Osteoporoz — sabablari, turlari, belgilari va davolash usullari

Osteoporoz – suyaklar kasalligi bo‘lib, ularning sinuvchanligi ortishi, mo‘rtlashishi bilan kechadigan holat. Bunga sabab organizmda kalsiy yetishmasligi, umuman suyak tizimida kalsiy elementi kamligi tufayli moddalar almashinuvi buzilishidir. Osteoporoz bilan kasallangan insonlar hayoti xavf ostida bo‘ladi, chunki oddiy jarohatlar yoki to‘qnashuvlar suyaklar sinishiga olib keladi, masalan eshik, stol, tumba kabi jihozlarga qo‘l, oyoqlarni urib olishda. Sog‘lom uchun odatiy bo‘lgan holatlar osteoporoz bilan kasallanganlar uchun xatarli bo‘lishi mumkin.

Osteoporoz sabablari

Statistikaga ko‘ra osteoporoz ko‘proq ayollarda uchraydi, ayniqsa ayol organizmida gormonal buzilishlar yoki klimaks davrida bo‘lsa. Kasallikka moyillikni oshiruvchi faktorlarga ko‘p chekish, spirtli ichimliklar ichish, ovqatlanish tartibining doimiy buzilishlari kiradi. Yoshi katta insonlarda osteoporoz rivojlanishida kalsiyning so‘rilmasligi yoki kalsiyning yetishmasligi bilan tushuntiriladi. Shunday bo‘lsada osteoporoz moddalar almashinuvi buzilishi, ayniqsa gormonal tizim tomonidan kamchiliklar bo‘lganda kelib chiqadi. Gormonal o‘zgaruvchanlik ayollar uchun xos, masalan klimaks yoshi, hayz ko‘rish, homiladorlikni sun’iy to‘xtatish kabi holatlar. Xullas, osteoporoz keltirib chiqaruvchi sabablar quyidagilar:

  • Mongoloid / yevropoid irqidagi insonlar ko‘​proq kasallanishadi. Statistika bo‘yicha afroamerika irqiga mansub insonlar hech qachon osteoporoz bilan kasallanishmagan (juda kam hollarda aniqlangan, hatto tibbiyot sohasi e’tiborini ham tortmagan);
  • Suyaklarning nozikligi – bu tug‘ma yoki orttirilgan bo‘lishi mumkin;
  • 65 yoshdan katta insonlar – aynan shu yoshdan boshlab organizmda kalsiy elementi kamayishni boshlaydi, uni o‘rnini to‘ldirish esa qiyinlashadi;
  • Irsiy (genetik) omil – osteoporoz ham irsiy omil natijasida kelib chiqishi mumkin, lekin har doim ham emas. Bunda qarindoshlar yaqinlik darajasi rol o‘ynamaydi;
  • Ayol jinsiga mansublik – ayollarning butun umri davomida gormonal o‘zgarishlar fonida osteoporoz 87 % holatlarda uchraydi.

Osteoporoz

Kasallik sabablaridan tashqari unga olib keluvchi xavf omillari ham bor:

  • Hazm tizimi tomonidan kamchiliklar;
  • Oshqozon osti bezi disfunksiyasi;
  • Tuxumdonlardagi o‘zgarishlar, ularni olib tashlash;
  • Ayolning klimaks davri;
  • Ovqat ratsioni tarkibida vitamin D va kalsiy elementining yetishmasligi;
  • Gormonal dori preparatlarini uzoq vaqt davomida qabul qilish;
  • Spirtli ichimliklarni muntazam ichish;
  • Doimiy chekish;
  • Kortikosteroidlar va tutqanoqqa qarshi preparatlarni uzoq vaqt qabul qilish;
  • Ichki sekretsiya bezlarining har qanday buzilishlari;
  • Buyrak usti bezi kamchiliklari.

