rioya etish kerak. Kalsiyga boy mahsulotlar — yog‘siz sut, qatiq, gulkaram, baliq, pishloqni ko‘p iste’mol qilish, spirtli ichimliklar va tamakidan tiyilish, faol harakatda bo‘lish tavsiya etiladi. 65 yoshgacha inson kuniga 1000 mg, 65 dan keyin esa 1500 mg kalsiy iste’mol qilishi lozim.

Odatdagi profilaktika choralari ish bermaganda shifokorlar dori vositalariga murojaat etishadi. Ammo unutmang, ularni o‘zboshimchalik bilan yoki har ehtimolga qarshi deya qabul qilish yaramaydi. Chunki har qanday dorining salbiy ta’siri bor. Shunchaki kalsiy qabul qilish bilan esa osteoporozdan qutulib bo‘lmaydi. Chunki uning organizmga so‘rilishi ancha qiyin. Kalsiy va D vitaminini mutanosib tarzda uyg‘unlashtirish lozim. Bu esa faqat shifokorning qo‘lidan keladi.

Klimaks davrida osteoporozning oldini olish uchun ayollarga estrogen gormoni buyuriladi. Shuningdek, jismoniy tarbiyaga ham alohida e’tibor qaratish tavsiya etiladi. 40 yoshdan keyin barcha ayollar qalqonsimon bezlar faoliyatini tekshiruvdan o‘tkazib, lozim bo‘lsa, uni davolash choralarini ko‘rishlari kerak.

Donoxon OXUNOVA, tibbiyot fanlari nomzodi,
oliy toifali shifokor.
«Darakchi.uz» nashri.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Savollar

  1. Ma'mura

    Osteopor kasalligi haqida toliq malumot

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.