OITSga chalinganlar ijtimoiy nafaqa oladimi?

Respublikamiz tibbiyot tizimida aholiga ko‘rsatilayotgan e’tiborning amaliy ifodasini “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni misolida ham ko‘rish mumkin. Xabaringiz bor, qonun 2013 yil 23 sentyabrdan boshlab rasman kuchga kirdi. Aholining mazkur qonun mazmun-mohiyati va uning ijtimoiy ahamiya¬tini bilishga bo‘lgan qiziqishi ortmoqda.

Albatta, ijtimoiy kasalliklar qatorida OIV/OITS xastaligi tobora avj olib borayotgan global muammolardan biri hisoblanadi. OITS aholining mehnatga qobiliyatli qismini zararlashi, kasallikka chalinganlarni ijti¬moiy himoya qilish majburiyati va unga ketadigan sarf-xarajatlarning kattaligi, shuningdek mamlakatning demografik holatiga ta’sir qilishi barobarida iqtisodiy taraqqiyotga xavf tug‘diradi, milliy taraqqiyot va bar¬qarorlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mazkur Qonun 5 bob va 28-moddadan iborat.

– Qonunda Respublika komissiyasining faoliyati haqidagi norma keltirilgan. Buni tashkil etish va amaliyotga kiritishdan maqsad nima? Ularga yana qanday vazifalar yuklatilgan?

Hasan BAXTIYOROV, o‘qituvchi.

– Qonunning 10-moddasida aynan OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir tadbirlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining vazifalari ko‘rsatilgan. Komissiya OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi Davlat dasturlarini ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi, aholi o‘rtasida profilaktik masalalar bo‘yicha axborot-tushuntirish ishlarini o‘tkazadi, xastalikka qarshi kurashishga doir tadbirlar monitoringini olib boradi, jarayonga baho beradi. Bundan tash-qari, komissiya respublikadagi barcha OITSga qarshi kurashish markazlarining OIV infeksiyasiga tashhis qo‘yish laboratoriyalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish va ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga ko‘maklashadi. Inson sog‘lig‘i uchun xavfsiz bo‘lgan usullarni amaliyotga joriy etish chora-tadbirlarini ko‘radi.

– Agar bemorda OIV infeksiyasi borligi aniqlansa…

– Qonunning 13-moddasiga muvofiq, u bilan keyingi maslahatlashuv o‘tkaziladi hamda u dispanser hisobiga qo‘yiladi, u o‘zgalarga OIV infeksiyasini yuqtirganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida yozma ravishda ogohlantirilishi kerak. Voyaga yetmaganlarda va muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarda OIV aniqlangan taqdirda, tibbiy muassasa xodimlari bu haqda ularning qonuniy vakillarini hamda ular mehnat qilayotgan, o‘qiyotgan muassasa rahbarini xabardor qiladi.

Bunday shaxslarning qon, biologik suyuqliklar donori bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsning iltimosiga ko‘ra, OIV mavjud emasligi to‘g‘risida sertifikat berilishi mumkin. OIV mavjud emasligi to‘g‘risida sertifikat berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, faqat OITSga qarshi kurashish markazlarida to‘lov evaziga amalga oshiriladi.

– Kimlar majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi?

Anvar SALIMOV,

tadbirkor.

Qon, biologik suyuqlik topshiruvchi donorlar, ellik yoshgacha bo‘lgan nikohlanuvchi shaxslar, homilador ayollar, inyeksiya orqali giyohvandlik vositalarini iste’mol etishda gumon qilinayotgan shaxslar, OIVni yuqtirib olgan onalardan tug‘ilgan bolalar, o‘z faoliyatida qon, biologik suyuqlik, odam organlari va to‘qimalari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlari, jinsiy sherigida OIV aniqlangan shaxslar majburiy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘¬liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan kelishuviga ko‘ra, ro‘yxatga kiritilgan ayrim kasblarda ishlovchi xodimlar ishga kirayotganda, dastlabki va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tayotganda majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvga jalb qilinadi.

– OIVni yuqtirib olganlarga qachondan boshlab tibbiy yordam ko‘rsatiladi?

Sardor YASHINOV,

haydovchi.

– OIVni yuqtirib olganlarga OITSga qarshi kurashish markazlarida va davolash-profilaktika muassasalarida yashash joyi bo‘yicha dispanser hisobiga qo‘yilganidan keyingina tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Tibbiy yordam ko‘rsatish jarayoni bu kasalliklar rivojlanishining oldini olish, ularga tashhis qo‘yish hamda davolashni o‘z ichiga oladi. Davolash bepul amalga oshiriladi.