Osteoporoz turlari

Tibbiyot sohasida osteoporozning uch xil turi farqlanadi, ularning barchasi kelib chiqishida alohida sabablarga ega:

Qarilik osteoporoz – kalsiy yetishmaslik fonida kelib chiqadi, suyak hujayralarining yangilanishi sekinlashadi. Bunday turdagi osteoporoz ko‘proq yoshi kattalarda uchraydi, ayniqsa 70 yoshdan oshganlarda. Ayollardaesa klimaks davridan keyin rivojlanadi.

Ikkilamchi osteoporoz – bu turdagi osteoporoz 5 % hollardagina uchraydi. Sababi, boshqa biror bir kasallikning suyak tizimiga salbiy ta’sir etishi yoki ma’lum bir turdagi dori preparatlarini uzoq vaqt qabul qilish.

Idiopatik osteoporoz – bun turdagi osteoporozni yoshlar osteoporozi ham deyiladi. Chunki bu kasallik yosh bolalarda hatto yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ham uchraydi. Bu kasallikning sababi hali aniq o‘rganilmagan.

Osteoporoz rivojlanish darajalari

Shifokorlar osteoporoz rivojlanishining 3 ta bosqichini farqlashadi, shunga asoslanib kasallik og‘irlik darajasi ham belgilanadi.

Birinchi daraja. Shifokorlar tomonidan suyaklar zichligining pasayganligi, suyaklar soyasining kamayishi aniqlanadi. Odatda osteoporozning birinchi darajasi profilaktik tekshiruvlar natijasida aniqlanadi, chunki u belgilarsiz kechadi.

O‘rta daraja. Bu davrga kelib suyaklarning sezilarli darajada zichligi kamayishi, umurtqa suyakalarida deformatsiyalar aniqlanadi. Bu darajaning o‘ziga xosligi – inson suyaklar, bo‘g‘imlar, mushaklarida og‘riqlar sezadi.

Yaqqol osteoporoz. Rentgenologik tekshiruvda suyaklarning yaqqol xiralashgani ko‘rinadi. Bu davrga kelib osteoporozni qo‘shimcha tekshiruvlarsiz bemalol aniqlab olsa bo‘ladi.

Osteoporoz belgilari

Kasallik xavfliligi shundaki, u erta bosqichlarda belgilarsiz kechadi. Shuning uchun inson o‘zida osteoporoz kechayotgani, rivojlanayotganini sezmaydi. Quyidagi osteoporoz belgilariga e’tibor qaratish lozim:

  • Tungi vaqtlarda tananing pastki qismlarida sudorgilar bo‘lishi – bu insonning zo‘riqganligi, charchaganligi va noqulay yotib qolganligiga bog‘liq bo‘lmaydi;
  • Beldagi og‘riqlar – doimiy emas, vaqti vaqti bilan paydo bo‘ladi, og‘riq kuchi ham har xil;
  • Hazm qilish tizimida kamchiliklar – bu umurtqa suyaklarining kuchli deformatsiyasida kuzatiladi, suyaklar ichki a’zolarni “bosib” qo‘yadi;
  • Doimiy charchash hissi – bu moddalar almashinuvi buzilishi bilan bog‘liq, organizm o‘zida kuch yig‘ishga qiynalib qoladi;
  • Qandli diabet kelib chiqishi – bunday holatda zudlik bilan shifokorga murojaat etish kerak, shunda osteoporozga sabab bo‘layotganini tezroq aniqlash lozim;
  • Og‘iz bo‘shlig‘idagi kamchiliklar – tishlarda ko‘p dog‘lar, qoplamalar paydo bo‘ladi, tez-tez takrorlanuvchi stomatit va parodontit kuzatilishi;
  • Allergik jarayonlar boshlanishi, ilgari shu mahsulotlarga allergiyasi bo‘lmagan insonlarda shu mahsulotga reaksiyaning oshib ketishi;
  • Qo‘l va oyoqlardagi tirnoqlar sinuvchanligi, ularning ko‘chib tushishi;
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Tuxum po‘chog‘i xosiyatlari

Bundan tashqari, osteoporoz bilan kasallangan insonlarda sochlarning oqarishi, yurak urish soni ko‘payishi ham kam hollarda uchraydi. Bir qator belgilarni hech qachon inkor etib bo‘lmaydi, ular quyidagilar:

  • Kuraklar orasida doimiy og‘riqlar bo‘lishi;
  • Umurtqa pog‘onasi qiyshayishlari;
  • Katta va kichik suyaklarning sinuvchanligi ortishi;
  • Umumiy mushaklardagi kuchsizlanish;
  • Bo‘y o‘sishining sekinlashuvi.

