0
(0)

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, osteoporoz ko‘p uchrashi va asoratlarining og‘irligi jihatidan jiddiy xastaliklar ichida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi.

Osteoporoz 65 yoshdan oshgan ayollarda ancha ko‘p uchraydi. Shuningdek, bu kasallikka o‘ta ozg‘inlik, endokrin buzilishlar, menopauza (klimaks)ning barvaqt boshlanishi, muttasil ravishda dori-darmon qabul qilish singari holatlar ham sabab bo‘ladi.

Ma’lumki, odam tug‘ilgandan 30 yoshga kirgunicha uning suyaklari turli tuz va mikroelementlar bilan to‘yinib mustahkamlanadi. Yoshi o‘tgani sayin esa qon aylanish tizimi ishi izdan chiqishi va boshqa sabablarga ko‘ra suyak hajmi kamaya boshlaydi, bu esa osteoporozga olib keladi,

Aslida suyak to‘qimasi doimiy ravishda almashinib turadi va har o‘n yilda mutlaqo yangisi bilan almashadi. Bolalar va o‘smirlarda 18 yoshgacha suyak yemirilishiga nisbatan yangi suyak paydo bo‘lishi tezroq kechadi. Keyinchalik bu jarayonlar tezligi tenglashadi. 40 yoshlardan so‘ng esa suyakning yupqalashishi, ya’ni suyak yemirilishi kuchayadi.

DARDGA YETAKLOVCHI OMILLAR

Osteoporoz ko‘pincha organizmda kalsiy ionlarining suyaklarga yaxshi singmasligi tufayli vujudga keladi. Aytish joizki, organizmda doimiy ravishda kalsiy ionlari yemirilib, ular o‘rniga yangi kalsiy ionlari almashinish jarayoni kechadi. Agar shu muvozanat buzilsa, ya’ni yemirilgan kalsiy ionlari o‘rniga yangilari kelib tushmasa yoki kam tushsa, suyak zichligi kamayib boradi.

Organizmdagi gormonal o‘zgarishlar, ya’ni androgen yoki estrogen gormonlari yetishmovchiligi (ayniqsa, menopauza – klimaks davri)da bu hol ro‘y beradi. Ayollarda bachadon olib tashlangan holatlarda osteoporoz xavfi ortishi mumkin. Gormonlar yetishmasligi tufayli kalsiy ionlari osteoklast yemiruvchi to‘qimalar faoliyatini kuchaytiradi, bundan tashqari, ichakda ovqat bilan tushgan kalsiyning hazm bo‘lishi qiyinlashadi.

Gormonal buzilishlardan tashqari, organizmdagi qalqonsimon va buyrak usti bezlari kasalliklari ham osteoporozga turtki beradi.

Osteoporoz nozik, ozg‘in, kichik jussali ayollarda ko‘proq uchraydi, chunki semiz va to‘la odamlarda og‘irlikni ko‘tarish uchun suyaklar xam baquvvatlashib, zichligi ham shunga mos ravishda oshadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qalqonsimon bez kasalliklari

Organizmda D vitamini yetishmasligi ham jiddiy hodisa. Chunki mazkur vitamin quruvchi to‘qimalar faolligini oshiradi. Shuning uchun tarkibida D vitamini ko‘p bo‘lgan baliq, tuxum, sut mahsulotlarini kam iste’mol qilgan odamlarda ham osteoporozga moyillik kuzatiladi.

DAVOLASHNING ZAMONAVIY USULI

Osteoporoz uzoq vaqt davomida asta-sekin rivojlanadi. Bemor buni sezmasligi mumkin. Suyaklarda zichlik ma’lum darajada kamaygach, og‘riq boshlanadi. Birinchi navbatda umurtqa pog‘onasi suyaklari zichligi kamayadi, ba’zan sinadi. Umurtqaparda sinishi yuzaga kelgandan keyingina bemor og‘riq sezadi. Bemor og‘riq kuchaygandan keyingina vrachga murojaat qiladi.

Kasallikning og‘ir asorati – suyakpar sinib qolishi, ayniqsa, son suyagi bo‘yni sinishidir. Bu holatda bemor yura olmaydi, yotib qoladi. Kamharakatlik kasallikni battar rivojlantiradi va yosh o‘tgach bu hol nogironlikka olib keladi.

Hozirgi kunda osteoporoz kasalligi asoratlari jarrohlik usulida davolanadi. Hatto keksa bemorning son suyagi singanda, vaqt o‘tkazmay operatsiya qilinib, hatto singan suyak boshchasi olib tashlanib, sun’iy bo‘g‘im qo‘yiladi.

Bemorlar zamonaviy tekshiruv usullari (masalan, suyak kasalliklarini tez aniqlovchi raqamli rentgen apparati)dan o‘tishlari lozim. Boshqa tekshiruv (densitometriya, ultratovushli va rentgenologik) usullari ham bor. 45-50 yoshdan keyin deyarli barcha ayollar bunday tekshiruvlardan o‘tib turganlari ma’qul.

Kasallikning oldini olishga harakat qilish kerak. Buning uchun to‘g‘ri ovqatlanishga ahamiyat berish muhim. Baliq, tuxum, sariyog‘, sut mahsulotlari, ko‘katlarni ko‘proq iste’mol qilish kerak. Ko‘katlarda kaliy ko‘p, bu modda, o‘z navbatida, suyak to‘qimasi oqsili bo‘lmish osteokalsin sinteziga yordam beradi.

Jismoniy mashqlarni bajarish, ayollarning raqs bilan shug‘ullanishlari foyda beradi. Raqs harakatlari tana muvozanatini tiklaydi, yiqilish va suyak sinishi xavfidan asraydi. Tennis bilan shug‘ullanish, ko‘p piyoda yurish ham osteoporozning oldini oladi.

Bobur HOSHIMOV, travmatolog.

«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.


Avitsenna.uz sayti orqali quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Nafas qisishidan ehtiyot bo‘ling!

Buning sabablari turlicha. Birinchidan, kalsiy moddasini yemiruvchi to‘qima (osteoklast)lar faoliyati kuchayib, quruvchi to‘qima (osteoblast)lar kalsiy ionlarini yetkazib berishga ulgurmaydi. Ikkinchidan, quruvchi to‘qimalarning faoliyati susayishi mumkin. Uchinchidan, osteokpast va osteoblastlar faoliyati bir vaqtda buzilishi mumkin va natijada suyaklar zichligi sekin-asta kamaya boshlaydi.