– O‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda OIV infeksiya¬sini yuqtirib olgan tibbiyot xodimlarining ijtimoiy muhofazasi qonunda qanday belgilangan?

Nigora SAYDALIYEVA,

umumiy amaliyot

shifokori.

– Qonunning 18-moddasiga binoan, tibbiyot xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda ularga OIV infeksiyasi yuqtirishi kasb kasalliklari toifasiga kiradi. Ularga tash¬his qo‘yish va davolash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi, shuningdek profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirishni ta’minlovchi tibbiyot xodimlariga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz beriladi.

– Bir tanishimning farzandi 16 yoshda. Ammo u baxtsiz tasodif tufayli OIV infeksiyasini yuqtirib olgan. Unga oylik nafaqa tayinlanishi kerakmi?

Salima HAYDAROVA,

uy bekasi.

– Albatta, Qonunning 20-moddasi “OIVni yuqtirib olganlarni ijtimoiy muhofaza qilish”, deb nomlanadi. Unga muvofiq, OIVni yuqtirib olganlar bepul maxsus davolanadi. O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan OIVni yuqtirib olganlar, kasallik bos¬qichidan qat’i nazar, qonun hujjatlarida belgilangan har oylik ijtimoiy nafaqa va nogiron bolalar uchun belgilanadigan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega. Uning ota-onasi yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslar ishdan vaqtincha ozod qilingan va vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini olgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z bolalari bilan birga davolash-profilaktika muassasasida birga bo‘lish huquqiga ega.

– Mehnat faoliyati yuritayotgan fuqarolarda OIV infeksiyasi aniqlansa, bu tashkilot ular bilan mehnat shart¬nomasini bekor qilishi mumkinmi?

Durdona HALIMOVA,

iqtisodchi.

– Qonunda OIVni yuqtirib olganlarning huquqlari cheklanishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilangan. Ya’ni ularning kasalligini asos qilib, ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga, ularni ishga qabul qilishni rad etishga, (bundan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘¬liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatda nazarda tutilgan ayrim kasbiy faoliyat turlari mustasno), ta’lim muassasalariga, bundan ta’lim muassasalarining qonun hujjatlarida belgilangan ayrim turlari mustasno va tibbiy yordam ko‘rsatuvchi muassasalarga qabul qilishni rad etishga, shuningdek ularning boshqa huquq va qonuniy manfaatlarini cheklashga, shuningdek, ular oila a’zolarining turarjoy huquq¬larini, boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi, deb yozilgan.

Izoh: yangi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 19 avgustda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishining (OIV kasalligining) oldini olish to‘g‘¬risida”gi Qonuni o‘z kuchini yo‘qotgan, deb topildi.

7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘¬liqni saqlash vazirligi:

OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davolash-profilaktika muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularning o‘zaro aloqalarini ta’minlaydi;

OIV infeksiyasi tarqalishi ustidan epidemiologik nazoratni amalga oshiradi;

OIVni yuqtirib olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibini belgilaydi;

davolash-profilaktika muassasalari faoliyatiga OIV infeksiyasi profilaktikasiga doir zamonaviy chora-tadbirlar, OIVni yuqtirib olganlarga tashhis qo‘yish, ularni davolash hamda parvarishlash usullari joriy etilishini ta’minlaydi;

OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatni hamda OIV infeksiyasiga tashhis qo‘yish va uni davolash borasida qo‘llanilayotgan usullar samaradorligini baholashga doir tadqiqotlarni tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika OITSga qarshi kurashish markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘¬liqni saqlash vazirligining OITSga qarshi kurashish markazi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining OITSga qar¬shi kurashish markazlari, shuningdek tumanlararo OIV infeksiyasiga tashhis qo‘yish laboratoriyalari zamonaviy davolash-tashhis qo‘yish asbob-uskunalari bilan jihozlanishini ta’minlaydi;

OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda qatnashadigan tibbiyot xodimlarini va boshqa xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlashni hamda ularning malakasi oshirilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Namoz TOLIPOV tayyorladi.

Manba: uzssgzt.uz

1 ta savol

  1. Bu kasallikka chalinganlarni atrofdagilardan sir tutish, oshkor qilmaslik kafolatlari bormi?

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*