Yuqorida sanab o‘tilgan holatlar qaytmas bo‘lib, tibbiy yordam bilan bemordagi kasallik rivojlanishini to‘xtatish va uning umumiy ahvolini yaxshilash mumkin.

Chanoq-son bo‘g‘imi osteoporozi

Shifokorlar chanoq-son bo‘g‘imi osteoporozini alohida tur sifatida davolashadi. Lekin uning kelib chiqishi barcha osteoporozlar kabi bir xil. Bu turdagi kasallikning eng xavfli jihati son suyagi bo‘yinchasining sinishidir, yoshi katta insonlarda son suyagi bo‘yinchasi sinishiga aynan shu kasallik sabab bo‘ladi. Ba’zi hollarda son suyagi butunlay harakatdan qoladi. Zamonaviy tibbiyot chanoq-son bo‘g‘imi osteoporozlarining erta va o‘rta bosqichalarida endoprotez qo‘yish yo‘li bilan davolaydi.

Osteoparoz kasalligini tashxislash

  • Suyaklar va umurtqa pog‘onasi rentgen qilinadi.
  • Densitometriya — suyaklar mustahkamligi ultratovush, rentgen va kompyuter tomografiyasi yordamida aniqlanadi.

Rentgen tekshiruvi kasallikni ilk bosqichda aniqlash imkonini bermaydi. Suyak massasi 20-30 foizga ozayganida ham rentgen buni ko‘rsatmaydi. U faqat keyingi bosqichlarda ish berishi mumkin.

Suyak densitometriyasi suyak massasining aniq miqdorini, mineral zichligini ko‘rsatadi. Buni suyak skriningi deb ham atashadi.

Agar ayol sog‘lom bo‘lsa, densitometriya tekshiruvini 65 yoshdan keyin o‘tkazish lozim. Bu borada shifokorlar yakdil. Ammo yosh bo‘lsangiz-da, shifokor sizda suyaklar mo‘rtlashganini taxmin qilsa, densitometriyani avvalroq o‘tkazish ham mumkin. Bunda shifokordan nimaga asosan sizga ayni shu tashxislash usulini belgilagani haqida so‘rang.

Apparatga tushishdan avval ma’lum tayyorgarlik lozim. Bu tashxis apparati rentgen nurlari vositasida suyak tarkibidagi minerallar miqdorini aniqlaydi. Agar chekka qishloqda istiqomat qilsangiz, markazga borishingizga to‘g‘ri kelishi mumkin. Kalsiy qabul qilayotgan bo‘lsangiz, tashxislashdan bir sutka avval uni ichishni to‘xtatib turasiz. Aks holda natijalar noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, osteoporozni tashxislash uchun qonning biokimyoviy tahlili ham amalga oshiriladi va uning tarkibidagi turli gormonlar (estrogenlar, qalqonsimon bez gormonlari), D vitamini, kalsiy, fosfor, magniy kabi moddalar hamda suyak to‘qimalarini parchalovchi, yangilarini yaratuvchi markerlar miqdori aniqlanadi.

Osteoporozni davolash prinsplari

Osteoporozni davolash — juda murakkab jarayon. U bilan immunolog, revmotolog, nevrolog, endokrinolog, ortoped-travmatolog kabi qator mutaxassislar hamkorlikda shug‘ullanishlari kerak. Suyaklarda modda almashinuvining me’yorga kelishini ta’minlash lozim. Suyaklar sinishining oldini olish, og‘riqlarni kamaytirish, bemorning harakat faolligini oshirish masalalari ham davolash jarayonining asosiy maqsadi sanaladi.

