Oftob urishi hayot uchun xavfli

Yoz o‘zining betakror tarovati bilan insonga xush yoqadi. Bu faslda ko‘pchilik tabiat qo‘ynida, orombaxsh suv havzalari bo‘yida yoqimli hordiq chiqarishni istaydi. Ammo shunday maroqli damlarda quyosh nurlari ostida uzoq vaqt bo‘lish turli noxush holatlarni keltirib chiqaradi. Jumladan, insonning terisi kuyishi yoki oftob urishi mumkin. Bu esa sog‘ligimiz uchun juda xavfli sanaladi.

Mutaxassislar fikri

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra quyosh nuri ko‘rinuvchi – kunduzgi nurlar, ko‘rinmaydigan – infraqizil va ultrabinafsha nurlar kabi bir necha qismdan iboratdir. Olimlar ultrabinafsha nurlarining bir necha qismlarga bo‘linishini isbotlashdi. Ayniqsa, uning A va B turining meyoridan ortig‘i kishi organizmida salbiy oqibatlarga olib keladi.

Yoz mavsumida oftob urishi – quyosh issiqligining boshga ta’siri natijasida bosh miya faoliyatining buzilishi bilan bog‘liq patologik holat sanaladi. Bunday hol tananing ortiqcha miqdordagi issiqlikni boshqara olmasligi va o‘zini yetarli darajada sovuta olmasligi oqibatida kelib chiqadi. Natijada organizmda ter ishlab chiqarish tizimining buzilishidan tashqari qon aylanish faoliyati izdan chiqadi. Tomirlar kengayib ketadi. Natijada butun tanada qon aylanishi sekinlashadi. Bu esa bosh miya faoliyatida salbiy o‘zgarishlarga olib keladi.

Oftob urishi belgilari

Oftob urishi natijasida bemorda bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, lanjlik kuzatiladi. Havoda namlik yuqori bo‘lsa, bu belgilar yanada kuchayishi mumkin. Oftob urishining yengil, o‘rta va og‘ir darajalari mavjud.

Uning yengil darajasida lanjlik, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, yurak urishi va nafas olishning tezlashishi, ko‘z qorachig‘ining kengayishi kuzatilsa, o‘rtacha darajasida harakatlarning keskin sustlashishigacha boradigan holsizlik, ko‘ngil aynishi va qusish bilan kechuvchi kuchli bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, quloqning bitib qolishi, chayqalib yurish, vaqti-vaqti bilan hushdan ketish, tomir urishi va nafas olishning tezlashishi, burundan qon ketishi, tana haroratining 39-400C gacha ko‘tarilishi kuzatiladi.

Og‘ir darajadagi oftob urishi esa bexosdan boshlanadi. Unda kishining yuzlari avval qizarib, keyin oq va ko‘kimtir tusga kiradi, mushaklar tortishadi. Bemorda bosinqirashga o‘xshash holat kuzatilib, uning ko‘ziga har xil narsalar ko‘rinadi. Tana harorati 41-420 C gacha ko‘tariladi. Oqibatda og‘ir behushlik holati rivojlanib, peshob va axlatning beixtiyor ajralishi kuzatiladi. Shunisi ayanchliki, og‘ir darajadagi oftob urishi 20-30 foiz holatlarda o‘lim bilan yakunlanadi.

Oftob urish xavfi quyosh nurlarining boshga bevosita ta’sir etishida, atrof-muhitdagi ortiqcha namlik kuzatilganda, sog‘liqdagi ayrim muammolar (semizlik, qon bosimining yuqoriligi, yurakdagi tug‘ma nuqsonlar sababli ham yuzaga keladi. Endokrin tizimdagi buzilishlar, bir yoshgacha bo‘lgan (ayniqsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar) va qarilik davrida, (go‘daklar organizmining tabiiy issiqlikni tartibga solishi tizimi hali yetarlicha rivojlanmagan, qariyalarda esa bu tizim faoliyati sustlashgan) surunkali chekishda, alkogoldan zaharlanishda, asabiy zo‘riqish va stress(ruhiy zo‘riqish)da kuchayib ketishi mumkin.

O‘zingizni asrang!

Aholi o‘rtasida oftob urishdan saqlanish uchun mutaxassislar boshni yengil, oq rangdagi tabiiy tolali bosh kiyim bilan, ko‘zlarni esa quyoshdan saqlovchi ko‘zoynak yordamida muhofaza qilishni tavsiya etishadi. Shuningdek, quyosh tig‘ida, cho‘milish joylarida, ayniqsa, quyosh faol davri hisoblanmish – soat 12. 00 dan 16. 00gacha bo‘lgan davrda uzoq vaqt qolishdan saqlanish lozimligini uqtirishadi. Quyoshda toblanishning davomiyligi 15-20 daqiqani tashkil qilishi, agar uzaytirish lozim bo‘lsa, buni asta-sekinlik bilan amalga oshirilishi kerakligini, biroq, uning davomiyligi ikki soatdan oshmasligi va orada tanaffuslar bo‘lishi zarurligini ta’kidlashadi.

