4
(1)

 

Respublikamizda har yili 700 nafarga yaqin bolalarda xavfli o‘sma kasalliklari aniqlanadi va 3000 nafarga yaqin bola esa dispanser nazoratida turadi. Respublikamizda har 100 ming nafar bolaga xavfli o‘smalar bilan kasallanish 7,1 (kasallanish ko‘rsatgichi)ni tashkil qiladi. Bolalarda uchraydigan xavfli o‘sma kasalliklari orasida xavfli limfomalar, markaziy asab tizimi o‘smalari, buyrak xavfli o‘smalari, neyroblastoma, suyak va yumshoq to‘qima xavfli o‘smalari, germinogen (o‘g‘il bolalarda moyaklar va qiz bolalarda tuxumdonlarning saratoni) o‘smalar va bosh – bo‘yin sohasi o‘smalari yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Ushbu kasalliklar barcha holatlarda kombinirlashgan va kompleks usullar bilan davolanadi. Bundan tashqari suyak va yumshoq to‘qimalarda uchraydigan oraliq turdagi va xavf-siz o‘smalar ham bolalarda ko‘p uchraydigan o‘smalar guruhiga kiradi.

Bolalarda uchraydigan xavfli o‘sma kasalliklarini 75 foizdan ziyodini embrional o‘smalar tashkil qiladi. Shu tufayli ham bolalarda ushbu kasalliklarning diagnostikasi va davolashning o‘ziga xos xususiyatlari mavjuddir.

Birinchidan, xastalik diagnostikasida aksari hollarda bemorning o‘zidan kasallikka oid ma’lumot yig‘ishning imkoni yo‘qligi, shikoyatlarni aytib berolmasligi yoki noaniqligi ayniqsa, kichik yoshdagi bolalarda:

  • vizual aniqlanadigan o‘smalarning kam uchrashi;
  • o‘smalarni ko‘proq tekshirish va aniqlash uchun murakkab sohalarda (ko‘ks oralig‘i, qorinparda orti sohasi, kichik chanoq va hakozolar) joylashishi;
  • diagnostika jarayonida ba’zan anesteziologik yordamni qo‘llanilishidan iborat.

Ikkinchidan, davolashning ham o‘ziga xos murakkabliklari borki, bu bevosita bola organizmining xususiyatlariga bog‘liq. Chunki, ayrim xavfli yoki xavfsiz o‘smalarning turli tug‘ma rivojlanish nuqsonlari bilan birga uchrashi ham qiyinchilik tug‘diradi Kichik yoshdagi bolada «katta» operatsiyalarning o‘tkazilishi og‘ir kechadi.

Qon yo‘qotish bilan bog‘liq xavflar, ba’zan kam miqdorda qon yo‘qotilishi ham qaytarib bo‘lmas darajadagi holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bola organizmining kimyoviy va nur davosiga sezgirligining yuqoriligi ham mutaxassislardan katta tajriba talab etadi. Bemor bolani tekshirishda xavfli o‘sma kasalligini izlash inkor qilishdan muhimroqdir.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Xavotirlilikning psixologik korreksiyasi

Imkoniyatlar

ROIM «Bolalar onkologiyasi» bo‘limi 2011 yil dekabr oyidan zamonaviy talablarga mos 50 o‘rinli davolash binosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu ikki qavatli bino sanitariya va gigiyenik talablarga to‘liq javob berish bilan bir qatorda muassasada yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitlar, shinam va yuqori qulaylikka ega xonalar, intensiv (jadal) davolash xonasi, jonlantirish xonasi, operatsion blok kabi zarur bo‘linmalar yaratilgan. Bundan tashqari bolalardagi ruhiy holatni yaxshilash hamda ularning o‘quv-tarbiyaviy uzluksizligini ta’minlash maqsadida maxsus o‘quv va o‘yin xonalari tashkil qilingan.

Hozirgi vaqtda bolalar onkologiyasining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda bo‘limda xavfli o‘sma kasalliklarini tekshirish va unga tashxis qo‘yishning barcha zamonaviy va ilg‘or texnologiyali usullari amaliyotga joriy qilingan.

Kasallik diagnostikasi jarayonida barcha laboratoriya tahlillaridan tortib o‘sma markerlarini aniqlashgacha, ultratovushli va UTT «Doppler», rentgenologik, kompyuter tomografiya va MRT (magnit rezonansli tomografiya) morfologik tekshiruv, immunogistokimyoviy va sitogenetik tekshiruv usullari yo‘lga qo‘yilgan.