Osteoporoz medikomentoz davolanadi. Shifokor individual yondashib dori preparatlar buyuradi, masalan osteoporoz ayollarda klimaks davrida kelib chiqqan bo‘lsa, unga gormonal terapiya o‘tkaziladi. Agar kasallik yosh bilan bog‘liq bo‘lsa, vitamin D va kalsiy buyuriladi.

Deyarli barcha bemorlarga maxsus diyeta, davolovchi jismoniy tarbiya va massaj buyuriladi. Albatta, har qanday jismoniy zo‘riqish minimal bo‘lishi kerak, uni faqatgina shifokor suyaklarning sinuvchanligini hisobga olib buyuradi. Afsuski, osteoporoz to‘liq davolanmaydi, kerakli diyeta, jismoniy mashqlar va shifokor tomonidan buyurilgan davo o‘tkazish kasallik rivojlanishini sekinlashtiradi, bemor umumiy ahvolini yaxshilaydi.

Osteoporozni xalq tabobati bilan davolash

Eslatma: osteoporoz kasalligini davolashda xalq tabobati bilan davolash faqatgina qo‘shimcha davo sifatida olib boriladi. Har qanday sharoitda shifokor bilan maslahatlashish va medikomentoz davo choralarini olish shart!

Mo‘miyo

Osteoporoz kasalligi aniqlanganda kuniga 2 marta mo‘miyo sharchasidan iste’mol qilish tavsiya etiladi. E’tiborli jihatlari shuki:

  • Mo‘miyo sharchalari gugurt cho‘pi boshchasiday bo‘lishi kerak;
  • Mo‘miyoni 50-70 ml suvda eritish kerak;
  • Bu vositani ovqat yeyishdan 20 daqiqa qabul qilish kerak;
  • Davo muolajasi 20 kunni tashkil qiladi.
  • Muolajani yil davomida 5 martagacha o‘tkazish mumkin, lekin orada 2-3 haftalik tanaffus qilish zarur.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Umurtqa pog‘onasi - tanamiz ustuni

Tuxum va limon

10 dona limon suvini siqib olib, unga 6 dona tovuq tuxumi aralashtiriladi. Shundan keyin aralashmani 6 kunga tindirib qo‘yish kerak. 7 kuni aralashmani olib unga – 150 ml konyak va 300 gr asal qo‘shish lozim. Ularni yaxshi aralashtirib, qorong‘u iliq xonada qoldiriladi. Uni har ovqatlangandan keyin 1 choy qoshiqdan qabul qilish tavsiya etiladi. Bunday muolajani oshqozon ichak tizimida kamchiliklar (gastrit, yara kasalligi) bo‘lganda o‘tkazish mumkin emas.

“Yashil” kokteyllar

Osteoporozda ovqat ratsioniga “yashil” kokteyllarni qo‘shish ancha foydalidir. Ularning o‘ziga xosligi nimada:

  • Ozuqaviy moddalarga boyligi – ular 60 % mevalar va 40 % ko‘katlardan tayyorlangan bo‘ladi;
  • Organizmda qabul bo‘lishi juda oson – ular blendr orqali tayyorlanib, so‘rilishga tayyor holda qabul qilinadi;
  • Ushbu kokteyllarni qabul qilishga qarshi ko‘rsatmalar (kam hollarda ayrim mevalarga allergiya bo‘lmagan hollarda), nojo‘ya ta’sirlari umuman yo‘q;
  • Har qanday kokteyl o‘zida kalsiyni ko‘p miqdorda saqlaydi.