Mutaxassislarning fikricha quyoshda toblanish muolajasi uchun eng maqbul muddat ertalabki va kechki vaqtdir. Bu muolajani ovqatlangandan so‘ng kamida bir soatdan keyin amalga oshirish lozim. Bu jarayon cho‘milish bilan almashtirib turilsa yana ham yaxshi bo‘ladi. Quyoshda toblanishni yotgan holatda emas, balki harakatlanish jarayonida amalga oshirish lozim. Issiq paytda ko‘p ovqat iste’mol qilmaslikka harakat qilish, ko‘proq sut-qatiq mahsulotlari va sabzavotlarni iste’mol qilish yaxshi naf beradi.

Yozning issiq kunlarida organizmda suv miqdorini ushlab turishga harakat qilish darkor (kuniga 3 litr atrofida gazsiz mineral sovuq suv, maxsus tuzli eritmalar iching). Kun tig‘iz paytida vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastro‘mol bilan artib turish uni issiqlanishdan asraydi. Issiq sharoitda ishlaganda vaqti-vaqti bilan imkon darajasida salqin joyda dam olish, ish joylarida sovutgichlar o‘rnatish yozning jazirama kunlarini bir muncha yengil o‘tishini ta’minlaydi.

Bundan tashqari oftobdan saqlanish uchun turli tabiiy va sintetik krem va kosmetik vositalar mavjud bo‘lib, ular A va  B ultrabinafsha nurlaridan himoya qilishiga qarab farqlanadi. Bu vositalar fotoprotektorlar deb ataladi.

Fotoprotektorlar ta’sir mexanizmiga qarab kimyoviy (filtrlar) va mineral (ekran) turlariga bo‘linadi. Nurlardan himoyalanish darajasi – oftobdan saqlanish omili, ya’ni SPF bilan o‘lchanadi. Bizning iqlim sharoitimizda albatta SPF 50 dan past bo‘lmagan oftobdan saqlanuvchi vositalarni ishlatish maqsadga muvofiqdir. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bunday vositalarni xarid qilishda albatta ana shu jihatlarga e’tibor bering.

Haddan ziyod quyoshda yurish teri saratoniga uchrash ehtimolini oshiradi. Bunday paytda ultrabinafsha nurlardan himoyalanish kerak bo‘ladi. Biroq, bu nurlarning zarari teriga nisbatan ko‘zlarimizga tezroq ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Ultrabinafsha nurlarining davomiy ta’siri kataraktaning kelib chiqishiga, u esa o‘z navbatida ko‘z nurlarini butunlay yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Teri saratoni yuzaga kelishi uchun ancha vaqt talab etilsa, ko‘zlarga zarar yetkazishda ultrabinafsha nurlarining oz miqdori ham yetarli hisoblanadi. Shuning uchun ko‘zlarimizni quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak bilan asrab-avaylash lozim. Quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak xarid qilishdan avval, uning ultrabinafsha nurlaridan himoya qilish qilmasligini aniqlang. UV-filtr (ultrabinafsha nurlariga qarshi) bo‘lmagan ko‘zoynak yohud linzalar ko‘zlarimizga zarar yetkazishi mumkin. Bu ayniqsa, to‘q rangdagi linzalarga tegishli. Chunki, ular yorug‘lik nurini to‘xtatadi, qorachiqni kengaytiradi va bu bilan ultrabinafsha nurining zararli ta’siriga keng imkoniyat yaratadi.

Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish

Ushbu xastalikning birinchi belgilari namoyon bo‘lgan zahoti jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish lozim. Shu bilan birga ko‘rsatilayotgan yordam birlamchi yordamnigina o‘z ichiga olishini hisobga olib, zudlik bilan “Tez yordam” xizmatiga murojaat qilish kerak.

Oftob urgan kishini soya-salqin, bahavo, odamlar ko‘p to‘planmagan, namlik darajasi yuqori bo‘lmagan joyga olish lozim. Bemorni gorizontal holda yotqizib, oyoqlarini bir oz ko‘tarib qo‘yish, toza havo bilan ta’minlash uchun uni yelpish kerak. Bo‘yin va ko‘krak qafasini siqib turgan kiyimlardan xalos qilish darkor. Bemorga ko‘p miqdorda yaxna ichimlik – bir oz miqdorda tuz va shakar qo‘shilgan mineral suv yoki qatiq ichirish tavsiya etiladi. Oftob urgan kishiga qatiqni bir necha kun davomida ichirish maqsadga muvofiq. Chunki, qatiq organizmni tiklovchi va sovutuvchi tabiiy ichimliklardan biri hisoblanadi. Issiqlab qolgan bemorning yuzini sovuq suv bilan yuvish, biror matoni ho‘llab, uning ko‘krak qafasiga bosish zarur, yana ho‘llangan mato bilan bemorning butun tanasini o‘rash yoki 18-200 C suvda cho‘miltirish ham yaxshi samara beradi.

Shifokorlar oftob urgan kishilarga bir necha kun shifoxona sharoitida yotishni tavsiya qilishadi. Chunki, xasta odamning asab, qon aylanish va organizmdagi boshqa bir qator biokimyoviy reaksiyalarning tiklanishi uchun bir necha kun kerak bo‘ladi.

Muhiddin TINIBЕKOV, Zahro ILYASOVA,
Fuqaro muhofazasi instituti o‘qituvchilari.
Ma’rifat TOLIPOVA, jurnalist

«Sog‘lom avlod» gazetasi.
Soglom.uz nashri.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*