Davolashda esa xirurgik yo‘nalishda, birinchidan, xavfli o‘sma kasalliklarida a’zolarni saqlovchi, bir vaqtda rekonstruktiv, kengaytirilgan va kombinirlashgan (qorinparda orti sohasi, kichik chanoq a’zolari va buyraklar o‘smalarida) operatsiyalar, ikkinchidan, suyak o‘smalarida suyak autoplastik operatsiyalari va a’zolarni saqlab qoluvchi operatsiyalar respublikamizda joriy qilindi.

Konservativ yo‘nalishda kimyoterapiyaning barcha zamonaviy sxema va variantlari, regionar endovaskulyar va yuqori miqdorli kimyoterapiya, target terapiya hamda qator modifikatorlar amaliyotga tatbiq qilindi.

Albatta, bugungi kunda qo‘llanilayotgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarning afzalliklari beqiyos. Bemorlarga konservativ davo o‘tkazishda ham operativ davo o‘tkazishda ham katta ahamiyatga ega. Birgina misol a’zo saqlovchi jarrohlik amaliyotlarini (operatsiyalar) o‘tkazishdagi o‘rnini tengsiz deb bilaman.

Shuni alohida qayd etish kerakki, xav-li o‘sma kasalliklarini dastlabki bosqichlarida murojaat qilish bemorlarning to‘liq tuzalib ketishiga imkon yaratadi. Jumladan, neyroblastomalar, buyrak, suyak, tuxumdon xavfli o‘smalari va xavfli limfomalar samarali davolanmoqda. Xaqli ravishda ayta olamanki, bugungi kunda bo‘limda olib borilayotgan ishlar ya’ni, bemorlarga o‘tkazilayotgan tekshirish va davolash usullari zamon talabi darajasiga mos keladi. Bu borada o‘tkazilayotgan tekshiruv usullaridan immunogisto kimyoviy va sitogenetik tekshiruvlar, qator o‘sma markerlarini aniqlash, ultratovushli «Doppler» tekshiruvi kabi qator usullarni misol keltirishimiz mumkin. O‘tkazilayotgan davo usullaridan yuqori miqdorli va endovaskulyar kimyoterapiyaning turli sxema va variantlari, murakkab jarrohlik amaliyotlari (kengaytirilgan va kombinirlashgan, a’zo saqlovchi, suyak o‘smalarida autoplastik)ni misol keltirishimiz mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Sonning tug‘ma chiqishi

Bo‘limdagi yosh mutaxassislarimizning aksariyati chet tillarini (ingliz va nemis tillari) yaxshi bilishi tufayli rivojlangan davlatlar va yirik markazlarning tajribalari bilan yaqindan tanishish uchun imkonimiz yetarlidir. Bu borada bo‘limning ikki nafar xodimi Germaniya va Avstriyaning nufuzli tibbiyot muassasalarida tashkil qilingan o‘quv kurslarida qatnashib xalqaro miqyosda tan olingan guvohnomaga ega bo‘ldi. Bundan tashqari mutaxassislarimiz respublikamizda va xorijda o‘tkazilayotgan sohaga doir va xalqaro anjumanlarda doimiy ishtirok etmoqda. Bo‘lim xodimlari tomonidan: SIOP (Xalqaro Bolalar onkologlari uyushmasi) hamda INCTR kabi xalqaro tashkilotlar va yirik markazlar bilan (N. Bloxin nomidagi Rossiya Onkologiya Markazi) yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

Aholining tibbiy madaniyati sezilarli darajada oshganligi sababli mutaxassislarga barvaqt murojaat etishlar ko‘paymoqda.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, bemor bolalar bilan ishlovchi shifokor eng avvalo, insonlarga nisbatan cheksiz mehru muhabbatli, qalbi sof hamda go‘daklar ruhiyatiga kira olish kabi kasbiy tajribaga ega bo‘lmog‘i zarur. Shundagina biz ushbu og‘ir dardga chalingan bolajonlarga to‘laqonli yordam bera olamiz.

© Tojiddin MUSTAFOYEV, tibbiyot fanlari nomzodi.
Respublika Onkologiya ilmiy markazi bolalar bo‘limlari ilmiy rahbari.
«Sog‘lom avlod» gazetasi.