“Yashil” kokteylni tayyorlash yo‘li

Bunday kokteyl tayyorlash uchun sizga kuchli blendr kerak bo‘ladi. Chunki o‘simliklar tarkibidagi kletchatka yaxshi maydalanishi kerak bo‘ladi. Klassik ko‘rinishdagi kokteyl tayyorlash uchun 60 % meva va 40 % ko‘katlar kerak bo‘ladi. Ba’zi hollarda bunday proporsiyadagi kokteyl ichishga yoqimsiz bo‘ladi. Shuning uchun mevalar nisbatini ko‘paytirsa ham bo‘ladi. Masalan, 80 % meva va 20 % ko‘katlar. Kokteyl uchun har qanday mevalarni tanlash mumkin. Ammo, yumshoqroq, tez so‘riladigan mevalardan tayyorlangan kokteyllar foydaliroq. Masalan, banan yoki xurmo kabi. Olma va nokdan tayyorlangan kokteyllar odatda nordon bo‘ladi. Kokteylni tongda och qoringa ichish tavsiya qilinadi. Umuman olganda kun davomida kokteylni qabul qilish chegarasi yo‘q.

Kalsiyga boy mahsulotlardan kokteyl tayyorlash

Osteoporozda “yashil” kokteyl tayyorlash uchun kalsiyga boy bo‘lgan mahsulotlardan foydalangan yaxshiroq. Masalan:

Bargli karam (kale) – bu mahsulotni kalsiy saqlash bo‘yicha “chempion” desak ham bo‘ladi. Barli karamdan kokteyl tayyorlash uchun, uning bargidan 5 dona oling, 4 dona nok, yalpiz o‘simligidan olib 500 ml suvda aralashtiring. Barcha mahsulotlar blendrda aralashtiriladi va kun davomida ichib yuriladi. Agar o‘tkirroq kokteyl ichishni xohlasangiz nok o‘rniga olmadan foydalaning, yalpiz o‘rniga esa limon kislotasini ishlating.

Sholg‘om bargidan tayyorlangan kokteylning 1 stakanida 250 mg kalsiy bo‘ladi. Kokteyl tayyorlash uchun sholg‘om bargidan 1-2 dona olinadi, 5-6 dona shaftoli va 500 ml suvga aralashtiriladi. Uni blendrdan chiqarib kun davomida ichib yuriladi.

Xitoy karami – o‘zida ko‘p miqdorda kalsiy saqlamasa ham, “yashil” kokteyl sifatida qabul qilish osteoporozda ancha foydali. Buning uchun karam bargidan bir nechtasini olib, 2 ta mango va 500 ml suv bilan aralashtiriladi, so‘ng blendrdan o‘tkazib, ichib yuriladi. Xohishga ko‘ra mangoni xurmo yoki shaftoli bilan almashtirsa bo‘ladi.

Kalsiyga boy mahsulotlardan yana kunjut (qovurilgani), bodom, pista, yeryong‘oqni iste’mol qilishni ham unutmang. Shunday qilib “yashil” kokteyllar nafaqat osteoporozni davolash, balki uning profilaktikasida ham foydalaniladi.

Osteoporozda diyeta

Osteoporoz kasalligi erta bosqichlarda aniqlangan bo‘lsa va medikomentoz davo choralari o‘tkazilgan bo‘lsa ham bemor doimo diyetada bo‘lishi lozim. Osteoporoz bilan kasallangan bemorlar ovqat ratsionidan quyidagi mahsulotlarni chiqarib tashlash kerak:

  • Gazli ichimliklar, tarkibida kofein saqlovchi suyuqliklar masalan, energetik ichimliklar;
  • Margarin, mayonez va har qanday yog‘li sous mahsulotlari, yaxshisi ularni smetana yoki zaytun moyi bilan almashtirgan ma’qul;
  • Qo‘y yoki mol yog‘lari – go‘sht iste’mol qilganda ularni yog‘idan ajratib iste’mol qiligan yaxshiroq;
  • Har qanday kofe ichimliklari;
  • Spirtli ichimliklar;
  • Shakar, uning o‘rniga asaldan foydalaning;
  • Shirinliklar.

