3.9
(9)

Turmush o‘rtog‘im rentgenga tushganda o‘ng o‘pkasida tangadek qora dog‘ borligi aniqlandi. Shifokorlar unga sil kasalliklari dispanseriga borib davolanishni tavsiya qilishdi…

U o‘ziga yarasha to‘q oilaning farzandi. Hozir ham oilamiz bekamu-ko‘st. Qanday qilib unda bu kasallik paydo bo‘lganiga hayronmiz. Ikkita farzandim bor. Bolalarim ham silga chalinishidan qo‘rqyapman. Bu kasallik nasl suradimi? Ota-onada bo‘lsa, bolalarga ham yuqadimi? Uning davosi bor deyishadi. Qanday qilsak, erim tez tuzaladi va bu kasallik oilamiz a’zolariga xujum qilmaydi?

O‘pkada qora dog‘ — faqat sil degani emas.

O‘pkada qora dog‘ aniqlansa, buni darrov sil deb xulosa qilish noto‘g‘ri. Chunki odatdagidek shamollash, yo‘tal o‘tkazgandan so‘ng ham o‘pka to‘qimasining qalinlashuvi kuzatilishi mumkin. Yoki biron o‘sma, absess, kista va boshqalar alomati bo‘lishi mumkin. Rentgen tasvirida o‘pkadan tashqari patologiyalar ham o‘pkada dog‘ bo‘lib ko‘rinadi. Masalan, plevra yuzasida suyuqlik yig‘ilganda, plevra yallig‘lanishi, aortalar anevrizmi, limfa tugunlari kattalashganda, qizilo‘ngach churrasi, umurtqa yoki qovurg‘alarda hosila paydo bo‘lganda ham o‘pka sohasi rentgen tasvirida oq yoki qora dog‘lar ko‘zga tashlanadi. Shu bois rentgen qog‘ozida “rentgenolog xulosasi” deb yoziladi, demak bu tashxis emas. Mutaxassis shifokor esa avvalo bu dog‘ aynan qaysi a’zodaligi, qanday kasallik belgisi ekanligini laborator tahlillar asosida aniqlab olishi kerak.

Agar ftiziatr ko‘rigida bemorda sil kasalligi borligi aniqlansa, bu ham tamg‘a emas. Hozirgi vaqtda silning davosi topilgan. Lekin davolanish kursi bir necha oyni o‘z ichiga oladi. Bemor dorilarni shifokor aytgan barcha talablarga rioya qilsa, bu darddan forig‘ bo‘lishi mumkin. Tuzalgandan keyin ham o‘zini tekshirtirib tursa, organizmi baquvvat bo‘lsa, kasallik qaytalanmaydi.

Sil nasl surmaydi

Tadqiqotlarga ko‘ra, sil (tuberkulyoz) irsiy kasallik emas va nasldan-naslga ham o‘tmaydi. Faqat balg‘amida sil tayoqchalarini ajratadigan (ochiq shakldagi) sil bilan og‘rigan bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lgan odamlarga immuniteti zaif bo‘lsa yuqishi mumkin. Biroq bemor bilan birga yashagan ayrim oila a’zolariga kasallik yuqmagan hollar ham uchraydi.
Sil boy-kambag‘al deb odam tanlamaydi. Immuniteti past, ozib ketgan, ishtahasi yo‘q, yaxshi yeb-ichmaydigan, organizmi kuchsiz odamlarga tez yuqadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Tashxis: sil kasalligi!

Sil yuqishidan saqlanish uchun organizmning kasallikka qarshi kurashuvchanligini sustlashtirmaslik talab etiladi. Vaqtida dam olmaslik, me’yorida ovqatlanmaslik kurashuvchanlikning susayishiga olib keladi. Immunitet kuchli bo‘lishi uchun muntazam sport bilan shug‘ullanish, toza havoda ko‘proq bo‘lish, servitamin ovqatlar iste’mol qilish lozim.

Mikroblar ozodalikdan qo‘rqadi

Faol silga chalingan bemorlarda balg‘am miqdori ko‘payadi va ular atrofdagilar uchun xavfli hisoblanadi. Bunda statsionarda davolanish talab etiladi. Bemor balg‘amni duch kelgan joyga emas, maxsus idishga tupurib, 10 ml ga 2 g hisobida quruq xlorli ohak bilan zararsizlantirgandan keyin kanalizatsiyaga to‘kishi shart.
Mikroblar oftob nurida, qaynatganda tez nobud bo‘ladi. Shuning uchun xonalarni tez-tez tozalab, shamollatib turish, bemorning kiyimlarini alohida yuvib, oftob ostida quritish, dazmollash tavsiya etiladi.

Bugungi kunda respublikamizda boshqa epidemiologik xastaliklar bilan bir qatorda sil profilaktikasi, uni o‘z vaqtida tashxislash hamda davolashga katta e’tibor qaratilayotir. Yurtimizda bunday bemorlarga bepul tashxis va statsionar xizmatlari ko‘rsatiladi. Sildan tezroq qutulish uchun vrach tavsiya etgan dorilarni qabul qilish tartibini buzmaslik kerak. Aks holda silning antibiotiklarga chidamli turi shakllanishi mumkin.

 © Zulfiya MAHMUDOVA,
Respublika ftiziatriya va pulmonologiya
ilmiy-amaliy markazi ftiziatri.

«Shifo-info» gazetasi.