Bundan tashqari oqsilga boy mahsulotlarni kamaytirish kerak – ular kuniga 200 gr.dan oshmasligi zarur. Osteoporoz moddalar almashinuvi buzilishi hisobiga kelib chiqishini inobatga olib, natriy elementini kamroq qabul qilish kerak, chunki uning miqdori oshsa, suv tuz balansi buziladi. Uning uchun quyidagi mahsulotlardan cheklanish lozim:

  • Kolbasa mahsulotlari, sosiska va har qanday dudlangan go‘sht;
  • Fast-food;
  • Yarim tayyor mahsulotlar;
  • Chips, suxariklar;
  • Tuzlamalar.

Umuman olganda osteoporozda diyeta turli xil ko‘rinishda buyuriladi. Ushbu kasallikda iste’mol qilish mumkin bo‘lgan va foydali mahsulotlar quyidagilar:

  • Baliq. Har qanday dengiz va daryo baliqlari osteoporozda organizm uchun foydali. Ularni qovurib emas, qaynatib yoki bug‘da pishirib iste’mol qilish kerak;
  • Sabzavotlar. Iste’mol qilish uchun har qanday sabzavot turiga cheklov yo‘q, hatto pomidor, qovoq, kabachkalarni ham iste’mol qilsa bo‘laveradi;
  • Tuxum. Osteoporoz bilan kasallangan inson uchun tuxum juda foydali mahsulot hisoblanadi;
  • Sut mahsulotlari. Bu yerda hech qanday shubha yo‘q, chunki sut mahsulotlari kalsiy elementiga boyligi har kimga ma’lum. Faqatgina ularning yog‘lilik darajasiga e’tibor qaratilsa bo‘lgani;
  • Ko‘katlar;
  • Mevalar, rezavorlar;
  • Yong‘oq va pistaning har qanday turi;
  • Qo‘ziqorinning har qanday turi;
  • Dukkakli mahsulotlar;
  • O‘simlik moylari.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Yassioyoqlikni davolash

Osteoporozda iste’mol qilish cheklanmagan mahsulotlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, ularni kerakli nisbatda qabul qilish uchun shifokor bilan maslahatlashing. Osteoporozda ovqatlanish tartibi quyidagicha bo‘ladi:

  • Bir kunda kamida 5 marta ovqatlanish kerak;
  • Ovqatlanish orasidagi tanaffus 3,5 soatdan oshmasligi kerak;
  • Monodiyetaga rioya etish kerak emas, masalan bir kun davomida faqat bir mahsulotni iste’mol qilish;
  • Uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni iste’mol qilgan yaxshiroq;
  • Ko‘chada qorningiz ochsa yogurt yoki mevalardan iste’mol qilganingiz yaxshiroq;
  • Go‘shtni sabzavotlar bilan yeyish tavsiya etiladi.

Faqatgina diyeta bilan kasallikni davolab bo‘lmaydi, bu shunchaki asosiy davoga yordam beradi xolos. Osteoporoz kasalligi jiddiy va davolash qiyin bo‘lgan jarayondir. Lekin bu, tushkunlikka tushib, suyaklarni himoya qilish uchun yotib olish kerak degani emas. Aksincha aktiv jismoniy mashqlar, medikomentoz davo, diyeta, xalq tabobatidan foydalangan holda kasallikni yengishga harakat qilish lozim. harakat qilganingiz sari xursand bo‘lib boraverasiz.

Osteoporoz kasalligi profilaktikasi

Qariganda osteoporozga chalinmaslik uchun yoshlikdanoq to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga rioya etish kerak. Kalsiyga boy mahsulotlar — yog‘siz sut, qatiq, gulkaram, baliq, pishloqni ko‘p iste’mol qilish, spirtli ichimliklar va tamakidan tiyilish, faol harakatda bo‘lish tavsiya etiladi. 65 yoshgacha inson kuniga 1000 mg, 65 dan keyin esa 1500 mg kalsiy iste’mol qilishi lozim.

Odatdagi profilaktika choralari ish bermaganda shifokorlar dori vositalariga murojaat etishadi. Ammo unutmang, ularni o‘zboshimchalik bilan yoki har ehtimolga qarshi deya qabul qilish yaramaydi. Chunki har qanday dorining salbiy ta’siri bor. Shunchaki kalsiy qabul qilish bilan esa osteoporozdan qutulib bo‘lmaydi. Chunki uning organizmga so‘rilishi ancha qiyin. Kalsiy va D vitaminini mutanosib tarzda uyg‘unlashtirish lozim. Bu esa faqat shifokorning qo‘lidan keladi.

Klimaks davrida osteoporozning oldini olish uchun ayollarga estrogen gormoni buyuriladi. Shuningdek, jismoniy tarbiyaga ham alohida e’tibor qaratish tavsiya etiladi. 40 yoshdan keyin barcha ayollar qalqonsimon bezlar faoliyatini tekshiruvdan o‘tkazib, lozim bo‘lsa, uni davolash choralarini ko‘rishlari kerak.

Doimo sog‘-salomat bo‘ling!

© Maqola 11.06.2018 sanasida yangilandi.


Savol: Assalomu alaykum, meni ancha yillardan buyon qiynayotgan kasalligimga davo topolmayapman, meni yoshim 28 ismim N.G‘ulomova. Bundan 10 yil oldin juda mazam qochib yurolmay xato o‘tirolmay qoldim, ishtaham yo‘qolib ozib ketdim, suvni juda ko‘p ichadigan bo‘lib qoldim. Keyin Toshkentda Endokrinologiyada tekshirishlar analizlar natijasida buqog‘imni yonidan ya’ni «okila parashetavetka»ni atrofidan ya’ni o‘ng tomondan adenoma, ya’ni o‘simta borligi aniqlandi, o‘simtani operatsiya qilib olishgandan keyin men birdan yaxshi tarafga o‘zgarib sog‘lig‘imni tiklay boshladim.

Hayz ham me’yorda kela boshladi. Faqat kalsiy tabletkasini 3 mahaldan ichib yurdim. Bir oy ichida oyoqga turib yurib ketdim. 25 yoshimdan keyin yana mazam qochdi endokrinologiyaga analiz topshirdim, yana analizlarim yaxshi chiqdi. Kalsiy miqdori qonda me’yordayu, lekin suyaklarga sekinlik bilan singayotgan ekan.

Gormonlar almashinuvi buzilib qolgan ekan o‘simtani asorati qolibdi. Har kuni 2 mahaldan kalsiy ichib yuraman, haftasiga bir marta ostolon tabletkasini ham ichaman suyaklarim qotishi uchun, afsuski, juda sust singadi kalsiy o‘zimga bilinadi. Tanamda doim og‘riq bilan yuraman, harakatim cheklangan ko‘p yurolmayman. Arzimagan yiqilshda 2016 yil bitta oyoq, ikkita qo‘lim sindi. Hozirgi kunda qo‘ltiq tayoqda yuraman, hayz ko‘rishim normada juda ham qiynalib ketdim. Sizlardan iltimosim nima qilsam? Qanday tabletka ichsam osteoparozni davolasa bo‘ladi? Javob uchun rahmat.

Javob: Osteoporozni davolashda, kasallikning holatini yaxshilash uchun vitamin D3, kalsiy preparatlari, bisfosfonatlarni qabul qilish mumkin. Tushunimizcha, siz bisfosfonatlarni qabul qilmagansiz. Bisfosfonatlar suyakni qalinlashtiradi, ularni ham shifokor tavsiyasi asosida qabul kilish kerak. Travmatolog, endokrinologga ko‘rining. Va doimo shifokor ko’rigidan o‘tib, davolanib turing.

© Javlon Abdullayev, shifokor.
ATF.UZ — Onlayn tibbiy konsultatsiya

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Bitta izoh

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.

Close